O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mumtoz tasavvuf va zamonaviy tariqatchilik (4-davomi)

 
 

Bizdagi hozirgi ko‘pchilik tariqatchilik vakillarida kuzatilayotgan noo‘rin holatlarni quyidagicha umumlashtirish mumkin:

  • tarkiduyonichilik;
  • pirlarni haddan ziyod ulug‘lash;
  • ibodat marosimlarida ixtilofli masalalarga berilib ketish;
  • e'tiborni jalb qiladigan kiyimda yurish;
  • yosh, mehnatga layoqatli yigitlarning pirlar etagidan tutib ijtimoiy sustlashib ketishi, oilalarini tark etib, ertayu kech pir xizmatida- aslida esa xodoyi va ehsonlarga qatnab bekor yurishlari va h.k.

Tasavvuf deganda, oila, tirikchilik, mas'uliyatni unutib, tarkidunyo qilish tushunilmaydi. Payg‘ambarimiz (alayhis-salom): “Sizlarning yaxshilaringiz dunyo ishini deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni tark qilmaydigan va odamlarga malolligini tushirmaydiganlaringizdir” degan hadislaridan ham shuni anglash mumkinki, musulmon odam boshqalarga nafi tegadigan bo‘lishi kerak.

Ba'zi kishilar tariqatga kirganlarini pesh qilib, tashqi qiyofa va marosimlarga katta ahamiyat beradilar, ammo oilalari, farzandlari oldidagi majburiyatlarini unutib qo‘yadilar. Ular oilasini o‘zlaricha “Allohga tavakkal qilib” majburiy ta'minotini tark etib, pir xizmatini oila oldidagi vojib mas'uliyatdan ustun qo‘ymoqdalar. Shu yo‘l bilan, tasavvufning asl mohiyatini anglamagan va haqiqatidan bexabar johillik otiga minganlar tariqat ahliga ham, tasavvuf nomiga ham dog‘ tushirmoqdalar. Tariqatchilar faoliyati tufayli ijtimoiy nizolarga sabab bo‘layotgan holatlar haqida fikr yuritar ekanmiz, quyidagi holatlarni ham nazardan chetda qoldirmaslik kerak bo‘ladi. Ba'zi tariqatchilar orasida;

  • tariqatda bo‘lmaganlarga past nazar bilan qarash kuzatiladi;
  • ilm olishga bo‘lgan rag‘batning susayishi-go‘yoki “ko‘pgina avliyolar o‘qimasalar ham katta maqomlarga yetishganlar” qabilida ish tutish;
  • oilali tariqatchilar oilalarining ta'minoti “Allohga tavakkal” qilib, pirdan vazifa olganlik bahonasida oila moddiy ta'minotidan bosh tortish holatlari;
  • zamonaviy taraqqiyotga salbiy munosabatda bo‘lish, zamonaviy kiyim kiyib yurganlarga nisbatan yaxshi fikrda bo‘lmaslik kabilarni ko‘rish mumkin. (Davomi bor)

     “Islom ma'rifati va hozirgi zamon” kitob asosida Z.Eshonqulov tayyorladi


Kiritilgan vaqti: 10/06/2020 11:18;   Ko‘rilganligi: 1006
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/mumtoz-tasavvuf-va-zamonaviy-tariqatchilik-4-davomi
Chop etilgan vaqti: 30/04/2024 20:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing