Mumtoz tasavvuf va zamonaviy tariqatchilik (6-davomi)
Shuni alohida ta'kidlash lozimki ayrim tarriqatchilar xalqona tabobat usullari orqali davolash, turli o‘t damlamalar tayyorlab sotish, sufiy tabobati, sufiy gimnastikasi, sufiy jang san'ati kabi markazlarni ochib, shu orqali odamlarning e'tiborini jalb qilish usullaridan ham foydalanishmoqda.
Bunday tariqatchilar islom asoslarini buzib talqin qilish, turli boshqa dinlarning ta'limtolarini va amaliyotlarini tasavvufga oid, deb targ‘ib etish, islom diniga aloqasi bo‘lmagan turli buddaviylik g‘oyalarning musulmonlar orasida tarqalishiga, ularning e'tiqodlari buzilishi, sog‘lom aqidaga putur yetishiga sabab bo‘lmoqdalar. O‘zlarining noqonuniy faoliyatlarini xalq tabobati bilan xaspo‘shlashga urinmoqdalar.
Tariqatchilar orasida uchrab turadigan o‘z guruh a'zolarini pirga qo‘l bermagan boshqa oddiy musulmonlardan ustun qo‘yish, “piri yo‘qning – dini yo‘q” qabilidagi gaplarni gapirib, o‘zlaricha ibodat deb bilayotgan marosimbozliklar tufayli kibrga berilib ketishlarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Tasavvuf odamlarini turli tabaqalarga bo‘lish, birovni boshqasidan ustun qo‘yish, odob-axloqni qo‘yib marosimbozlikka berilish, kimningdir xizmatiga zo‘r berib o‘z tashvishlarini hal etishdan chetlashib ketish, o‘ziga o‘xshash bir insonni bandaga xos bo‘lmagan sifatlar bilan ulug‘lab, uni muqaddaslashtirib olishga chaqirmagan.
Tasavvuf kishilar orasida tenglik, birodarlik, ijtimoiy birodarlik, jamiyatga manfaatli mehnat faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lishni targ‘ib etgan. Bahouddin Naqshbandning “dil ba Yoru dast ba kor” shiori buning yorqin isbotidir. (davomi bor)
“Islom ma'rifati va hozirgi zamon” kitobi asosida Z.Eshonqulov tayyorladi
Kiritilgan vaqti: 13/06/2020 11:35; Ko‘rilganligi: 1094
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 15:29