O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mulla Ali Qorining hayoti va ijodi

 
 

Mulla Ali Qorining hayoti va ijodi

Allomaning to‘liq ismi Nuriddin Abul Hasan Ali ibn Sulton ibn Muhammad  Qori Haraviy Makkiy Hanafiy bo‘lib, “Mulla Ali Qori” nomi bilan mashhur[1].

Mulla Ali Qorining Hirotda tug‘ilganligi to‘g‘risida hech qanday ixtilof bo‘lmasada, tug‘ilgan sanasi haqida aniq ma'lumot yo‘q. Chunki, o‘sha davrlarda chaqaloq tug‘ilganda uning tug‘ilgan sanasiga e'tibor bo‘lmagani sababli insonlar buni belgilab qo‘yishga ahamiyat bermas edilar.[2]

Ammo, milodiy 1606, hijriy 1014 yilda Makka shahrida vafot etganligi to‘g‘risida esa barcha tarixchilar bir xil fikr bildirganlar. Ayrim manbalarda otasining ismi haqida to‘xtalib, uni faqat Sulton ekanligi ham ta'kidlab o‘tilgan.

Mulla Ali Qori tug‘ilib o‘sgan yurt – Hirotda dastlab Qur'oni karim ilmini o‘rgandi. So‘ng uni yod oldi, tajvid ilmini o‘rgandi va ustozi – o‘z davrining yetuk olimlaridan bo‘lgan Muinuddin ibn Hofiz Zayniddin Haraviydan dars oldi. U asosiy ilmini Hirotdagi o‘sha davrning eng mashhur shayxlaridan o‘rgandi. Ilm o‘rganishining ilk davridayoq ko‘pgina katta kitoblarni o‘qib o‘rganib puxta o‘zlashtirib oldi[3]. Hirot shahri Temuriylar hukmronligi davrida davlat poytaxti, ma'naviyat va madaniyat o‘chog‘i hisoblanar edi.

Mulla Ali Qori tug‘ilgan vaqtlar esa, Hirotda ilm-fan gullab-yashnashining orqaga ketayotgan va ma'naviy muhit inqirozga yuz tutib borayotgan bir davr edi.

 Safaviylarning birinchi podshohi Ismoil ibn Haydar Safaviy Hirotga kelganda musulmonlarni zulm bilan qatl qila boshladi. Shu sababli Hirotdan ko‘plab ulamolar o‘z yurtlarini tashlab chiqib keta boshladi. Shular qatori Safaviylar zulm-istibdodi kuchaygan bir davrda Mulla Ali Qori ham o‘z yurtini tark etib, Makkai mukarramaga jo‘nadi. U safar davomida ko‘plab shaharlarda bo‘lib, u yerlardagi ilmiy davralarda qatnashadi, ulamolar bilan suhbat qurib, ularning ilmidan bahramand bo‘ldi. Tarixchilar uning Makkaga jo‘nagan sanasi aniq fikr bildirmagan. Ammo, hijriy 952 yilda Makkaga kirib borganini aytganlar.

Mulla Ali Qori Makkai mukarrama shahriga kirib istiqomat qila boshladi. Shu kundan boshlab uning o‘z ilmiy faoliyatini olib borishi uchun tinch va osuda hayot boshlandi. Mashoyix va ulamolarning dars halqalarida ishtirok etdi. Shu asrning ko‘pgina ulamolarining ilmlaridan bahramand bo‘ldi va ilm olish yo‘lida yuksalib bordi.

Mulla Ali Qori Hanafiy mazhabiga mansub bo‘lgani uchun ham, mazhab himoyasi yo‘lida inkorchilarga qarshi, Abu Hanifa rahmatullohi alayh sha'nini himoya qilib raddiyalar yozdi. Chunonchi, u “an-Niqoya muxtasarul-viqoya” nomli fiqhga oid hanafiy mazhabidagi “Muxtasarul viqoya” kitobiga yozgan sharhida barcha ahkomlarni oyat va hadis bilan isbotlab bergan.

Allomaning “Qori” deb nomlanishiga sabab, uning qiroat ilmida mohir va peshqadam, bu ilmning yetuk bilimdoni, mustahkam va puxta egallaganidan dalolat berib, Islom olamida ham Mulla Ali Qori nomi bilan shuhrat topgan[4]. Bu borada o‘zining yozgan asarlari va sharhlarida bayon qilib berilgan.

Muhammad al-Muhibbiy “Xulosatul-asar fi a'yonul-qorn al-hadiy 'ashar” nomli kitobida: Mulla Ali Qori fozil ilm peshvolaridan, o‘z asrining benazir olimi, iboralarni tuzatish va tadqiq etishda o‘ta mohir, imom, faqih, muhaddis, usul va nahv bilimdoni, mufassir, mutakkalim, mutasavvuf, tarixchi va adabiyotshunos olim bo‘lgan. Uning shuhrati va dong‘i butun islom dunyosiga taralgan bo‘lib, unda aqliy va naqliy bilimlar mujassam edi. Sunnati nabaviyaga kelsak, u bu borada yetuk mutaxasis bo‘lgan”, deb keltiradi[5].

Mulla Ali Qori o‘z qo‘l mehnati bilan topgan narsasi bilan rizqlanardi. Uning har yili chiroyli xat[6] bilan bir nusxa mus'hafi sharif yozib sotishi va topgan daromadining bir yil davomida yetib turishini yuqorida zikr qilib o‘tildi. Ali Qorining tarjimai holini yozgan ba'zi ulamolar bir yilda ikkita mus'haf ko‘chirishini, ikkisini sotib, birining pulini Harami sharif faqirlariga sadaqa qilishini va ikkinchisining pulini esa, o‘z ehtiyoji uchun ishlatishini aytganlar. Bundan tashqari, yozgan mus'haflarining atrofiga tafsir ham yozgan. Bu tafsir hozirda Turkiyada saqlanadi.

Shayx Muhammad  Abd al-Halim an-Numoniy alloma Ali Qori haqida shunday degan:

“Ali Qori kutoblarini sotib topgan mablag‘iga qanoat qilib yashardi. Shu qanoati tufayli u taqdirga rizolik, topganiga kifoya qilish darajasiga yetdi. Odamlarga kam aralashardi. Taqvosi va ibodati kuchli edi...”.

Mulla Ali Qori Makkai mukarramada hijriy 1014 yil, Shavvol oyida (milodiy 1606 yil, mart oyida) vafot etdi. Makkai mukarramaning mashhur al-Mu'allo qabristoniga dafn qilindi[7].

Allomaning vafoti haqidagi xabar Misrga yetib borganida, Misr ulamolari al-Azhar universitetida u kishining ilm va dinda peshvoligini taqdirlab, ko‘pchilik bo‘lib g‘oyibdan janoza namozini o‘qidilar. Namozda qatnashganlar soni esa to‘rt mingdan ortiq kishidan iborat edi. Bu esa, Islom olamida allomaning shuhrati balandligidan yana bir darak beradi [8].

 


Boboxon Boboxonov,

TII Modul ta'lim shakli talabasi,

Samarqand shahar Xo‘ja Nisbatdor

jome masjidi imom-xatibi

 

 

[1] Ali Qori. Mirqotul mafotih sharh Mishkotil masobih. – Bayrut: Dorul-fikr, 2001. J. 1. – B. 16.

[2] –O‘sha asar, – B. 17.

[3] Abdulmalik al-Asomiy ash-Shofe'iy.Sumtun-nujum al-avali vat-tavali. Al-maktabatush-shomila, J. 4. – B. 393.

[4]Muhammad al-Muhibbiy. Xulosatul-asar fi a'yonul-qorn al-hadiy ashar. O‘zFASHI, toshbosma, inv. № 8130. – B. 185.

[5] –O‘sha asar, – B. 20.

[6] Mulla Ali Qori suls va nasx turlarida juda mohir xattot ham bo‘lgan.

[7] Abdulmalik al-Asomiy ash-Shofe'iy. Sumtun-nujum al-avali vat-tavali. Al-maktabatush-shomila, J. 4. – B. 394.

[8] Ash Shavkoniy. Al-Badrut-Tole'. – Qohira: Dorul-kutub al-islomiy, 1909. – B. 90.


Kiritilgan vaqti: 03/03/2023 15:18;   Ko‘rilganligi: 733
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/mulla-ali-qorining-hayoti-va-ijodi
Chop etilgan vaqti: 29/04/2024 09:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing