Mazhabsizlik dinsizlikka yo‘l
Mazhabsizlik islomdagi ma'lum bir aqidaviy yoki fiqhiy hukm hamda mazhablarga amal qilishni inkor etishdir.
Manbalardagi arabiy istilohda «la mazhabiyya» atamasi mazhabsizlikni bildiradi.
Mazhabsizlik g‘oyasining targ‘ib qiluvchi sifatida misrlik Muhammad Abduh (1849-1905)ni ko‘rsatish mumkin. U mazhab mujtahidlari yoki muftiylarining fatvolariga amal qilgan holda taqlidni rad etadi. Musulmon birodarlar asoschisi Hasan Banno (1906-1949) va boshqalar mazhab shart emas degan qarashlarni ilgari surdilar. Shuningdek, mazhabsizlikning yuzaga kelishida Muhammad ibn Abdulvahhobning (1703-1792) fatvolari ham ta'sir ko‘rsatdi. U mazhablarni inkor etib, Qur'on va Sunnat matnlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukm olishga chaqirdi.
Mazhabsizlikning tarqalishida odamlar biror bir mazhabga mansub emasliklarini e'lon qila boshladilar. Odamlarning mazhab borasidagi dunyoqarashini Muhammad Abduhning fikrlari emas, balki Hasan Banno kabi insonlarning qarashlari shakllantirdi.
Mazhabsizlikni Ramazon Butiy (1929-2013) va Yusuf Qarzoviy (1926-2023) kabi mashhur olimlar tanqid qildi, raddiyalar berdi. Ular o‘zlarining bir qancha asarlarini ushbu mavzuga bag‘ishlaganlar. Amerikalik yozuvchi va tadqiqotchi Timoti Vinter - Abdulhakim Murod bemazhablarning mazhabga qarshi yondashuvini musulmonlar birdamligiga tahdid solayotganini ta'kidladi. 2000 yilda Rossiya Muftiylar kengashi mazhabsizlikning belgilaridan birini «tarixiy asosga ega bo‘lgan to‘rtta mazhabni inkor etish» ekanligi bayon qildi.
Oli Imron surasi 110-oyatini eslang:
“Siz odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘ldingiz. Amri ma'ruf qilasiz, nahyi munkar qilasiz va Allohga iymon keltirasiz. Agar ahli kitoblar iymon keltirganlarida, o‘zlariga yaxshi bo‘lar edi. Ulardan mo‘minlari bor. Ko‘plari fosiqdirlar”.
Shuning uchun ham ahli sunna val jamoa islomni avloddan avlodga yetkazib berayotgan maktabdir.
Hadisi shariflarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Mening ummatim zalolatda jam bo‘lmaydi", deganlar. Shunday ekan, musulmon ummati doimo haqda, to‘g‘ri yo‘lda bo‘ladilar.
Samarqand shahar Qoraboy Oqsoqol
jome masjidi imom-xatibi Bobobek Abdurahimov
Kiritilgan vaqti: 19/09/2023 07:24; Ko‘rilganligi: 666
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 10:42