O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MEHR-OQIBAT, HIMMAT VA SAXOVAT AYYOMI

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Siz azizlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi va o‘z nomimdan xursandchilik ayyomi bo‘lgan muborak Ramazon hayiti – Iydul fitr bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etamiz.

Alloh taoloning amrini ado etib, ruhiy poklanishga erishgan, Rasul alayhissalomning sunnatiga ergashib, imon ila savob umidida ro‘za tutganlarga jannatning Rayyon darvozasidan kirish nasib etsin!

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmon ummatiga Ramazon va Qurbon hayitlari Alloh taolo tomonidan hadya etilganini marhamat qilganlar.

Shunday fayzli kunlarga yetkazgani uchun Haq taologa shukronalar aytamiz. Qodir Allohdan duolar ijobat bo‘ladigan damlarda xalqimizga qut-baraka, baxtu saodat va tinchlik-ofiyat berishini so‘rab, duolar qilamiz.

Haq taologa behisob shukr, bu yilgi Ramazon kunlari va tunlari juda fayzli o‘tdi. Ramazon oyida yurtimizga Alloh taoloning qut-barakasi yog‘ildi. Mo‘min-musulmonlar subhidamda saharlik dasturxoni atrofida ibodatga kirishdi. Fayzli oqshomlarda esa iftorlik qilib, qalb rohati — taroveh namozlarini ado etishdi. Alloh taolo farz qilgan zakotlar ado etildi, fitr sadaqasi hamda fidyalar berildi.

Bu yil yurtimizda 1500 dan ziyod masjidda taroveh namozlarida xatmi Qur'on o‘qildi. Ramazon oyining 27 kuni davomida masjidlarda Kalomullohning sahifalari bir xil adadda o‘qish an'anasi joriy qilindi. Musulmon dunyosida tadbiq etilmagan o‘ziga xos ushbu ajoyib tajriba ko‘pchilik tomonidan yuksak e'tirof etildi.

Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasi, ya'ni Qadr kechasi kuni xatmi Qur'onlar yakunlanib, barcha masjidlarda bir vaqtning o‘zida bir necha million xalqimiz Haq taologa yuzlandi. Mana shunday jamul-jam iltijolar ijobatidan, yurtimiz yanada ravnaq topadi, hayotimiz farovon bo‘ladi va ikki dunyoimiz saodatli bo‘ladi, insha Alloh.

Mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar har bir yurtdoshimiz hayotida o‘z ifodasini topmoqda. So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlar, yangi ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar va ko‘payib borayotgan Qur'oni karim kurslari mo‘min-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda. Shunday ulug‘ ne'matlarning qadriga yetib, dinimiz rivojiga ko‘rsatilayotgan sharoitlarni Alloh taoloning ulug‘ marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim.

Ramazon oyi xalqimiz uchun esda qolarli voqealarga boy bo‘ldi. Prezidentimiz ushbu oyda kam ta'minlangan oilalar uchun iftorlik tashkil etib, ko‘ngli o‘ksik fuqarolar og‘irini yengil qilish tashabbusini ilgari surdilar. Bu tashabbus Ramazon oyida keng quloch yozib, diyorimizda kam ta'minlangan oilalar uchun iftorlik dasturxonlarini yozish, ularning ko‘ngillarini olish ajoyib an'anaga aylandi. Jumladan, respublikamizdagi 9 400 dan ortiq mahallalarda istiqomat qiladigan ehtiyojmand, ijtimoiy ko‘makka muhtoj 900 mingdan ortiq ro‘zadorlar uchun iftorlik dasturxonlari yozildi.

Qutlug‘ oydagi savobli ishlardan yana biri davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Umra ziyoratiga borishni niyat qilib, imkon topolmay yurgan ehtiyojmand hamyurtlarimizning orzusi ruyobga chiqdi. Ramazon oyida yordamga muhtoj oilalar, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan xonadonlar vakillari, faxriylar davlat tomonidan berilgan yo‘llanma asosida Makka va Madina shaharlarida Umra ziyoratini ado etib, Baytullohning oldida duoyu iltijolar qildilar. Respublikamizning barcha hududlaridan 1,5 ming nafar ehtiyojmand fuqarolarni mana shunday bepul Umra safariga yuborildi.

Bundan tashqari, respublika bo‘yicha aholining ehtiyojmand qatlamidan jami 4 ming nafar, shu jumladan uzoq vaqt davomida navbatda turgan 2 mingta yoshi katta bemorlarga yuqori texnologik operatsiyalarni amalga oshirish hamda 2 mingta yuragida nuqsoni bor bolalarni bepul operatsiya qilish ishlarini tashkillashtirish maqsadida bemorlar ro‘yxati shakllantirildi hamda 91 mlrd. so‘m miqdorida pul mablag‘lari ajratib berildi.

Imom Tabaroniydan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللهِ بَعْدَ الْفَرَائِضِ إِدْخَالُ السُّرُورِ عَلَى الْمُسْلِمِ

“Farz amallaridan keyin Allohga eng mahbub amal mo‘minning qalbiga xursandchilik kirgizishdir”.

Shuningdek, Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

أَبْغُونِي ضُعَفَاءَكُمْ فَإِنَّكُمْ إنَّمَا تُرْزَقُونَ وَتُنْصَرُونَ بِضُعَفَائِكُمْ

“Mening roziligimni zaiflarga yaxshilik qilish bilan istanglar! Zero, sizlar zaiflaringiz tufayli rizqlanasiz va nusratga erishasizlar”, deganlar”.

Ulamolar ushbu hadisning sharhida “Zaiflar va ehtiyojmand insonlarning qalblari siniq, duoda ixlosli bo‘lganlari uchun Alloh taolo ularning duosi va ibodatlari sababidan musulmonlarga nusrat va rizq beradi”, deganlar.

Shunday ekan, muqaddas joylarda duoyu ibodatlar qilgan hamyurtlarimiz barakasidan Alloh taolo yurtimizga nusrat va madad beradi. Xalqimiz hayoti farovon bo‘lib, rizq-ro‘zga baraka yog‘iladi.

Ramazon oyi va hayiti yurtimizda kechayotgan tarixiy jarayonlar bilan hamohang o‘tmoqda. Ayni kunlarda jamiyatimizdagi yangilanishlarga befarq bo‘lmasdan, daxldorlik hissi bilan yashash har birimizga lozim bo‘ladi.

Ta'kidlash joizki, barcha islohotlardan ko‘zlangan maqsad – ona Vatanimizni yanada obod etish, xalqimiz farovonligini ta'minlash va tinchlik-osoyishtalikni asrashdir. Muxtasar aytganda, barcha soha va yo‘nalishlaridagi ishlar “Inson qadri uchun” g‘oyasini hayotga tatbiq etishni ko‘zda tutadi.

Albatta, bunday ne'matlarning qadriga yetib, dinimiz ravnaqi yo‘lida qilinayotgan ishlarni Alloh taoloning ulug‘ marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim.

Iydul Fitrni dunyo musulmonlari qatori yurtimiz ahli ham katta shodiyona va xursandchilik ila o‘tkazadi. Ushbu kun Yaratgan egamning rahmati Yer yuziga yog‘iladigan, qalblar zavqlanadigan, ro‘zadorlarga ajrlar beriladigan ajoyib fursatdir.

Muttafaqun alayh bo‘lgan hadisi sharifda Muhammad alayhissalom

لِكُلِّ قَوْمٍ عِيْدٌ وَهَذَا عِيْدُنَا

“Har bir qavmning o‘z bayrami bor, bu (Iyd kuni) bizning bayramimizdir” deb marhamat qilganlar.

Hofiz ibn Hajar rohimahulloh “Fathul Boriy” asarlarida shunday degan:“Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”.

Iyd  Alloh taologa qilingan toat-ibodatlar tufayli, U zotning bandalariga ko‘rsatgan rahmatu mag‘firati boisidan xursandchilik izhor qilish uchun bir munosabatdir.

Alloh taolo o‘z Kalomida:

قُلْ بِفَضْلِ اللَّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَلِكَ فَلْيَفْرَحُوا هُوَ خَيْرٌ مِمَّا يَجْمَعُونَ

“Allohning fazli va rahmati ila. Ana shu bilan xursand bo‘lsinlar. U ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir”, deb ayt”, deb marhamat qilgan (Yunus surasi, 58-oyat).

Allohning fazlidan xursand bo‘lish ham U zotga qurbat sanaladi.

Zero, har bir mo‘min-musulmon uchun Robbining ibodatini ado etish chinakam baxtu saodatdir. Shuning uchun bu bayram imon halovati, ibodat va duo-istig‘for bayrami. Bu bayramda musulmonlar jome masjidlarga to‘planib, Iyd namozini jamoat bilan o‘qiydilar. So‘ng duolar qilib, o‘tganlarning ruhini shod etadi, el-yurtga, Vatanga, butun dunyoga osudalik tilab, iltijolar qiladi.

Hayit – ulug‘ bayram. Shuning uchun bu kunni yaqinlarimizni yo‘qlab ularning holidan xabar olish, yoshi ulug‘larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va, umuman, bayramning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan amali solihlar bilan o‘tkazish lozim. Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo‘lar, yetim-esirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, muhtojlardan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar.

Ramazon hayitining fayzu barakoti qalblarimizni va xonadonlarimizni munavvar etadi. Bu ulug‘ ayyom mehr-oqibat, o‘zaro birodarlik, himmat va saxovat kabi an'analarimizga yanada quvvat beradi.

Yaratgan Parvardigor butun dunyo musulmonlariga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin, butun olamga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni dargohida qabul etsin, ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilsin!

Azizlar, Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!

Nuriddin domla Xoliqnazarov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023 yil 21 aprel, 77(866) son

Kiritilgan vaqti: 25/04/2023 12:36;   Ko‘rilganligi: 275
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/mehr-oqibat-himmat-va-saxovat-ayyomi
Chop etilgan vaqti: 05/05/2024 17:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing