Munosib kelin (birinchi maqola)
Oila qurish niyatidagi erkak taraf o‘zi uchun nikohi harom va sovchilik qilib bo‘lmaydigan shaxslarni ajratib olganidan keyin eng avval munosib kelin axtarishga kirishadi. Kuyov tarafdan qizga sovchi qo‘yiladi. O‘sha paytda kuyov, uning ishboshilari va sovchilari kelinlikka nomzodning qanday taraflariga e'tibor berishlari kerak? Bu savolga javob axtarib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflariga murojaat qilamiz. Zotan, U zot sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bir qancha hadisi shariflarida munosib kelin qanday bo‘lishini bayon qilib berganlar. Mazkur hadisi shariflarda kelinlikka nomzodning quyidagi sifatlariga alohida e'tibor berish tavsiya qilingan:
- Dindorlik.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: تُنْكَحُ الْمَرْأَةُ لِأَرْبَعٍ: لِمَالِهَا، وَلِحَسَبِهَا، وَلِجَمَالِهَا، وَلِدِينِهَا فَاظْفَرْ بِذَاتِ الدِّينِ تَرِبَتْ يَدَاكَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ayol to‘rt (narsasi) uchun nikohlanadi: moli uchun, hasabi uchun, jamoli uchun va dini uchun. Bas, dindorini tanla, qo‘ling tuproqqa qorilgur», dedilar» Beshovlari rivoyat qilganlar.
Uylanishdan oldin kelinlikka nomzodning qiziqtiradigan sifatlariga qaraladi. Ushbu hadisi sharifda o‘sha – nikohiga rag‘bat qilinadigan nomzodda bo‘lishi lozim bo‘lgan yaxshi sifatlardan to‘rtta eng mashhuri haqida so‘z ketmoqda.
Agar ushbu to‘rt sifat – mol ham, jamol ham, hasabu nasab ham, dinu diyonatga qo‘shilib, bir qizning ziynati bo‘lib tursa, albatta, yaxshi. Ammo mazkur to‘rt sifat bir-biri bilan solishtirilganda, ular orasida dindorlikka teng keladigani yo‘q. Balki qolganlariga yana boshqa bir qancha yaxshi sifatlar qo‘shilsa ham dindorlik sifatiga yeta olmaydi.
Chunki moldorlik vaqtinchalik sifatdir. Bir lahzada molu mulkdan ajrab qolganlar qancha. Agar kelinning moliga qiziqib, unga uylanilsa va uning moli baqosizlik qilib, uni tark etsa, mazkur kelinga qiziqish qolmaydi. Qolaversa, mol-mulkining ko‘pligi kelinning hovliqishiga, kuyovni va uning yaqinlarini mensimasligiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Dindorlik bo‘lmagan holatda boylik ko‘pincha noqulay ishlarga sabab bo‘lishi turgan gap.
Hasabu nasabi yaxshi kelin, albatta, yaxshi kelin bo‘ladi. Lekin faqat hasabu nasabiga ishonish ham yaxshilikka olib kelmaydi. Ota‑ona, bobo-momolari yaxshi odamlar bo‘lsa, juda ham yaxshi, lekin ular o‘z uylarida qoladilar, kuyovnikiga kelinning o‘zi keladi. Agar kelin dindor bo‘lmasa, hasabu nasabi bilan faxrlanib, kuyovni va uning yaqinlarini xijolat qilishi mumkin.
Jamol ham o‘z holicha yaxshi narsa. Lekin bu ham o‘tkinchidir. Ma'lum muddatdan keyin har qanday insonning jamoli o‘zgarishi turgan gap. Buning ustiga faqat jamolga suyanib ish qilish ham yaxshilikka olib bormaydi. Agar kelin o‘zining jamoli uchun qiziqilayotganini bilsa, bu omilni kuyovni o‘ziga mubtalo qilib, uning ustidan hukmronlik qilishga ishlatishi hech gap emas.
Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dindor kelinni ixtiyor qilishga buyurmoqdalar. Dindorlik haqiqiy va bardavom go‘zal sifatdir. Buning ustiga dindorlik sifati vaqt o‘tishi bilan ziyoda bo‘ladigan nodir sifatlardan biridir. Kelin dindor bo‘lsa, kuyovni va uning yaqinlarini hurmat qiladi, oilaning haqiqiy ustuni va porlab turgan chirog‘i bo‘ladi. Undan dunyoga kelgan, uning tarbiyasini olgan farzandlar ham ajoyib insonlar bo‘lib yetishadilar, inshaalloh.
Dindor kelin shariat ko‘rsatmasi bo‘yicha oiladagi o‘z burch va mas'uliyatlarini to‘liq ado etib yashaydi.
Dindorlik haqiqiy boylikdir!
Dindorlik haqiqiy hasab va nasabdir!
Dindorlik haqiqiy go‘zallikdir!
Shuning uchun ham qizlarimizni dindor qilib tarbiyalashga urinishimiz kerak. Shuning uchun kelin tanlaganimizda dindor kelin tanlashimiz lozim. (Davomi bor).
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh
Ma'lumot "Baxtiyor oila" kitobidandan olindi
Kiritilgan vaqti: 06/10/2020 14:14; Ko‘rilganligi: 2510
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:54