O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mumtoz tasavvuf va zamonaviy tariqatchilik (7-davomi)

 
 

Movarounnahr tasavvufi musulmon mamalakatlari ijtimoiy-ma'naviy hayotiga chuqur kirib borgan, fan, madaniyat, va adabiyot rivojiga katta ijobiy ta'sir ko‘rsatganini mutaxassislar ham qayd etganlar. Tasavvufiy qarashlarning yaxlit ta'limotiga aylanib, islom o‘lkalariga keng yoyilishi va kishilar hayotida muhim voqelikka aylanishida movarounnahrlik Hakim Termiziy, Abu Bakr Kalobodiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Muhammad Porso, Ya'qub Charxiy, So‘fi Ollohyor va boshqa tasavvuf olimlarining arab, fors va turkiy tillarda bitgan asarlari islom olamida hozirga qadar e'zozlanadi. Shuni alohida qayd etish zarurki, o‘rta asrlarda eng keng tarqalgan uch til – arab, fors, va turkiyda asarlar bita olish malakasi asosan Movarounnahr ulamolarida shakillangan.  Zero, mintaqa aholisining talab va ehtiyoji ham aynan shuni taqozo qilgan edi.

Allomalarimiz merosida farzandni jismonan baquvvat, aqlan zakovatli, odob-axloqli qilib tarbiyalashning yo‘llari ilmiy asoslar, hayotiy tajriba, muayyan qarashlar tizimida chuqur tahlil qilingan. Mana shu kabi xususiyatlar bilan bir qatorda farzand tarbiyasida bag‘rikenglik, diniylik va dunyoviylik masalalarida muvozanat hissini shakillantirish masalasiga ham alohida urg‘u berilgan. Markaziy Osiyo tasavvufi va tariqatchilik o‘rtasidagi nomutanosiblik aynan o‘sha ulkan ilmiy me'ros va an'anaviylikdan uzoqlashishning natijasidir. Mumtoz tasavvufga xos go‘zal axloq, yuksak ma'naviy fazilatlarni shakillantirish, komil inson, nafs tarbiyasi, vatanparvarlik kabi g‘oyalar xalqimining asrlar davomida takomiliga yetib borgan ma'naviy boyligini tashkil etadi. Hozirgi sharoitda ham tasavvufning ana shunday xususiyatlarini ko‘rsatib berish kishilarni turli asossiz g‘oyalar va maslaklarga adashib kirib qolishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. (davomi bor) 

 “Islom ma'rifati va hozirgi zamon” kitobi asosida Z.Eshonqulov tayyorladi

 


Kiritilgan vaqti: 22/06/2020 09:50;   Ko‘rilganligi: 1733
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/mumtoz-tasavvuf-va-zamonaviy-tariqatchilik-7-davomi
Chop etilgan vaqti: 21/05/2024 20:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing