O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mehmon rizq-ro‘z keltiradi

 
 

Inson maqsadlari yo‘lida doimo izlanadi. Unga yetish uchun esa eng zarur omil tinchlik va osoyishtalikdir. Yurtimiz va har bir oiladagi hotirjamlik kishining ish samaradorligini oshishiga, oila mustahkamligiga asos bo‘ladi. Qolaversa, mamlakat taraqqiyotiga, farovonligiga zamin yaratadi.

Muhtaram Prezidentimiz tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikni ta'minlash, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratishni bosh maqsad qilib belgilab berdilar. Kuni kecha Yurtboshimizning "Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik" sarlavhasi ostidagi maqolalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

Bu galgi Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi Yangi O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi barchani diqqat markazini tortmoqda. Shuning uchun ham muhtaram Yurtboshimiz o‘z maqolalarida “Samarqand ruhi” – hamkorlik, o‘zaro anglashuv va do‘stlik ifodasi”deyaaniqlik kiritdilar.

Bilamizki, Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001 yil 15 iyunda tashkil etilganxalqaro mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Uning sammitlari 2004, 2010 va 2016 yillarda Toshkent shahri mezbonligida o‘tkazilgan edi.

Bugun to‘rtinchi bor, avvalgilaridan o‘ta farqli,olamshumul ahamiyatga ega. Prezidentimiz ta'birlari bilan aytganda bu sammit “Bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr” da Yangi O‘zbekiston raisligida o‘tkazilmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkilotining asosiy maqsadi unga a'zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, ta'lim, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhafaza qilish, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, terrorizm, ekstremizm va ayirmachilikka qarshi birgalikda kurashish tashkilotning asosiy vazifalari sirasiga kiradi. Bundan tashqari, o‘zaro bog‘liqlik, oziq-ovqat va innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olishi ham hamkor tashkilotlar, xususan, yurtimiz uchun bebaho yutuqlar garovi deyishimiz mumkin.

Davlatimiz rahbariningolib borayotgan odilona siyosatlari tinchlik, xavfsizlikdir. Xususan taraqqiyotimizga rahna solishi mumkin bo‘lgan har qanday tahdid va xatarlarga qarshi murosasizlarcha bor imkoniyatdan foydalanishni o‘z oldilariga qo‘ygan yengilmas kuch sifatidagi maqsadlari barchamizga ayon. Qarasangiz, hamkor davlatlar asosan qo‘shnilarimiz, do‘stlarimizdan iborat bo‘lib, tashkilotning maqsadi ham aynan shu yo‘nalishga qaratilganini ko‘rasiz. Albatta, bu kabi hamkorlikdan faqat biz rivoj topamiz va taraqqiyot strategiyamizga keng ko‘lamli madad olamiz. Zero, tinchlik, barqarorlik Yangi O‘zbekiston davlati va aholisining bosh maqsadi ekanligi so‘zimizning dalili bo‘la oladi.

Muhtaram Yurtboshimiz o‘z maqolalarida ko‘zlangan ulug‘ maqsadni shunday ta'rif etadilar: “Samarali xalqaro hamkorlik – bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo‘l hisoblanadi”.

Ushbu Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi aynan afsonaviy shahar bo‘lmish Samarqandda o‘tkazilishi bejiz emas. Zero, O‘zbekiston davlati madaniy markazi hisoblangan Samarqand shahri eramizdan avvalgi VII asrda tashkil topgan. U o‘zining deyarli 3 ming yillik tarixiy yodgorliklariga ega. Xususan, hazrati sohibqiron Amir Temur sulolasi boshqaruvi davriga tegishli arxitektura yodgorliklari bilan mashhur. Aytish joizki, unda qadimgi Misr, Xitoy, Hindiston, Gretsiya va Rimdagi shaharsozlik  durdonalari kabi buyuk merosimiz hazinasi mavjuddir.

O‘rta Osiyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida katta mavqega ega bo‘lib kelgan Samarqand shahrining Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashganligi, o‘z tarixida butun hoqonlarni birlashtirganligi, asri saodatdan so‘ng Imom Abul Mansur Moturidiy rahnamoliklarida imon-e'tiqoddagi toyilishlarning oldini olishda islom olamiga yechim topib bera olganligi, islom dunyosida hadis yig‘ish tamaddunida eng muqaddam Imom Buxoriy hazratlaridek buyuklarni yetishtirganligi, bugungi kunda esa, madaniyat shahribo‘lib turgan Samarqandda sammitni o‘tishi hamma-hammamizni dilimizga keng yorug‘lik va beqiyos ezgulikni solmoqda. Ishonamizki, hamkor tashkilotlar anjumani yurtimiz rivojiga o‘zining zalvarli xissasini taqdim etadi. Bu bilan yurtimiz tinch bo‘ladi, taraqqiyotimiz munavvar bo‘ladi, xalqimiz tengi yo‘q rizq-ro‘zga ega bo‘ladi. Albatta maqsadlar hosil bo‘ladi, insha Alloh!

Shanxay hamkorlik tashkiloti dunyodagi yirik mintaqaviy tashkilotlardan biri, unga a'zo davlatlarning umumiy hududi 34 million kvadrat kilometr, Yevroosiyo qit'asi hududining 60 foizdan ortig‘ini jamlagan bo‘lib, ularning umumiy aholisi soni esa 3,2 milliardni tashkil qiladi.

Sammit ishida tashkilotga a'zo 8 ta mamlakat – Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Hindiston Respublikasi, shuningdek, tashkilot huzuridagi 3 ta kuzatuvchi davlat  – Belarus Respublikasi, Mo‘g‘uliston va Eron Islom Respublikasi yetakchilari ishtirok etadi.

Faxriy mehmon sifatida 4 ta davlat – Turkiya Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Turkmaniston va Armaniston Respublikasi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari qatnashishi ko‘zda tutilmoqda.

Yangi O‘zbekiston raisligida o‘tadigan tarixiy anjumanda muhtaram Prezidentimizga Tangri taolo O‘zi madad qilib, dunyo podshoxlari ergashgan Baxovuddin Naqshbandiy, Xoja Axror Valiydek aziz bo‘lgan zotlarning ruhi hamroh bo‘lsin!

Imom Buxoriy va Imom Termiziydek muqaddas dinimizga olamshumul xizmatda bo‘lgan ulug‘larning omadidek omad bersin!

Buyuk sohibqiron Amir Temur hazratlarining toat ibodatlari, qilgan barcha bunyodkorliklaridek buyuk yaratuvchilik nasib etsin!

 

Abdulhay TURSUNOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili


Kiritilgan vaqti: 14/09/2022 09:41;   Ko‘rilganligi: 242
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/mehmon-rizq-roz-keltiradi
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 19:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing