O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Missionerlikning oqibatlari

 
 

          Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydi. Ularning har biri o‘z milliy urf-odatlari, an'analari, tiliga ega.140 dan ortiq milliy-madaniy markazlar faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda barcha millatlar va elatlar vakillariga teng huquqli munosabat qonun bilan mustahkamlangan. 1991 yil 1 sentyabrga qadar O‘zbekistonda jami 211ta diniy tashkilot faoliyat olib borgan. Shundan 149 tasi islomiy, 51 tasi xristian, 11 tasi yahudiy diniy tashkilotlari edi. Hozirgi kunda respublikamizda 2230 ta diniy tashkilot ro‘yxatga olingan bo‘lsa, shundan 2051 tasi islomiy diniy tashkilotlardir.       

O‘zbekiston hududida missionerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga harakat qiladigan ko‘pgina diniy konfessiyalar mamlakatimizda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunni nodemokratik deb biladilar. Ularning fikricha, go‘yoki ushbu qonun fuqorolarning xalqaro hujjatlarda ko‘rsatilgan huquqlarini, jumladan, e'tiqodiy huquqini cheklaydi. Missionerlik haqida so‘z borar ekan, avvalo ushbu tushunchaning lug‘aviy va istilohiy ma'nolarini tushunib olish muhim ahamiyatga ega. Ushbu so‘z lotin tilidagi “missio” fe'lidan olingan bo‘lib, “yuborish”, “vazifa topshirish”, missioner esa “vazifani bajaruvchi” ma'nolarni anglatadi. Turli lug‘atlar va manbalarda missionerlikka ko‘plab ta'riflar berilgan. Jumladan, har yili qayta nashr etiladigan “World Book” (Jahon kitobi) ensiklopediyasida “Missioner biror diniy guruh tomonidan boshqalarni o‘z diniga targ‘ib qilish va kiritish uchun yuborilgan inson” degan fikr qayd etilgan. Umuman olganda, turli lug‘at va manbalarda bayon eitilgan ta'riflar bir-biriga juda o‘xshash bo‘lib, ularga tayangan holda quyidagi xulosani chiqarish mumkin. Missionerlik – bir dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ‘ib qilish degan ma'noni anglatadi.O‘zbekiston xalqi ko‘p millatli bo‘lishi bilan birga, mahalliy aholi o‘z urf odatlariga juda ham sodiq. Islom dini esa xalqimizning hayot tarziga chuqur kirib borgan. Missionerlar o‘zlarining xushmuomalaligi, yorqin va ta'sirchan va'zlari orqali odamlarni chalg‘ita boshlaydilar. O‘z “o‘lja”larining qiziqishlari va zaif tomonlarini hisobga olib, bo‘lajak prozelitlar bilan do‘stona munosabatga kirib olishadi va oxir oqibat ularni taklif etilayotgan dinni qabul qilishga da'vat etadilar. Buning oqibatida ota- bobolari islomdan boshka dinni bilmagan bir oila vakili yoki vakilasi boshqa dinni qabul qiladi. Jamiyatning eng muhim bo‘lagi bo‘lmish OILA janjal va nizolar domiga tortiladi. Ota- ona, qavmu qarindoshlar uning bu qilmishi oqibatida mahalla ko‘yda bosh ko‘tara olmay qoladi.

Oila mahalladan va o‘z yaqinlaridan uzilib qoladi. Bunday voqealarni o‘z xizmat vazifalarimiz tufayli ko‘p ko‘rganmiz. Tasavvur qiling, o‘zbek oilasida yuqoridagidek holat yuzaga kelsa. O‘zbek oilasi uchun bundan ham katta fojea bormi? Har bir insonning boshida o‘lim bor. O‘zga dinni qabul qilgan kishi vafot etsa nima bo‘lishini tasavvur qilish juda mushkul. Kim uni dafn qiladi, qanday va qayerga dafn qilish kerak degan muammolar paydo buladi. Albatta, musulmon kishi o‘z farzandini bekafan, bejanoza ko‘mishni xohlamaydi. Mahalla ko‘y bo‘lsa hatto janozasiga ham bormaydi, mayyitni qaysi qabristonga qo‘yishni ham bilmaydilar. Bu narsa qanday oqibatlarga olib kelishini tasavvur qilish qiyin emas. Tumanimizda bunday voqeaga duch kelganmiz.

Xalqimiz qiz olib, qiz berishda nafaqat kelin yoki kuyovning, balki ularning yetti pushtini surishtirib unga ahamiyat beradi. O‘zbeklar bag‘ri keng xalq, boshqa din vakillarini hurmat qilib, g‘ayri din qo‘shnilari bilan yaxshi muomalada bo‘lib kelishadi. Ushbu maqolada missionerlik haqida qisqacha ma'lumot berar ekanmiz, uning qanchalik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida o‘zimiz uchun xulosa chiqarishimiz kerak bo‘ladi. Shuning uchun farzandlarimizni va shu orqali vatanimiz kelajagini asrab-avaylash uchun yurtimizning har bir fuqarosi jonbozlik ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Farzand tarbiyasi ham asosan ota-onaning majburiyati hisoblanadi. Agar ular o‘z farzandlarini vatanga sadoqat va muhabbatli qilib tarbiyalasalar hech qanday tashqi g‘oya yoki mafkura ularning ongini, shu bilan birga jamiyatni buza olmaydi.

  

Sayfiddin  Chaxoyev, Pastdarg‘om tuman “Nurul Islom” jome masjidi xodimi 


Kiritilgan vaqti: 30/09/2019 17:15;   Ko‘rilganligi: 1647
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/missionerlikning-oqibatlari
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 21:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing