O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mo‘minning hayotida mazhabning o‘rni

 
 

Bugungi kunda Islom dinining asl mohiyatiga ko‘ra hayot kechirayotgan musulmonlar  orasida ixtilof va nizolarga sabab bo‘layotgan  “bemazhablik” tushunchasi bilan tanishib chiqaylik.  Avvalo “Mazhab”  so‘ziga aniqlik kiritib olsak. “Mazhab” so‘zi arab tilida “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar'iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma'nolarini bildiradi.  Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlik paytlarida shariatga bog‘liq barcha masalalarning yechimini U Zotning o‘zlari bayon qilar edilar. Payg‘ambarimiz alayhissalomning vafotlaridan keyin odamlar bilmagan narsalarini asosan sahobalardan so‘rar edilar. Gohida uchrab turadigan qiyin masalalarni yechish uchun esa eng bilimdon sahobalar yig‘ilib maslahat qilishar va fatvo berishardi.

Imom ibn Ahmad ash-Sha'roniy o‘zining “Al-Miyzan ash-sha'roniya” asarida mazhablar haqida quyidagi fikrlarni zikr qilgan. “Aslida sahoba va tobeinlar davrida mazhablarning soni o‘n sakkizta bo‘lgan. Ularning barchasi o‘z vaqtida amalda bo‘lgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofe'iy va hanbaliy mazhablari ajralib chiqdi. Mazkur to‘rt mazhabning saqlanib qolishining asosiy omili bu mazhablarning ta'limotlari boshqa mazhablardan kuchliroq bo‘lgani uchun emas, balki to‘rt mazhab boshqa o‘n to‘rt mazhab ta'limotini ham qamrab olganidir”. Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan.

Mazhabsizlik – islom dinida shar'iy masalalarda ummat  tan olgan to‘rt fiqhiy mazhablarga ergashishni rad etish.  XX asr so‘ngida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldiki, u ham bo‘lsa mazhabcizlikka chaqiruvchilar toifasidir. Harakat tarafdorlarining da'vosicha, Islomda unga e'tiqod qiluvchi shaxs uchun sunniylikdagi to‘rt mazhablarning biriga ergashish shart qilinmagan.  Ularning fikricha, agar musulmon shaxs, biror shar'iy masalada ulardan birining yo‘lini tutsa, u ko‘r-ko‘rona taqlid qilgani uchun xatokor mutaassib va dinidan ajralgan firqa va guruhlardagi shaxslar kabi adashadi. Mazhabsizlarning eng kulgili holati shuki, ahli sunna va jamoadagi to‘rt mazhab sohiblaridan birining yo‘liga yurib, gapini olish “bid'at”-u, kimligi noma'lum  “shayx”larining asossiz “fatvo”lariga ergashish “haqiqat” emish. Aslida, mana shu kabi asossiz “fatvo”lar musulmonlarning birdamligiga rahna solayotgan buzg‘unchi guruhlarning foydasiga xizmat qilmoqda. Vaholangki, Alloh taolo Anbiyo surasining 7-oyatida “Agar bilmasangiz zikr ahlidan so‘rang” deb marhamat qilgan. Mazkur oyatning mazmunidan kelib chiqib, ulamolar quyidagi fikrga ijmo'  qilganlar: “Ushbu oyat hukm va uning dalilini bilmaganlar bilganlarga ergashishlariga buyruqdir”. Usul ilmi ulamolari avom inson mujtahid olimga ergashishi vojib ekaniga mazkur oyatni asos qilib olganlar. Shuningdek,  to‘rt mazhab imomlari “Zikr ahli”dan ekanliklariga butun ummat olimlari ittifoq qilishgan. Mazhabdan yuz o‘girish salafi solih yo‘lidan yuz o‘girish bo‘lib, shubhasiz adashishga olib boradi. Zero, Islom olami tan olgan Imom Tahoviy, Imom ibn Surayj, Imom Quduriy, Imom Saraxsiy, Imom Juvayniy, Imom G‘azzoliy, Imom Navaviy, Burhoniddin Marg‘iloniy va ko‘plab mujtahid ulamolar yuqoridagi to‘rt mazhabdan biriga ergashganlar.

Mazhabsizlikni yoyilishi Islom diniga, xususan, musulmonlar birligiga ulkan tahdid tug‘diradigan omil ekaniga shubha yo‘q. Mazhabsizlar o‘zlarini biror-bir mazhabga amal qilmasliklarini da'vo qiladilaru, aslida namoz va boshqa ibodatlarda to‘rt mazhab imomlaridan biriga ergashadilar. Bundan boshqa ilojlari ham yo‘q. Negaki, ijtihod qilishga har kim ham qodir bo‘lolmaydi. Chunki bu ishni qilish uchun shar'iy dalillardan hukmlarni chiqarib olishga yetarli darajada ilmiy va aqliy quvvat lozim. Buning dalili o‘laroq, o‘zlarini “mazhabsiz” deb nomlagan Hindiston salafiylarining yetuk olimi Siddiq Hasanxon: “25 yillik hayot tajribamdan kelib chiqib aytamanki, omma xalq mazhabga amal qilmasa oxir oqibat dindan chiqar ekan” degan. Shayx Ramazon Butiy rahmatullohi alayh ham “Mazhabsizlik dinsizlikka ko‘prikdir” deganlar.

Demak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammalligi, jamiyatning tinchligi uchun dunyo musulmonlari to‘rt mazhabdan biriga ergashishlari juda muhimdir!

Mansur domla Azizov,

Urgut tuman “G‘ishtli”  jome' masjidi imom-noibi


Kiritilgan vaqti: 26/10/2023 11:16;   Ko‘rilganligi: 230
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/mominning-hayotida-mazhabning-orni
Chop etilgan vaqti: 04/05/2024 04:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing