O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi muborak bo‘lsin.

 
 

Ma'lumki, 2022 yilda xalqimiz necha yuz yillik tarixi davomida orzu qilib, intilib yashagan va XX asr so‘nggida erishgan, mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom ma'nodagi buyuk, olamshumul voqea – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi e'lon qilinganiga o‘ttiz bir yil to‘ladi.

Mustaqillik, tinchlik va taraqqiyot. Bu ulug‘ tushunchalar doimo yonma-yondir. Xalqimizning tarixiy yutug‘i – Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda bu haqiqat yana bir bor o‘z ifodasini topmoqda.

Har qanday zamonda odamzot nafaqat moddiy farovonlik va jismoniy qulaylik sari intiladi. Kishi uchun o‘z qadrini bilish, uning huquq va erkinliklari har doim muhim bo‘lgan va muhim bo‘lib qoladi. Milliy o‘zligini anglash odamning eng muhim ehtiyojlaridan biri bo‘lib qoladi. Odamlar bir davlatga qaram bo‘lishning har qanday shakliga doimo qarshi bo‘lishgan. Zero, davlat mustaqilligi – bu xalqning o‘z kelajagini o‘zi belgilash huquqidir. Bu huquq barchaning o‘z yurti va xalqi taqdiri oldidagi mas'uliyatini ham anglatadi.

Mustaqillikka erishish – bu faqatgina davlatchilik tarixi emas. Bu xalq tarixi hamda hayoti o‘zgarishlar davriga to‘g‘ri kelgan insonlar taqdiridir.

Tinchlik – taraqqiyot kaliti. U bo‘lmagan joyda qut-baraka, rivojlanish, taraqqiyot bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 1 avgustda imzolagan "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarori yurtdoshlarimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi. Zero, mustaqillik o‘zlikni anglash, o‘z vatanida emin-erkin yashash, millat ravnaqi va davlat taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatish demakdir.

Tarixan qisqa davrda O‘zbekiston ilgarigi o‘zini boqishga, o‘zini himoya qilishga qurbi yetmagan, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olib, aholining hayot darajasi g‘oyat achinarli ahvolga tushib qolgan qoloq respublikadan bugungi kunda tez va barqaror sur'atlar bilan taraqqiy etib borayotgan, jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib o‘rin egallagan, qudratli davlatga aylanib bormoqda.

Zamonlar o‘tadi, mamlakatimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi. Ajdodlarimizning, xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqargan, erkin va obod Vatan barpo etish yo‘lida qanot bo‘lib, beqiyos imkoniyat va istiqbollarni ochib bergan bu kun yurtimiz tarixida mangu buyuk sana bo‘lib qoladi. 

Barchalaringizga O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayrami muborak bo‘lsin. Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka hech qachon arimasin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin, aziz yurtdoshlar!

N.Temirova Samarqand viloyati bosh imom xatibinig xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi


Kiritilgan vaqti: 31/08/2022 11:00;   Ko‘rilganligi: 453
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/mamlakatimiz-mustaqilligining-ottiz-bir-yilligi-muborak-bolsin
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 11:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing