Mazhab bizga nega kerak?
Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sallollohu alayhi vasallamga, u zotning oila ahllariga hamda bizlarga shariat hukmlarini to‘g‘ri tushuntirib, unga to‘g‘ri amal qilish yo‘llarini ko‘rsatib bergan mazhabboshi imomlarimizga salavotu salomlarimiz bo‘lsin.
Ma'lumki, har bir mo‘min-musulmon bandaning o‘z diniga amal qilishidan asosiy maqsadi Alloh taologa bo‘ysunish va itoat etishdir. Bo‘ysunish esa uning buyruqlariga itoat etish va u qaytargan narsalardan qaytish ila bo‘ladi. Alloh taolo o‘z buyruq va qaytariqlarini Qur'oni karim va payg‘ambarimiz tillaridan hadis shariflarda bayon qilgan. Shuning uchun ham musulmon kishi amal qiladigan barcha hukmlarning asosi, ya'ni dalili mana shu ikki narsa hisoblanadi. Lekin har qaysi inson Qur'oni karim va hadisi sharif hukmlarini to‘liq va to‘g‘ri tushunib amal qila olmaydi. Shu sababdan hukmlarga to‘g‘ri va to‘liq amal qilishi uchun, bu dalillarni mukammal tushunib, undan hukm olishga qodir insondan so‘rashga majbur bo‘ladi, ehtiyoji tushadi. Bunga Alloh taoloning o‘zi ham buyurgan. Qur'oni karimning ushbu oyatida shunday marhamat qilinadi:
«Agar sizlar bilmasangizlar, zikr ahlidan so‘rang» (Nahl surasi, 43-oyat).
Bu oyati karimada Alloh taolo bandalariga o‘zlari bilmagan masalalarning javobini zikr ahli hisoblangan ulamolardan so‘rashga buyurmoqda. Musulmonlar payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam zamonlaridan beri amal qilib kelishmoqda. Asri saodat davrida sahobalar bir masalaning javobini bilmasalar, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning o‘zlaridan so‘raganlar. U zotdan so‘ng esa insonlar o‘zlari muhtoj bo‘lgan masalalarida ulamolardan fatvo so‘rab, unga amal qilib kelganlar. Modomiki, insonlar fatvo so‘raydigan muftiyning ilmi va taqvosi qattiq bo‘lsa, uning aytgan gapiga hujjat talab qilmasdan amal etilsa, mana shu istilohda taqlidning ayni o‘zi hisoblanadi. Zeroki, taqlidga «boshqa birovning gapiga dalilini bilmasdan yoki talab qilmasdan ergashish» deb ta'rif berishgan.
Dastlabki hijriy asrlarda ko‘plab avom xalqlar o‘zlari ishongan, uning fatvosini boshqaning fatvosidan ustun qo‘ygan kishilariga murojaat qilgan. Bir paytning o‘zida bir kishining bergan fatvosi bilan cheklanmasdan, xohlagan kishidan masala so‘raydiganlar ham bo‘lgan. Bunga o‘sha paytda mazhablar o‘ziga xos, hozirgidek uslubda tartiblanmagani sabab bo‘lgan. Lekin ular bu ishlaridan faqat dinni tushunib, unga amal qilishni istashgan, xolos.
Keyinchalik to‘rt mazhab o‘ziga xos ko‘rinishda tuzilib, har bir mazhabning kitoblari yozilib, madrasalar ularni o‘rganish bilan cheklangan paytda bu mazhablarning so‘zlari insonlar o‘rtasida mashhur va ma'ruf bo‘ldi. Barcha mazhabboshilar o‘z mazhablarini Qur'on va hadisdagi dalillar asosida barpo qildilar. Ular hukmlarni chiqarib olish yo‘llarini arab tili nuqtai nazaridan, hukmlarni bayon qilish uslubi nuqtai nazaridan ma'lum qoida shaklida tartibladilar. Ya'ni ular o‘z mazhablarini Qur'oni karim va hadisi sharif asosiga ko‘ra tartibladilar. Endi bu paytga kelib, o‘zi shu ishga qodir bo‘lmagan, ya'ni shariat asoslaridan hukm olishga qudrati yetmaydigan, bunga yetarlicha ilmi bo‘lmagan har bir musulmon shu to‘rt mazhabdan biriga ergashishi vojib bo‘ladi.
Bir mazhabga ergashgandan so‘ng esa boshqa mazhabga o‘tib ketishi mumkin emas. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nima uchun bir paytning o‘zida to‘rt mazhabga ergashib, ulardan xohlagan birining so‘ziga xohlagan paytda amal qilish mumkin emas? Vaholanki, barcha mazhab to‘g‘ri yo‘lda-ku...
Bunga asosiy sabab shuki, agar biror kishiga bu mazhablardan xohlagan bittasining so‘ziga xohlagan payti amal qilishiga ruxsat berilsa, o‘sha inson bu ishni shariatning asosi bo‘lgan dalilga asoslanib emas, balki havoi nafsiga ergashib, o‘zining foydasiga ishlaganda, shaxsiy manfaatini o‘ylab bu ishni amalga oshiradi. Ya'ni bir mazhabga ko‘ra bayon qilingan hukmga o‘zining foydasiga ishlab turganda amal qiladiyu, zarariga ishlaganda esa uni tark etib, o‘zining havoyi nafsiga mos boshqa mazhab so‘ziga amal qiladi. Bu keyinchalik o‘sha insonning dini buzilishiga, ya'ni to‘g‘ri yo‘ldan ozishiga sabab bo‘lgani uchun ham biror ulamo bu ishga ruxsat bermagan.
Har bir mazhabning ko‘plab masalalari o‘zaro bir-biriga bog‘liq ko‘rinishda tuzilgan, ularning o‘z doirasida amal qilinadigan o‘ziga xos nizomi mavjud. Agar bir hukm olinib, unga bog‘liq boshqa bir hukm tark qilinsa, bu nizom buzilib ketadi va biror ulamo to‘g‘ri deb aytmagan talfiqning bir ko‘rinishi yuzaga keladi. Omma-xalqning daqiq hukmlarni bilishi qiyin bo‘lgani, agar ularga mazhablar fikrlari o‘rtasida tanlov eshiklari ochilsa, ulug‘ shariat hukmlarida tartibsizlik holati yuzaga kelgani bois bir mazhabga amal qilishga ehtiyoj tushadi. Mazhabga ergashish masalasini to‘g‘ri tushunish kerak. Bir mazhabga amal qilish degani o‘sha mazhabboshining o‘zigagina bo‘ysunish emas, Alloh saqlasin, balki uning shariat va uning dalillari borasidagi ilmi boshqalarnikidan ko‘ra ko‘proq deb va uni shariat hukmlarini tushunishiga ko‘makchi deb ishonilgani uchun yoki o‘sha mazhabni o‘rganish boshqa mazhablardan ko‘ra osonroq bo‘lgani uchun amal qilinadi demakdir.
Inson modomiki o‘zi Qur'on va sunnatdan dalil olishga yetarlicha bilim va saviyaga ega bo‘lmas ekan, tanlagan mazhabining imomi aytgan so‘zlariga amal qilishi lozim bo‘ladi.
Biz yuqoridagi ma'lumotlardan to‘rt mazhabdan biriga ergashish vojib ekanligi, biriga ergashgandan so‘ng esa boshqasiga o‘tib ketishi mumkin emasligini bilib oldik. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: «Qaysi birini tanlaymiz, xohish o‘zimizdami? Xohlagan bittasiga ergashaveramizmi?..»
Bu to‘g‘risida Shayx Valiyulloh Dehlaviy shunday deganlar:
“Agar bir omi (etarlicha ilmi bo‘lmagan) inson hind yoki Movarounnahrning qaysidir bir shahrida bo‘lsa, u yerda na shofeiy, na molikiy na hanbaliy olim bo‘lmasa va ularning mazhablaridagi biror kitob ham bo‘lmasa, unga hanafiy mazhabiga amal qilishi vojib bo‘ladi. O‘sha mazhabdan chiqishi esa harom bo‘ladi. Chunki bunday qilmasa, shariatga bo‘ysunishdan chiqib ketadi. Agar u haramaynda bo‘lsa, unga barcha mazhablarni o‘rganish muyassar bo‘lgani uchun, bir so‘zni gumon bilan olishi yoki avom xalqning tilidan olishi, yoki mashhur bo‘lmagan kitobdan olishi kifoya qilmaydi. Bu «Kanzud daqoiq»ning sharhi «Nahrul foiq»da zikr qilinganidekdir”.
Bulardan ma'lum bo‘ladiki, asosiy maqsad Qur'oni karim va hadisi sharifda bayon qilingan shar'iy hukmlarga amal qilish, ergashishdir. Avom xalqning shar'iy dalillardan hukmlarni istinbot qilishga, chiqarib olishga bilim va saviyasi yetmas ekan, bir mazhabga ergashishi vojib bo‘ladi. O‘zlaricha hukm olib, shariatga noto‘g‘ri amal qilib qo‘ymasliklari uchun. Bir mazhabga amal qilishni boshlagandan so‘ng esa faqat o‘sha mazhabga amal qilish kerak bo‘ladi. Bir masalada gohida o‘z mazhabi so‘zini, gohida boshqa mazhab vakilining so‘zini olishi, ya'ni talfiq qilishi mumkin emas. Chunki bu ishni ko‘pincha nafsga yengillik istab bajaradi. Bu ish esa qaytarilgandir.
Lekin bir mazhabga amal qiluvchi kuchli olim bir masala borasida barcha dalillarni chuqur o‘rganib chiqqanidan so‘ng boshqa mazhab vakilining so‘zini olishi joiz. Chunki bu o‘rinda nafsga ergashib amal qilish yo‘q. Bizlarga ma'lum, hanafiy olimlari mazhabboshi Abu Hanifa so‘zlariga qarshi fikr bildirgan masalalar oz emas. Xuddi sherikchilikka ekin ekish masalasi singari: Abu Hanifa joiz emas deganlar, ikki imom esa urf joriy bo‘lgani uchun muayyan shartlar bilangina joiz bo‘ladi, deganlar. Chunki mujtahid hukmlarni shariatga kirituvchi emas, faqatgina uni bayon qilib beruvchi, yorqinlashtiruvchi va Allohning murodini ko‘rsatib beruvchi, xolos.
Agar inson bu ishga qodir bo‘lmas ekan, o‘sha mujtahidning so‘zi Qur'on va sunnatga xilof bo‘lmas ekan, unga ergashishi vojib. Agar zukko, taqvodor va insofli olim o‘zi ergashayotgan mazhabidagi masalaning dalilidan boshqa mazhabning dalili ustunligini, ularni to‘liq idrok qiladigan darajada ilmi bo‘lib, chuqur izlanishlaridan so‘ng bilsa, o‘sha boshqa mazhab vakilining so‘zini olishi durust bo‘ladi. O‘sha masalada yetarlicha ilmga ega bo‘lgani sabab.
Ya'ni bir mazhabga ergashuvchi din ilmlari bilimdoni bo‘lgan olim bir sahih hadisni yetarlicha o‘rganib chiqqanidan so‘ng uning o‘z mazhabidan aytilgan hukmga teskari va o‘sha hukmning dalilidan kuchli ekanini bilsa, o‘sha sahih hadisdagi hukmga amal qiladi. Unga teskari bo‘lgan mazhabidagi hukmga emas. Lekin bu mazhabboshisining qolgan so‘zlariga ergashmasligiga sabab bo‘la olmaydi. Chunki sahobalar davrida ham ularga ba'zi hadislar yetib bormagan sahobalar ham bo‘lgan. Endi bu holat tobein yoki tabaa tobein hisoblangan mazhabboshi ulamolarda batariqa a'lo kuzatilishi mumkin. Ya'ni o‘sha hadisni bilmagani uchun yoki o‘sha hadis boshqa bir zaif sanad bilan unga yetib borgani uchun undagi hukmga amal qilmay, boshqa bir dalildan hukm olib, undagi hukmga zid hukm aytgan bo‘lish ehtimoli mavjud. Zero, mazhabboshilar Qur'on va sunnatga bilib turib, zid gap gapirmaydilar.
Shulardan ma'lum bo‘ladiki, taqlidning ham bir necha darajalari bor. Ular quyidagilar:
- Qur'on va sunnatni to‘la tushunmaydigan, uning ilmlarini chuqur egallamagan avom xalqning taqlidi. Bularga diniy madrasalarni bitirib, fiqhiy hukmlarni Qur'on va sunnat yog‘dusida bir-biriga taqqoslay olmaydigan talabalar ham kiradi. Ularning barchalari o‘z mazhabiga to‘liq amal qilmoqlari lozim bo‘ladi.
- Ijtihod qilish darajasiga yetmagan, lekin Qur'on va sunnat ilmlarini bilish doirasi keng bo‘lgan, o‘z mazhabini yaxshi bilgan, mohir ustoz qo‘lida uzoq yil fiqh va fatvo bilan shug‘ullangan olimning taqlidi. Bunday olim mazhabining asosiy masalalarida imomga ergashsa-da, o‘z imomini so‘zini shar'iy dalilga qarshi topsa, uzoq izlanishlardan so‘ng dalilga mos so‘zni topa olmasa, o‘sha payt imomining so‘zini kuchli deb topgan dalil sababidan tark qilishi mumkin. Bu mazhabboshining barcha hukmlalarda so‘zi tark qilinishi yoki zaifligini keltirib chiqarmaydi. Chunki o‘sha dalildan mazhabboshi xabardor bo‘lmagan bo‘lishi yoki o‘sha dalil zaif sanad bilan yetib kelgan bo‘lish ehtimoloti bor.
- Mazhab ichidagi mujtahidning taqlidi. U o‘z imomiga asl masalalarda ergashsa-da, ba'zi far'iy qo‘shimcha masalalarda, yangi paydo bo‘lgan masalalarda ijtihod qilish imkoniyatiga ega. Ahli taxrij va tarjih ulamolari bunga misol.
- Mutlaq mujtahidning taqlidi. U mustaqil ravishda Qur'on va sunnatdan shar'iy hukmlarni istinbot qila olish malakasiga ega. Uning taqlidi ba'zi sahoba va tobeinlarning so‘zida fikr yuritib, Qur'on va sunnat hukmlarni sharhlashda o‘sha so‘zni ushlashi bilan bo‘ladi. Xuddi Imom Abu Hanifaning ko‘pincha Ibrohim Naxaiyning so‘zini, imom Shofeiyning Ibn Jurayjning so‘zini, Imom Molikning Madinaning yetti faqihini so‘zini olib, unga ergashgani singari.
Xulosa o‘rinida shuni aytishimiz mumkinki, musulmon kishining asosiy vazifasi shariat hukmalariga to‘la-to‘kis va to‘g‘ri amal qilishidir. Bu hukmlarni to‘g‘ri tushunish bilan bo‘ladi. Inson bu bilim va saviyaga ega bo‘lmasa, shu ishga qodir shaxsga ergashishi bilan bunga, ya'ni dinga to‘g‘ri va to‘la-to‘kis amal qilishga erishadi. Umrining oxirigacha hidoyatda to‘g‘ri yo‘lda bo‘lishi esa o‘sha mazhabga hayoti davomida ergashishi lozim bo‘ladi. Toinki, havoi nafsiga ergashib, mazhablar o‘rtasini talfiq qilib, zalolatga ketmasin. Alloh barchamizni o‘zining hidoyatida to so‘nggi nafasimizgacha bardavom qilsin.
Akmaljon G‘aniyev,
Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Manba: Azon.uz
Kiritilgan vaqti: 21/11/2019 12:07; Ko‘rilganligi: 2686
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 14:01