Mafkuraviy immunitetni shakllantirishda diniy qadriyatlarning ahamiyati
Alloh taoloning ulug‘ ne'matlaridan bo‘lgan Mustaqillik sababli yurtimiz uzra hurriyat va fayzu barakot taraldi. Uzoq yillik isbibdodli tuzumdan so‘ng milliy va diniy qadriyatlarimiz qaytadan ravnaq topdi.
Azaldan xalqimizda “din” deganda insonni yaxshi, savobli ishlarga, saodatga yetaklovchi omil sifatida tushunilgan. Islom dini asosida shakllangan diniy va milliy qadriyatlar xalqimizning turmush tarziga aylanib, ularni bir-biridan ayro holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Islom dini — milliy ma'naviyatimizning ajralmas bo‘lagidir. Ammo, g‘arazli kimsalar tomonnidan bu holatdan foydalangan holda islom dini niqobi ostida jamiyat ichida turli xil ekstremistik va terroristik g‘oyalarni targ‘ib qilishga bo‘lgan harakatlar hozirgi vaqtda avj olib ketdi. Islom dini nomidan amalga oshirilgan bunday buzg‘unchi g‘oyalar harakati tarixning har bir asrida uchraydi. Texnik vositalar va axborot almashuvi chegara bilmas darajada o‘ta rivojlangan bir davrda bunyodkor va buzg‘unchi g‘oyalar o‘rtasidagi bunday g‘oyaviy paligon keng miqyosda dunyo bo‘ylab tarqalayotganligi har bir oqil insonni xavotirga solmoqda. Mustaqillik sababli muqaddas dinimiz dahriylik tazyiqidan halos bo‘ldi, dahriylik siyosatiga barham berildi. Ammo, botil aqidalar xuruji din va dindorlar uchun, jamiyat uchun ulkan xavfni yuzaga keltirmoqda.
Bugungi kunda diniy ekstremizm va terrorizmdan jamiyatni asrash, dini niqobi ostidagi buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi mafkuraviy kurash olib borish har bir din arbobining muhim vazifalaridan biri bo‘lib qoldi.
Mafkuraviy kurash jarayonlari bilvosita insonning eng nozik nuktasi e'tiqod va din niqobi ostida olib borilganda bu juda xavfli tus oladi. Bunday jarayonga qarshi immunitetni shakllantirishda diniy qadriyatlarning, xossatan mamlakatimizda aholining katta qismi islom diniga e'tiqod qilishini hisobga olgan holda islom dinining asl mohiyatini ommaga yetkazish muhim o‘rin tutadi. Bu sababli jamiyatda birinchidan, diniy aqidalarning noto‘g‘ri shakllanishi oldi olinsa, ikkinchidan islomofobik qarashlarning tarqalashining oldi olinadi.
Islom dinining asl mohiyatini, hozirgi vaqtda islom dini da'vosi bilan bo‘layotgan turli zararli harakatlar dinimizga yot ekanini keng jamoatchilikka tushuntirish lozim. Buyuk ajdodlarimiz, diniy arbob va ulamolarimizning tiklanayotgan ilmiy meroslari, odob-axloq va din-diyonat haqida yozilgan asarlari mafkuraviy immunitetni shakllantirishda eng muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Turli xil buzuq aqidalarga qarshi immunitetni shakllantirishda islom dini ravnaqi va taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, imom Shoshiy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Burhoniddin Marg‘inoniy, Ahmad Farg‘oniy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Ahror Valiy kabi ulamolarning ma'naviy meroslari juda katta ahamiyatga ega. Shuningdek, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining “Al-Adab al-mufrad” va “Sahihi Buxoriy” hadis to‘plamlari ayniqsa diqqatga sazovordir. Mafkuraviy immunitetni shakllantirishda yoshlarimiz ongiga milliy istiqlol g‘oyalarini singdirish bilan bir qatorda diniy qadriyatlarni ham yetkazish o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama yetuk inson bo‘lishini ta'minlaydi.
Shubha yo‘qki, milliy va diniy qadriyatlarimizning tarbiyaviy jihati juda keng va serqirra jarayon bo‘lib, yoshlarimiz tarbiyasidagi o‘rni beqiyosdir. Ulardagi vatanparvarlik, insoniylik, mehr oqibat kabi tushunchalar farzandlarimizni iymonli insofli, yurtimizga astoydil xizmat qiluvchi yuksak ma'naviyatli shaxslar qilib tarbiyalaydi.
Nodir Qobilov, Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
Payariq tuman “Sog‘ish ota” jome masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 07/10/2019 16:26; Ko‘rilganligi: 1938
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 17:02