O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MAVLID TO‘G‘RISIDA MUTAQADDIM OLIMLARNING FIKRLARI

 
 

Mavlidi sharifni o‘tkazish borasida ulamolar tomonidan turli fikrlar bildirilgan. Quyida ushbu fikrlardan ayrim misollarni keltiramiz:

Imom Suyutiy: «Mening nazdimda, insonlar to‘planib, Qur'ondan imkon qadar tilovat qilib, nabiy sollallohu alayhi va sallamning hayotlari qaqida hikoya qiluvchi va u zotning tug‘ilish kunlarida sodir bo‘lgan mo‘jizalar haqida so‘zlashishlari so‘ngra dasturxon tuzatib taomlardan tanovul qilishlari maqtalgan bid'atlardan bo‘lib, uni qilgan kishilar savob oladilar. Chunki bu ishlarda Nabiy sollallohu alayhi va sallamning qadrlarini ulug‘lash va xursandchilikni zohir qilish qamda u zotning tug‘ilgan kunlari bilan xushxabar berish bordir».

Hofiz ibn Hajar Asqaloniy: «Mavlidi sharifni o‘tkazish dastlabki uch asrda yashab o‘tgan salafi solihlardan naql qilinmagan. Biroq mavlidi sharifni qasd qilgan inson shariatda man qilingan ishlardan chetda bo‘lib, bu ishlarni amalga oshirsa, maqtalgan bid'atni qilib, bu ishiga savob oladi».

Imom Saxoviy: «Dastlabki uch asrda mavlidi sharifni salaf ulamolardan biror kishi nishon-lamagan. Bu ishlar keyinchalik paydo bo‘lgan. Yer yuzidagi musulmonlar hanuzgacha bu ishlarda bardavom bo‘lib kelmoqdalar. Mavlidi sharif kechalarida bir-birlariga sadaqalar ulashishlari, mavlidi sharifga oid kitoblarni o‘qishlari yaxshi ishlar-dandir. Mavlidning barokatidan ularga ko‘pgina ijobiy ishlar zohir bo‘ladi».

Imom Ibn Hoj Molikiy rahmatulloqi alayh: «Alloh taoloning bizga ato qilib bergan ulug‘ ne'matiga shukrona sifatida Rabi'ul-avval oyining o‘n ikkinchi - dushanba kunida ibodat va xayrli ishlarni ko‘proq qilish lozim bo‘ladi, Chunki ne'matlarning eng ulug‘i Nabiy sollalloqu alayhi va sallam tug‘ilgan kunlaridir»; «Mavlid o‘qish va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tug‘ilgan kechada xursand bo‘lish u zotni hurmat qilish hisoblanadi».

Ibn Obidin: «Bilginki, Nabiy sollallohu alayhi va sallam tug‘ilgan oyda qilinadigan mavlidi sharif maqtalgan bid'at ishlardandir»; «Salavotlarning afzali va salomlarning mukammal sohibi bo‘lmish Nabiy sollallohu alayhi vi sallamning qissalaridan eshitish uchun jamlanish, o‘z ichiga ko‘pgina mo‘jiza va salavotlarni qamrab olganligi bois eng ulug‘ qurbatlardan hisoblanadi».

Hofiz Abdurahim Iroqiy: «Albatta, valima qilish va insonlarga taom ulashish doimo maqtalgan ishlardan hisoblanadi. Agar bu fazilatli ishlarga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tavallud topgan muborak oydagi shodu xurramlik va xursandchilik qo‘shiladigan bo‘lsa, u qanday ham go‘zal bo‘ladi. Zero, mavlidni yangidan paydo bo‘lgani, uning yomon ko‘rilgan ishlardan ekanligini bildirmaydi. Yangi paydo bo‘lgan mustahab bid'atlardan qanchalari borki, uni amalga oshirish vojib bo‘ladi».

Abu Shoma (Imom Navaviyning ustozlari): «Bizning zamonamizda har yili Nabiy sollallohu alayhi va sallam tug‘ilgan kunlariga muvofiq keladigan kunda sadaqalar qilish, xayrli ishlarni amalga oshirish, chiroyli liboslarni kiyib, xursandchilikni zohir qilish qanday ham go‘zal ishlardan hisoblanadi. Zero, ushbu ishni qiluvchi inson qalbida Rasululloh sollallohu nlayhi va sallamga nisbatan ehtirom va muhabbati hamda u zotni butun olamlarga rahmat qilib yuborgan Alloh taologa shukrona qiluvchiligiga ishora bordir».

Shihob Ahmad Qastaloniy: «Muborak mavlid oyining kechalarini bayram qilgan insonga Alloh taolo rahm qilsin. Shoyadki, ushbu ishi uning qalbidagi kasallik va illatlarga davo bo‘lsa». davomi bor... 

Hasanov Ahmad Samarqand shahar “Damariq” jome masjidi imom-noibi manbalar asosida tayyorlandi


Kiritilgan vaqti: 31/01/2023 15:32;   Ko‘rilganligi: 571
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/mavlid-togrisida-mutaqaddim-olimlarning-fikrlari
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 01:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing