O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

“MENING OILAM QAYERDA?”…

 
 

Alloh taolo farishtalar tilidan shunday marhamat qiladi: “Ey Robbimiz, ularni ham, otalaridan, juftlaridan va zurriyotlaridan ahli solih bo‘lganlarini ham O‘zing ularga va'da qilgan adn jannatlariga kiritgin. Albatta, Sening O‘zing azizu o‘ta hikmatli zotsan” (G‘ofir surasi 8-oyat).

Arshni ko‘tarib turadigan va uning atrofidagi farishtalar Alloh taologa hamd va tasbeh aytish bilan bir qatorda mo‘minlarning haqlariga doim duo qiladilar. Mo‘minlar shu qadar baxtli zotlarki, iymonlarining samarasidan yetti osmon yuqorisidan farishtalar ularning haqlariga istig‘for aytib duolar qilishadi. Farishtalar ertayu kech faqat istig‘for va duo bilan mashg‘ul bo‘ladilar.

Ushbu oyat va bundan oldingi oyatga taammul bilan nazar tashlaydigan bo‘lsak, “taxliya va tahliya” (ya'ni, birinchi poklash, so‘ngra ziynatlash) masalasi bor ekanini ko‘ramiz. “Tavba qilib, yo‘lingga ergashganlarni mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin” (G‘ofir surasi 7-oyat). Ushbu oyat “taxliya” (poklash) ma'nosini o‘z ichiga olgan. Ular gunohlardan pok bo‘lib, do‘zax olovidan omonda qolganlaridan so‘ng “O‘zing ularga va'da qilgan adn jannatlariga kiritgin”, deb duo qilishlari “tahliya” (ziynatlash) ma'nosini o‘z ichiga oladi.

Farishtalar faqatgina mo‘minlarni duo qilish bilan cheklanmay, ularning oila-a'zolarining ham haqlariga duo qiladilar. “…otalaridan, juftlaridan va zurriyotlaridan ahli solih bo‘lganlarini ham…”. Chunki, har bir inson ota-onasi, ahli va farzandlarini bilan birga bo‘lish bilan haqiqiy baxtni his qiladi. Alloh taolo boshqa bir oyati karimada bu oyatning ma'nosini tugal qilgan: “O‘zlari iymon keltirib, zurriyotlari ularga iymon bilan ergashganlarning zurriyotini ularga qo‘shdik va ularning amallaridan hech narsani kamaytirmadik” (Tur surasi 21-oyat).

Bu dunyoda iymonu islom bilan o‘tgan kishilarning agar zurriyotlari ham iymon bilan o‘tgan bo‘lsa, darajalari uncha yuqori bo‘lmasa ham, Alloh ularni otalariga qo‘shib qo‘yar ekan. Lekin, shu bilan birga otalarning amalidan hech bir narsa kamaytirilmas ekan. Ya'ni, bolalariga olib berilib, ularning darajasi tenglatilmas ekan. Chunki har kim o‘zi qilgan kasb-amalning garovidir, amali yaxshi bo‘lsa, oqibati ham yaxshi bo‘ladi. Aksincha, bo‘lsa oqibati shunga yarasha bo‘ladi. Oyati karimada ko‘rinib turibdiki, birgina shart topilsa bo‘lgani, u ham bo‘lsa iymonli bo‘lishliklaridir.

Sa'id ibn Jubayr rohimahullohdan rivoyat qilinadi: “Mo‘min jannatga kiradigan bo‘lsa, “Ota-onam, ahlim, farzandim va aka-ukalarim qayerda?”, deb so‘raydi. “Ular amal qilishda sening darajangga chiqa olishmadi”, deb nido qilinadi. Mo‘min: “Men o‘zim va ular uchun amal qilgan edim”, deb aytadi. So‘ngra ularni ham uning darajasiga qo‘shib qo‘yiladi”. So‘ng “Ey Robbimiz, ularni ham, otalaridan, juftlaridan va zurriyotlaridan ahli solih bo‘lganlarini ham O‘zing ularga va'da qilgan adn jannatlariga kiritgin”, oyatini o‘qidilar.

Shu o‘rinda o‘rinli savol tug‘ilishi mumkin: “Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, bu boshqaning amalidan foydalanish bo‘lib qolmaydimi?”. Alloh taolo: “Har bir insonga o‘z qilganidan boshqa narsa yo‘q” (Najm surasi 39-oyat), deb marhamat qilgan-ku?!

Bunga shunday javob beramiz: “E'tirozingiz o‘rinli. Bunda shubha yo‘q. Lekin biz iymon keltirganlar haqida gapiryapmiz. Iymon keltirish har bir bandaning o‘z amalidir. Endi bandalarning amal qilishiga emas, uni mana shunday solih amal qilishiga undagan narsaga ham bir nazar tashlang. Uning solih bo‘lib kamol topishiga oiladagi muhiti ta'sir ko‘rsatganmi? Bu to‘g‘ri berilgan tarbiyaning samarasidir. Hadisi sharifda ham “Inson vafot etganidan so‘ng uning amali uziladi. Faqat uch amalgina qoladi: sadaqai joriya, foydalaniladigan ilm va u uchun duo qiladigan solih farzand” (Imom Muslim rivoyati), deb keladi. Ushbu hadisi sharifdagi solih farzand kimning amalining samarasi? Otalarning emasmi?!”.

Demak, solih farzandning otasining haqqiga qilgan duosi manfaat berar ekan, otaning solihligi ham farzandlariga manfaat berar ekan.

Farishtalar duolarida “Albatta, Sening O‘zing azizu o‘ta hikmatli zotsan”, deb aytdilar. “Albatta, Sening O‘zing mag‘firatli va rahmli zotsan”, deb aytmadilar. Bundan ma'lum bo‘ladiki, mag‘firat va mukofot Aziz va o‘ta hikmatli bo‘lgan zot tomonidan bo‘lar ekan. Chunki, Alloh taoloning hukmini kuzatuvchi kimsa va U Zotning fazlini qaytaruvchi kimsa yo‘qdir. Alloh taolo O‘zining azizligi va hikmati ila bandalarini azobga haqli bo‘lsalar ham mag‘firat qiladi.

Alloh taolo barchamizni O‘zining azizligi va hikmati ila mag‘firat qilsin! Barcha mo‘minlarni o‘z ahli bilan birga jannatida jam qilsin!

Xayrulloh domla Sattarov

"Tafsiri Ibn Kasir" va "Tafsiri Sha'roviy" asarlari asosida tayyorlandi


Kiritilgan vaqti: 18/04/2024 16:10;   Ko‘rilganligi: 31
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/mening-oilam-qaerda
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 22:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing