O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Missionerlik – kshilar o‘rtasida kelishmovchilik va mojarolarni keltirib chiqaradi.

 
 

Uzoq asrlar davomida yurtimizda mehr-muruvvat va oqibat, ezgulik va yaxshilik, tinchlik va do‘stlik g‘oyalariga asoslanadigan, ularni targ‘ib etadigan turli dinlarga e'tiqod qiladigan kishilar hamkor va hamjihat yashab kelgan. Xususan, qadimdan diyorimizda islom, nasroniylik, iudaizm kabi dinlar yonma-yon mavjud bo‘lib kelgan. Yirik shaharlarimizda masjid, cherkov va sinagoglar faoliyat ko‘rsatgani, tariximizning eng murakkab va og‘ir davrlarida ham ular o‘rtasida kelishmovchilik va  mojarolar bo‘lmagani buning tasdig‘idir.

Missionerlik asosan, xristianlikka xos bo‘lib, bu harakat xristianlik Vizantiya imperiyasida davlat dini sifatida e'lon qilinganidan e'tiboran olib boriladi.

Missionerlik faoliyatining eng cho‘qqisi prozelitizmdir. Prozelitizm — bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri biron bir dinga ishongan fuqaroni majburan o‘z dinidan voz kechtirib, o‘zga dinni qabul qilishga majbur qilishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan so‘ng barcha sohalarda bo‘lgani kabi shaxsning e'tiqod erkinligi sohasida ham bir qator huquqiy kafolatlar yaratildi. Xususan, yurtimizda shaxsning bunday huquqi Konstitusiya darajasida mustahkamlandi. Binobarin, Konstitusiyamizning 31-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi, har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga egaligi va diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yildi.

Qolaversa, vijdon erkinligi sohasida maxsus qonun qabul qilinib, unda har bir shaxsning diniy e'tiqod huquqi, dinga munosabatidan qat'i nazar, fuqarolarning tengligini ta'minlash, shuningdek diniy tashkilotlarning faoliyati bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solindi.

Missionerlik lotincha «missio» fe'lidan olingan bo‘lib, «yuborish», «vazifa topshirish», miyesioner esa "vazifani bajaruvchi" degan ma'nolarni anglatadi. Umumiy ma'noda belgilangan vazifalarni hal qilishga qaratilgan nazariy va amaliy faoliyat majmuini bildiradi.

Missionerlik  bir dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ‘ib qilishni anglatadi.

Missionerlik bilan bir qatorda prozelitizm haqida ham gapirishadi? Uning mohiyati nimada?

Prozelitizm to‘g‘ridan-to‘g‘ri biron bir dinga ishongan fuqaroni o‘z dinidan voz kechishga va o‘zga dinni qabul qilishga qaratilgan harakatlarni anglatadi. U o‘z mohiyatiga ko‘ra missionerlikning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Prozelitizm keltirib chiqarayotgan salbiy oqibatlarni ayrim hayotiy misollarda ham ko‘rish mumkin. Xususan, bizga qo‘shni bo‘lgan ayrim davlatlarda xristian dinini qabul qilgan kishilar vafot etganda jasadni qabristonga qo‘yish bilan bog‘liq muammolar kelib chiqmoqda. Mayitning musulmon ota-onalari o‘z farzandlarini xristian mozoriga dafn etishni xohlamaganlari, musulmonlar esa xristian dini vakili jasadini o‘z musulmon birodarlari yotgan joyga qo‘yishni istamaganliklari natijasida kelishmovchiliklar yuzaga kelmoqda.

Shuningdek, xristian dinini qabul qilgan kishi o‘z o‘g‘lini xatna qildirishni xohlamagani, uning otasi esa, o‘z nabirasini musulmon urf-odatlariga ko‘ra xatna qildirishni istagani tufayli ota-bola o‘rtasida janjallar kelib chiqqani ham ma'lum.

Xristian yoki boshqa dinni qabul qilgan qizning turmushga chiqishi ham muammoga aylanmoqda. Oilada qizning ota-onasi musulmon. Albatta, ular o‘z qizlarini musulmon kishiga turmushga chiqishini istaydilar. Ammo xristianlikni qabul qilgan qizga musulmon kishining uylanishi amrimahol.

Yuqoridagi kabi misollarni yana davom ettirish mumkin. Ammo shularning o‘zi ham missionerlikning tarkibiy qismi bo‘lgan prozelitizm harakatlari boshqa dinni qabul qilgan tub millat vakillari oilalaridan izolar va janjallarning avj olishiga hamda xristianlikning ayrim yo‘nalishlari vakillariga nisbatan dushmanlik hissiyotlarining paydo bo‘lishi orqali dinlar aro nizolarning kelib chiqishiga zamin yaratishi mumkinligini yaqqol tasavvur qilish imkonini beradi.

Jomonqulov Mamadiyor Bulung‘ur tumani bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 03/11/2021 06:01;   Ko‘rilganligi: 551
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/missionerlik-kshilar-ortasida-kelishmovchilik-va-mojarolarni-keltirib-chiqaradi
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 18:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing