O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

MARHUMLARNING QUR'ON TILOVATIDAN NASIBASI

 
 

Barchaga ma'lumki, musulmonlar qaysi mazhabda bo‘lishlaridan qat'i nazar, marhumlarga atab xatm o‘tkazish va qabristonda Qur'on tilovat qilishga fatvo berganlar. Ammo ayrim mutaassib kuchlar tomonidan bu ezgu amalga zid holda yondoshadiganlar ham topilib qolmoqda. Ular o‘z rahnamolari tomonidan chiqarilgan dalil-isbotsiz gap-so‘zga uchmoqda.
O‘tgan allomalarimizning fikrlariga suyanib qaraydigan bo‘lsak, diniy hukmlar aqlga emas, balki naqliy dalillarga tayanadi. Aqlni naqldan ustun qo‘yganlar shariatga yengil-elpi qaragan turli chalasavodlar kabi dinni noto‘g‘ri tushuntirishga urinishadi. Natijada o‘zlari ham adashadi, boshqalarni ham tubanlik sari yetaklaydi.

Shuni afsus bilan aytishimiz kerakki, qabristonda yoki biror yerda marhumlar haqqiga tilovat qilish mumkin emasligi, uning foydasi yo‘qligi, shariatda man etilgani borasida zaif bo‘lsa-da, biror hadisni topa olmaysiz. Aksincha, oyati karima, hadisi shariflar va allomalarning fikrlari uning marg‘ub amallardan ekanligini ta'kidlaydi.
Alloh taolo marhumlar haqqiga duo qilganlarni tavsiflab maqtagan:
«Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: «Ey, Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari iymon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda iymon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!».
Buyuk vatandoshimiz Imom Abu Lays Samarqandiy «Bahrul-ulum» tafsirida shunday yozadi: «Bu oyatda mo‘minlar zimmasiga o‘zlaridan oldin o‘tgan birodarlari uchun Allohdan mag‘firat so‘rashlari burch ekaniga dalil bor. Shuningdek, undan mo‘minlar o‘zlarining ota-onalari va ta'lim bergan muallimlari haqqiga ham istig‘for aytishi kerakligi kelib chiqadi».
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: «Qachon biringiz vafot etsa, uni uitab turmanglar. Qabrga tezroq eltinglar. Uning bosh tarafida «Fotiha» surasi, oyoq tarafida «Baqara» surasining oxiri o‘qilsin», deganlarini eshitdim» (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan biri qabr ustiga kapasini tikib oldi. U yer qabr ekanini bilmasdi. Bir kuni qabrdagi inson «Taborak» surasini oxirigacha qiroat qilganini eshitdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Ey Allohning Rasuli, bilmasdan qabrning ustiga kapamni qurib olibman. Uning ichida bir odam «Mulk» surasini qiroat qildi», dedi. Shunda u Zot: «U («Taborak» surasi) man qiluvchidir. U najot beruvchidir. Qabr azobidan najot beradi», dedilar»?
O‘likning qabr ichida turib Qur'on qiroat qilgani sobit bo‘lganidan keyin tiriklar qabr ustida turib qiroat qilishlarini qanday man qilish kerak ekan?! Shuning uchun, bizda dafndan keyin «Taborak» surasini qiroat qilish odat tusiga aylangan.

Hasanov Ahmad Samarqand shahar "Damariq" jome masjidi imom noibi manbalar asosida tayyorlandi


Kiritilgan vaqti: 07/02/2023 18:49;   Ko‘rilganligi: 246
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/marhumlarning-quron-tilovatidan-nasibasi
Chop etilgan vaqti: 14/05/2024 07:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing