O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MISSIONERLAR TA'SIRIDAN OGOH BO‘LING! (....davomi)

 
 

3-misol. «Kur'onda bu kitoblarga imon keltirish, ishonish kerakligi aytilgan. «Mo‘minlar... Allohga, Uning farishtalariga, (muqaddas) kitoblariga va payg‘ambarlariga imon keltiradilar» (2-sura «Al-baqara» («Sigir») 285-oyat) («Rukovodstvo Boga ukazivayet put v Ray». Ispaniya. 2001, 4-bet).

Ular o‘z kitoblarida Tavrot va Injillar haqidagi barcha oyatlarni keltirmaydilar. Faqatgina ularga imon keltirish kerakligi, Alloh u kitoblarni nur va hidoyat qilib nozil qilgani haqidagi oyatlarni ko‘rsatadilar xolos. Qur'oni karimda esa, o‘sha kitoblarni o‘zgartirib yuborishgani, buzishgani, o‘z qo‘llari bilan yozib, «bu Allohning huzuridan kelgan kitob», deyishlari ham aytilgan. Lekin ular sodda musulmonga buni aytishmaydi. Qur'oni karimda: «Ammo o‘z qo‘llari bilan kitobni yozib, keyin «bu Allohning huzuridandur» deydigan kimsalarning holiga voy», (Baqara, 79) deyilgan.
Dunyoning turli burchaklaridagi kutubxonalarda Islomning ilk asridan to shu kunga qadar ko‘paytirilgan Qur'oni karimning behisob qo‘lyozmalari bor. Olmon missionerlari bu qo‘lyozmalardan minglab fotonusxalar olishgan va bir yerga jamlashgan. Maqsadlari Qur'oni karimdan bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan yerini topish edi. Ammo fotonusxalar solishtirilganida birorta ham farq yoki o‘zgartirish topilmadi. Holbuki, muqaddas kitoblari Injilning har xil qo‘lyozmalarida 26000 ta bir-biriga mos kelmaydigan yerlari bor.
Bugungi kunda xristianlar ishonchli deb aytadigan to‘rt Injil, Volterning aytishicha, oltmishta Injil orasidan tanlab olingan. Tanlov juda g‘alati yo‘l bilan amalga oshirilgan: oltmishta Injil bir stol ustiga qo‘yilgan va stol chayqatilgan. Yerga tushganlari soxta, qolganlari «sahih» (ishonchli) deb topilgan!
Endi bu hodisaga Qur'oni karim va hadisi nabaviyning qanchalik jiddiyat, diqqat va hassosiyat bilan muhofaza etilganini qiyos qilavering.
Darhaqiqat, hozirgi kunda «muqaddas kitob» deb bizga taqdim etilayotgan (tarqatilayotgan) kitobni («Matto bayon etgan Xushxabar» (Matto Injili) va hokazo kabi) missionerlarning o‘zlari ham insonlar tomonidan yozilganini e'tirof etishadi. Pavlusning bir maktubida bunday jumlalar bor:
«Hayronman sizlarga, qanchalik tez Masihning inoyatli da'vatidan yuz o‘girib, boshqa bir «Injil»ga sajda qildingizlar! Aslida, boshqa Injil yo‘q. Faqat ba'zilar sizlarni chalg‘itib, Masih Xushxabarini buzib ko‘rsatishni xohlaydilar. Bordiyu biz yoki hatto osmondan biror farishta kelib, o‘zimiz sizlarga o‘rgatgan Injildan boshqa bir «Xushxabar» keltirsa, la'nati bo‘lsin!...» («Injil», «Galatiyaliklarga maktub», 1; 6-8).
Iso (a.s.)dan keyin u zotga Alloh tomonidan nozil qilingan kitob bir yoqda qolib, o‘zlari ko‘plab «Injillar» ijod etishdi. Hozirgi kunda xristian olami e'tirof etadigan Injillarning o‘zi ham to‘rttadir. Nima uchun bitta emas, to‘rtta? Hatto, o‘sha to‘rtta Injilning ba'zilari Pavlusning ana shu maktubi yozilgan tarixdan keyinroq yozilgan-ku. Menimcha, ortiqcha izohga hojat bo‘lmasa kerak. Aql egalariga bir ishora kifoyadir. (Davomi bor)


Najmiddinxon Hamzayev Urgut tumani "G‘o‘s" jomiy masjidi imom xatibi 


Kiritilgan vaqti: 03/06/2020 14:42;   Ko‘rilganligi: 955
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/missionerlar-tasiridan-ogoh-boling-davomi
Chop etilgan vaqti: 21/05/2024 11:11
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing