O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Missionerlikning jamiyat hayotiga ta'siri.

 
 

"Missionerlar Afrikaga kelganda, bizning yerimiz bor edi, ularning esa "Injil"i bor edi. Ular bizning ko‘zimizni ko‘r qilib qo‘yib, cho‘qinishga ko‘ndirishdi. Va nihoyat, ko‘zimizni ochganimizda, bizning yerimiz ularning ixtiyorida edi, "bizning qo‘limizda esa "Injil"dan boshqa hech narsa yo‘q edi"

To‘qsoninchi yillarda Markaziy Osiyodagi mustaqillikka erishgan davlatlarda musulmonlar o‘rtasida diniy erkinlik bobida g‘alati bir holat kuzatildi. Ya'ni, kutilmaganda mahalla va bozorlarda, avtobus va poyezdlarda, bekatlar va boshqa odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda shaxsi noma'lum kimsalar paydo bo‘lib, qandaydir kitoblar, eslatmalar, varaqalarni odamlar qo‘liga tutqazib keta boshlashdi. Bunday manzara, hatto maktablar, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ham kuzatildi.

Oliy nav qog‘ozlarda chiroyli bezatilib, kirill, arab, lotin harflarida rus, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz va tojik tillarida bosilgan bu kitob va varaqalar musulmonlarning dunyoqarashiga ta'sir qilishga qaratilgan edi. Xorijda nashr etilgan bu kitoblar qandaydir yashirin yo‘llar bilan keltirilar edi. Kitobni qo‘lingizga olishingiz bilanoq, uning juda takomillashgan zamonaviy bosmaxonada bosilganiga ishonch hosil qilardingiz.

Missionerlar dastlab Qozog‘istonda, so‘ngra Qirg‘iziston bilan O‘zbekistonda paydo bo‘lishdi. Missioner tashkilotlar va guruhlarning vakillari Qozog‘istonga dastlab madaniyat, ta'lim, sport va yoshlarni qiziqtirgan boshqa sohalarni targ‘ib qilish bahonasida kelganlar, ro‘yxatdan o‘tib, ishlay boshlaganlar. Ular xususiylashtirish tadbirlarini poylab turib o‘zlariga yaqin bo‘lgan odamlar nomiga yoshlik va sport salonlarini, madaniyat dargohlarini sotib olganlar. Yoshlarga sport va madaniyatning turli sohalarini pulga o‘rgatayapmiz deb, aslida mablag‘ talab qilmasdan, aksincha, ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab, o‘z ta'sirlariga torta boshlaganlar. Keyingi yillarda ommaviy axborot vositalarida missionerlarning Qirg‘izistondagi surbetliklari haqida ko‘plab xabarlar bosildi. Jumladan, bundan bir necha yil oldinroq ular Bishkekning markaziy maydonlarida ochiq-oydin targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borishgan. Inglizchani hamda ruschani yaxshi o‘rganib olgan Singapur, Filippin, Ekvador va boshqa davlatlardan kelgan qizlardan iborat maxsus guruhlar poytaxt tumanlari bo‘ylab ish olib borishgan. Qayerda majlis yoki yig‘ilish o‘tkazilsa, qayerda aholi gavjum bo‘lsa, o‘sha yerda paydo bo‘lib, o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilishgan, odamlarni yo‘ldan ozdirishga urinishgan.

Bugungi kunda adliya idoralaridan ro‘yxatdan o‘tib olgan va qonunchilik himoyasida bemalol faoliyat yuritayotgan, o‘zlarini xristian yoki nasroniy dini vakili sifatida e'tirof etib, go‘yoki ibodat bilan mashg‘uldek o‘zlarini dindor, saxovatpesha, insonparvar, xalq himoyachisi, xalq dardini hukumat idoralariga yetkazuvchi, inson huquqlarini himoya qiluvchi, vijdon erkinligini ta'minlovchi kabi sirti yaltiroq niqoblar bilan qoplab olgan bir toifa manfur kimsalar vatanimizning turli joylarida, jumladan, bizning tumanimizning ba'zi joylarida faoliyat olib borayotganligi barchamizga ma'lum.

Bu insonlar aslida kimlar? Ularning maqsadlari nimalardan iborat? Har kim bo‘lishi mumkin, ular din odami emas. Xristianlik yoki nasroniylik nuqtai nazaridan qaraganda ham ular dindorlar emas. Ular missionerlikka maxsus o‘qitilgan, yollangan turli millat va turli kasb egalaridir. Ilmga, yangilikka tashna bo‘lgan o‘zbek farzandlarini kompyuter, ingliz tilini o‘rgatish niqobi ostida o‘z buzuq maqsadlari yo‘lida foydalanishni rejalashtirgan kimsalardir. Ularning maqsadlari bir - adashib qolgan dinsiz kishini dinga kiritish emas, balki o‘z dinini yaxshi bilmagan musulmon farzandini dindan chiqarishdan iboratdir. Bunga dalil shundaki, ular hecham insonlarning odob-axloqini, hayosini tuzatish kabi yaxshi ishlar bilan shug‘ullanishmaydi, balki xulqni buzadigan, behayolik, zinokorlikni targ‘ib etadigan o‘yinlar, diskotekalar tashkil etish, restoranlar ochib, tungi ko‘ngilxushliklar uyushtirish bilan shug‘ullanishadi.

Bu ishlar buguncha demokratiyaning oddiy bir ko‘rinishiga o‘xshasada, aslida buning zamirida ertangi kunga mo‘ljallangan muhim siyosiy nayranglar yashiringan. Bu nayranglar nimalardan iborat:

Birinchidan, urf-odati, mafkurasi, ma'naviyati bir bo‘lgan millatimizni har xil siyosiy, iqtisodiy, g‘oyaviy bosimlar bilan chalg‘itish, shu bilan tinch-osoyishta yashashni izdan chiqarish;

Ikkinchidan, mamlakatimizni ma'naviy va madaniy istilo qilish, bu ishda o‘zlarining tuzog‘iga ilingan "dinfurush"lardan foydalanish;

Uchinchidan, yurtimizni doimiy nizo maydoniga aylantirib, nizoni bartaraf etishda o‘zlarining yordamiga muhtoj qilib qo‘yish;

To‘rtinchidan, ilojini qilib ba'zi hududlarga alohida kuch tashlab, alohida mablag‘ ajratib "yasama dindorlar"ni keskin ko‘paytirishga erishib, go‘yoki ularning xohish-irodasi sifatida cherkovlar tashkil etishni yo‘lga qo‘yish va buning ortida shu hudud aholisini ikkiga bo‘lish, ya'ni musulmon-xristian yoki musulmonnasroniy bo‘lishib g‘alayon, urush-janjallar keltirib chiqarishga erishish;

Beshinchidan, ularning nayranglarining eng xavflisi shundaki, ular o‘zlarini xalqning haq-huquqlarini himoya qilgan ko‘rsatib, sud-prokuratura hatto davlat rahbarlari ishlarigacha ba'zi bir nodavlat tashkilotlar bilan aralashib, xalqni davlatga qarshi gij-gijlash, xalq bilan davlat orasiga ishonchsizlik ruhini singdirishdir.

Bunga isbot bundan 30 yillar avval missionerlar Sharqiy Timor o‘lkasi aholisini xristianlashtirishga nihoyatda katta e'tibor berdi. Oradan 25 yil o‘tgach bu o‘lkada ular kutgan diniy to‘polon - urush boshlandi. Natija o‘zlari kutgandek, Sharqiy Timorni Indoneziyadan ajratib olishdi. Mana sizga oqibat.

Bunday yovuz kuch to‘qsoninchi yillarda O‘zbekistonda ochiq faoliyat ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, missionerlik harakati bizning shahar va qishloqlarimizni ham chetlab o‘tmadi. Missionerlar "beozor, xudojo‘y, mehribon, saxiy odamlar" qiyofasida namoyon bo‘lishdi. Ular aholi orasida kitob, eslatma, varaqa, teletasvirlar, radio yozuvlar, magnitofon kassetalari tarqatib yurganlarida aholi qahriga yo‘liqqanini guvohi bo‘lganmiz. Biz ota-bobolarimiz diniga bo‘lgan mustahkam e'tiqodimiz tufayli missionerlarni ochiq faoliyat ko‘rsatishlariga yo‘l qo‘ymadik. Xalqimizning hushyorligi tufayli ig‘vogarlarga zarba berildi. Missionerlarning asl maqsadlari islom diniga mansub kishilarni o‘z dinlariga og‘dirib olishdan iborat ham emas. Chunki, masala bevosita mamlakatimizning xavfsizligiga dahldor. Shunday ekan, ularning kirdikorlarini ochib tashlamog‘imiz, baralla aytmog‘imiz, bu ishda nafaqat imom-xatiblar, balki shu aziz Vatan fuqarosiman degan har birimiz o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz lozim. Makkorlardan ogoh bo‘ling.

Najmiddinxon Hamzayev Urgut tuman “G‘o‘s” jomiy masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 06/07/2020 11:10;   Ko‘rilganligi: 1512
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/missionerlikning-jamiyat-hayotiga-tasiri
Chop etilgan vaqti: 22/05/2025 08:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing