MOHI RAMAZON FAZILATI
Hazrati Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayh o‘zlarining mashhur “Tanbehul g‘ofilin” asarlarida Ramazon oyining fazilati to‘g‘risidagi bobda otalaridan silsila orqali hazrati Ibni Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qilganlar: “Albatta, jannat muborak Ramazon oyi kirishi oldidan yildan yilga xushbo‘ylanadi, ziynatlanadi. Ramazon oyining birinchi kechasi Arshning ostidan yengil shamol — shabada esadi. Uning nomi Masiyradir. Jannat daraxtlarining barglarini tebratadi. Eshiklarining tabaqalari taqqillaydi. Xalqalari uriladi. Bu jaranglashlarning barchasi go‘zal bir ohang kasb etib, eshituvchilar bundanda yaxshi ovozni eshitmaganlar. Hurul 'iynlar ko‘rinish beradilar. Hatto ular jannat tepasidan qo‘nim topadilar. “Alloh taologa kuyov bo‘lishni hohlovchilar bormi? Bas, Alloh subhonahu va taolo ularni bizlarga juft qilsin. Keyin Rizvondan (jannatga vakil qilingan farishta) “Ey, Rizvon bu kecha qanday kecha? — deb so‘raydilar. Ular talbiya bilan javob beradilar: “Ey, jannat go‘zallari bu kecha Ramazon oyining avvalgi kechasidir”. Alloh taolo: Ey, Rizvon jannatning eshiklarini habibim Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ro‘zador ummatlari uchun och. Molikka qarata (molik do‘zaxga vakil qilingan farishta) “Ey, Molik jahannam eshiklarini Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ro‘zador ummatlari uchun yop”. Keyin Jabroil alayhissalomga: “Ey, Jibril yerga tush, bas shaytonlarning sarkashlarini zanjirband qil, ularni g‘ullar bilan kishanla. Keyin ularni dengiz to‘lqinlariga uloqtir. Hattoki ular Mening habibim Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning ro‘zador ummatlarini ro‘zalarini buzmasin”. Alloh subhonahu va taolo Ramazon oyining har kechasida uch marotaba: “Mendan so‘raguvchi bormi? So‘raganini beraman. Menga tavba qiluvchi bormi? Tavbasini qabul qilaman. Menga istig‘for aytguvchi bormi? Men uni mag‘firat qilaman”, deydi. Keyin Rahmonning nido qiluvchilaridan biri nido qiladi: “Kim uzoq muddatga yo‘q bo‘lib ketmaydigan, hech bir zulmsiz vafo qilinadigan qarz beradi”.
“Allohga “chiroyli qarz” beradigan (Uning yo‘lida o‘z boyligidan sarflaydigan) kishi bormiki, unga bir necha barobar ko‘p qilib qaytarsa? Holbuki, Alloh (rizqni) tang ham, keng ham qilur va (sizlar) Uning huzuriga, albatta, qaytarilajaksizlar”. (Baqara surasi 245-oyati).
Yaxshilik yo‘lida, savob hosil qilish maqsadida sarf qilinadigan mablag‘ni, mol-mulkni va xayrli, savobli ishlarni Alloh taologa qarz berish deb atalmoqda.
Kiritilgan vaqti: 11/05/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 1985
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 00:29