O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Laqab qo‘ymang!

 
 

Biz biror ismni eshitganimizda, biror kishini tasavvur qilamiz, ismdan murod o‘sha kishi ekanligini anglaymiz. Insonlar muomala jarayonida bir-birini chaqirishlari uchun ismlardan foydalanadi. Ism qo‘yilganda yaxshi niyatlar, orzular qilinadi.

Ba'zida, kishilar do‘sti yoki umuman boshqa birovni o‘z ismi bilan emas, aksincha, ismining buzilgan shakli bilan, laqab bilan chaqirishi kuzatamiz. Laqab qo‘yish bizda asosan salbiy ma'noda ishlatilsa-da, aslida laqab birovning sha'ni, qadr-qimmatini ko‘tarish yoki past sanash uchun ishlatiladi. Masalan, Amin, Siddiq, Foruq kabi laqablar kishining yaxshi sifatlari evaziga ularni maqtash, maqomini ko‘tarish uchun qo‘yilgan. Yoki, ko‘r, kar, g‘ilay kabi insonning xulqida yoki xilqatida mavjud kamchiliklarini laqab qilib qo‘yishdan maqsad – kishining ustidan kulish, masxaralash va uni past sanashdir. Bu insoniylik odobiga umuman ziddir.

Alloh taolo: “Va o‘zingizni o‘zingiz mazax qilmang, bir-biringizga laqab qo‘ymang. Iymondan keyin fosiqlik ismi naqadar yomon! Va kim tavba qilmasa, bas, ana o‘shalar zolimlardir”, [1] deb marhamat qilgan.

Oyatda mo‘min kishi boshqa bir mo‘minni mazax qilishi o‘zini o‘zi mazax qilgan kabi bo‘lishi eslatilmoqda. Chunki ular birodar, aka-uka, bir oila, jamiyat a'zolaridir. Jamiyat a'zolari bir-birini mazax, masxara qilishi shu jamiyatning parchalanishiga, o‘zaro kelishmovchiliklarga sabab bo‘ladi.

Odatda, laqab qo‘yish orqali bir kishini kamsitish, masxara qilish maqsadi bo‘ladi. Umuman, laqab yomon sifatlarni zikr qilishdan iborat. Laqab qo‘yish orqali insonni kamsitish katta gunoh hisoblanadi.

Shuning uchun ham Nabiy alayhissalom johiliyat paytidan qolgan xunuk ism va laqablarni chiroylisiga almashtirganlari hammaga ma'lum.

Abu Jubayra ibn Zahhok deganlarki: «Bir qavm boshqasini masxara qilmasin…» oyati bizning Banu Salama qabilamiz haqida nozil bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, bizning har birimizning ikki yoki uch xil ismlarimiz bor edi. Agar u kishi birortamizni o‘sha ismlardan birini aytib, chaqirsalar, kishilar: «Ey Allohning Rasuli, u bu ismni eshitsa, g‘azabi chiqadi», – deyishardi». [2]

Qolaversa, Alloh taolo “Humaza” surasida marhamat qiladi: “Har bir obro‘ to‘kuvchi va ayblovchiga vayl bo‘lsin”.

Odamlarning obro‘sini g‘iybat yo‘llari bilan ko‘p to‘kuvchi odam arab tilida «humaza» deyiladi. Odamlarning aybini, kamchiliklarini imo-ishora ila masxara qiluvchi «lumaza» deyiladi. «Vayl» jahannamdagi bir vodiyning nomi yoki «holiga voy», «halok bo‘lsin» degan ma'nodagi so‘z ekanini oldin ham o‘rganganmiz.

Ushbu ikki sifatga ega bo‘lganlarning barchasi do‘zaxga tushadi va ularning ahvoliga voy bo‘ladi, deydi Alloh taolo. Chunki mo‘min kishining qonini to‘kish qanchalik gunoh bo‘lsa, obro‘sini to‘kish ham shunchalik gunoh. Odam o‘ldirib – qon to‘kib gunoh qilganlar jahannamga tushganlaridek, g‘iybat qilib – obro‘ to‘kib, kishilarni xafa qilganlar ham jahannamga tushadi. [3]

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Har bir musulmonga boshqa musulmonning qoni, moli va obro‘si haromdir![4]

Shundan kelib chiqadiki-ki, kishilarga laqab qo‘yish, masxaralash va obro‘sini to‘kish mazammatli xulqlardandir. Bulardan tiyilish, musulmonning obro‘siga tajovuz qilishdan saqlanish har bir musulmonga vojibdir.

 

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi

B. Mirzayev

[1]Hujurot surasi, 11-oyat

[2]Imom Ahmad

[3]Tafsiri Hilol 6-juz'

[4]Imom Muslim, Imom Ahmad va Bayhaqiy


Kiritilgan vaqti: 24/01/2022 12:36;   Ko‘rilganligi: 1329
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/laqab-qoymang
Chop etilgan vaqti: 13/05/2024 14:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing