O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Madina – Rasulimiz yashagan va dafn etilgan shahar

 
 

Madinai Munavvara – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijrat qilgan, Qur'oni karimning bir qancha oyatlari nozil bo‘lgan, sahobalar yurgan, Payg‘ambarimizning muborak tanalarini o‘z bag‘riga olgan, ulug‘ sahobai kiromlar dafn etilgan, Makkadan keyingi eng fazilatli shahar. 

Madina – Alloh taolo madh etgan shahar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: Albatta, Alloh taolo Madinani Toba deb nomlagan”.

“Toba” – “pokiza”, “ozoda”, “xushro‘y” kabi ma'nolarni anglatadi.

Madina – yo‘llari farishtalarga to‘la, uning eshiklarini farishtalar qo‘riqlaydigan shahar.

Shu sabab, bu muborak nurli shaharga vabo ham, Dajjol ham kira olmaydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Madinaning yo‘llarida farishtalar bor. Unga o‘lat ham, Dajjol ham kira olmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: “Madinaga Masih Dajjolning qo‘rqinchi kirmaydi. O‘sha kunda uning yetti eshigi bo‘lib, har eshikda ikkitadan farishta turadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Madina – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshi ko‘rgan, unga oshiqqan shahar. Anas roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon safardan kelib, Madinaga nazarlari tushsa, ulovlarini tezlatar va agar biror ulovda bo‘lsalar, unga muhabbatlaridan haligi ulovni qistar edilar” (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).

Madina – Nabiy sollallohu alayhi vasallam uning haqqiga ko‘p duolar qilgan shahar. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim! Madinada Makkaga bergan barakangdan ikki hissa ko‘p qilgin, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu muborak shaharning haqqiga yana bunday duo qilganlar: “Allohim! Bizga xuddi Makkaga bo‘lgan muhabbatimiz kabi yoki undan ham kuchliroq qilib Madinani sevimli qilgin” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bundan tashqari Madinai sharifda Nabiy alayhissalomning masjidlari, muborak Baqi' qabristoni, Islom tarixida ilk qurilgan Qubo masjidi, Qiblatayn masjidi, Uhud tog‘i kabilar ham bor.

 Davron NURMUHAMMAD


Kiritilgan vaqti: 07/02/2024 14:11;   Ko‘rilganligi: 219
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/madina-rasulimiz-yashagan-va-dafn-etilgan-shahar
Chop etilgan vaqti: 29/04/2024 17:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing