O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MAS'ULIYATDAN QO‘RQISH

 
 

Amr ibn Os roziyollohu anhu oldin mushrik bo‘lganlar, so‘ngra islomga kirib ko‘p fathlarda ishtirok qilganlar. Oxirida Misrga voliy bo‘lganlar. Ana shu voliylik u zotni vafotlari yaqin qolganida tashvishga soladi. Qiyomatdagi mas'uliyatdan qo‘rqadilar.
Imom Ahmad rohimahulloh o‘zlarining "Musnad"larida Abdurrahmon ibn Shumosadan zikr qiladilar:
"Amr ibn Os roziyollohu anhuga o‘lim yaqinlashgach yig‘ladi. Shunda o‘g‘li Abdulloh so‘radi:
- Ey otajon! O‘limdan qo‘rqib yig‘layapsizmi?

Amr roziyollohu anhu dedi:
- Yo‘q ey o‘g‘lim. Undan keyingi narsalardan qo‘rqib yig‘layapman.
Abdulloh otasiga uni xotirjam qilish uchun Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga hamsuhbat bo‘lganini, Shom fathlarini eslatdi. Shunda Amr ibn Os roziyollohu anhu dedi:
- Bulardan afzal bo‘lgan "La ilaha illalloh" deb guvohlik berganimni tashlab ketding. O‘g‘lim! Mening hayotim uch bosqichdan iborat bo‘ldi. Bu bosqichlarning barida nafsimni tanib turganman. Birinchi bosqichda kofir edim. Rasulullohga ashaddiy qarshilardan edim. Agar o‘shanda o‘lganimda aniq do‘zaxga kirar ekanman.
Keyin Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga bay'at qilgach, u zotdan eng ko‘p hayo qiladigan kishiga aylandim. U zot Allohga yo‘liqqunlaricha hayo qilib ko‘zlariga qaramaganman. Agar o‘shanda vafot qilganimda kishilar: "Amrga muborak bo‘lsin. Musulmon bo‘ldi, yaxshilik ustida bo‘ldi. Vafot qildi. Unga jannatni umid qilamiz", deyishar edi.
Keyin saltanatga aralashdim. Mol-dunyoga ega bo‘ldim. Bular mening foydamgami yoki zararimgami, bilmayman. Agar vafot qilsam men uchun yig‘lamanglar, ortimdan maqtab bormanglar, olov yoqmanglar. Dafn qilsangiz ustimga biroz tuproq sepinglar. O‘ng tomonim tuproqqa chap tomonimdan haqliroq emas. Dafn qilib bo‘lib qabrim ustida bir tuyani so‘yib tarqatish miqdorida o‘tiringlar. Sizlardan taskin olaman".



Muhaqqiqlar hadisni sahih deyishgan. Urgut markaziy masjidi xodimi Abdulqodir Polvonov.


Kiritilgan vaqti: 04/11/2021 06:07;   Ko‘rilganligi: 477
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/masuliyatdan-qorqish
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 18:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing