MAVLID VA U HAQIDA OLIMLAR FIKRI
«Mavlid» arabcha so‘z bo‘lib, “tug‘ilish, “tug‘ilgan joy” va “tug‘ilgan vaqt” ma'nolarini anglatadi. Biz musulmonlar “mavlid” deganda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tug‘ilgan oylarini nazarda tutamiz.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tug‘ilgan sanalarini Ibn Is'hoq Fil yilida Rabi'ul-avval oyining 12 kuni, dushanba Mahmud Posho Falakiy esa astronomik hisob bilan milodiy 571 yilning 9 Rabi'ul-avval, dushanba kuni deb ko‘rsatgan.
Mavlid sharif tarixi
Tarixchilarning ta'kidlashicha, mavlidni birinchi bo‘lib fotimiylar nishonlagan. Keyinroq Ayyubiylar davlatida Irbil shahri amiri Amir Muzaffariddin Abu Said Ko‘kbo‘ri ibn Zayniddin Ali ibn Tabuktekin bayram qilib belgilagan. Amir Muzaffariddin mavlid bayramini o‘tkazish uchun alohida e'tibor qaratar hamda juda ham katta mablag‘ sarflar edi.
Manbalarda kelishicha, amir tomonidan mavlid bayramini o‘tkazish uchun uch yuz ming dinor sarflangan. Bayramni nishonlash arafasida Irbil shahriga tutash bo‘lgan shaharlar, Bag‘dod, Mosul va boshqa joylardan faqihlar, tasavvuf olimlari, o‘tkir voizlar hamda shoirlar taklif qilinardi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning tug‘ilgan kunlari borasida ixtilof borligi uchun ham bayram, asosan, Rabiul avval oyining sakkizinchi va o‘n ikkinchi kunlari bo‘lib o‘tgan.
Usmoniylar davlatida ham mavlid bayrami keng miqyosda nishonlangan. Taxtga Abdulhamid II saylanganidan keyin mavlid bayramini nishonlash faqatgina «Jome'ul-Hamiydiy» deb nomlanadigan katta masjidda o‘takaziladigan bo‘ldi. Usmoniylar mavlidni Rabi'ul-avval oyining o‘n ikkinchi kuni o‘tkazadilar. Davlat a'yonlari, ulamolar va boshqa joylardan taklif qilingan mehmonlar katta jome'ning oldida sultonni kutib turishar, Sulton jome'ga tashrif buyurganidan keyin barcha masjidga kirib, mavlid bayrami boshlanardi. Bayram Qur'on qiroati bilan boshlanib, so‘ngra Nabiy sollallohu alayhi va sallamni dunyoga kelishlari borasida qissalar o‘qilar va undan keyin «Dalailul-xayrot fis-solati 'alan-nabiy» nomli kitob yig‘ilganlarga o‘qib berilar edi. So‘ngra zikr halqalari tashkil qilinib, baland ovozda salavotlar aytilar edi.
Mavlid bayramiga Mag‘rib davlatida ham alohida e'tibor bilan qaralgan. Hijriy o‘ninchi asr oxirlarida Mag‘rib davlatiga hukmdor bo‘lgan Sulton Ahmad Mansur tomonidan Rabi'ul-avval oyi boshqa oylardan o‘zgacha kutib olinib, katta xursandchilik bilan nishonlanar edi. Bayram tantana lari Rabi'ul-avval oyi kirishi bilan boshlanib, oyning yakunigacha ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlangan. Rabi'ul-avval oyining o‘n ikkinchi kuni Sulton jome' masjidida jamoat bilan namoz o‘qib, so‘ngra taxtiga o‘tirar edi. Barcha jam bo‘lganidan keyin, o‘tkir voizlardan biri chiqish, Nabiy sollallohu alayhi va sallamning fazilatlari, mo‘jizalari va u zotning dunyoga kelishlari haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berardi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamni madh qiladigan turli-tuman she'r va salavotlar aytilgach, yig‘ilganlarga katta ziyofat dasturxoni yozilar edi. Hozirda ham musulmon yurtlarda mavlid masjidlarda o‘tkazilib, unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam madh etilgan qasidalar o‘qiladi siyratlari to‘g‘risida suhbatlar bo‘ladi va Nabiy sollallo hu alayhi vasallamga salavotlar aytiladi. davomi bor...
Hasanov Ahmad Samarqand shahar "Damariq" jome masjidi imom noibi manbalar asosida tayyorlandi
Kiritilgan vaqti: 03/02/2023 10:08; Ko‘rilganligi: 854
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 01:56