Kufr haqida
Ma'lumki bugungi kunda ba'zi toifalar kufr so‘zini ko‘p ishlatmoqda. Iymon keltirgan va o‘zini musulmon deya da'vo qilayotgan kishini ham kufrda yani dindan chiqqanlikda ayblamoqdalar.
Aslida bu “Kufr” o‘zi nima degani? Qanday odamga kofir deyiladi? Bu savollarga quyidagi maqolamiz orqali javob berishga harakat qilamiz.
Kufr so‘zi lug‘atda “yopish”, “berkitish” ma'nosini anglatadi.
Kufr shar'iy istilohda imonning ziddi bo‘lib, “tonish”, “bosh tortish” ma'nolaridadir. Bu haqda Alloh taolo bunday deydi: «Bizlar (bu ikki kitobning) har biriga kofirdirmiz», dedilar (Qasos, 48).
Shu e'tibordan shar'iy ma'nosi va lug‘aviy ma'nosi o‘zaro uzviy bog‘liqdir. “Kofir” degani “kufr egasining qalbi kufr sababli yopilgan” degan ma'nodadir. “Durrur muxtor” asarida bunday deyiladi: “Kufr shariatda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ni dinga oid olib kelgan narsalarida yolg‘onchiga chiqarishdir”.
Shariatda musulmonni uning musulmon ekanligiga qarshi dalil topilmagunicha musulmon, deb hukm qilinadi. Zero, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan bunday deydilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Bir musulmonni kofirga chiqarishdan oldin kufrga sabab deb o‘ylanayotgan u gapirgan so‘zi yoki ishiga qarash, uni yaxshilab o‘rganish shartdir. Zero, barcha fosid so‘z yoki ish kufr qiluvchi emasdir. Shuningdek, barcha insonlar o‘zgalarni kofirga chiqarishdan saqlanmoqlari, bu ishdan qochib, bu juda nozik masala bo‘lgani uchun ham uni olimlarga havola etish vojibdir. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa, gapiruvchining o‘ziga qaytadi”, deb aytdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. U zot Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni bunday deyayotganlarini eshitgan: “Kim bir kishini “kofir” deb chaqirsa yoki “Allohning dushmani” desa, aslida u odam bunday bo‘lmasa, gaplari o‘ziga qaytadi” (Imom Muslim rivoyati).
Agar bir musulmon odam kufrga o‘xshash so‘zni gapirib qo‘ysa, modomiki uning so‘zini boshqa bir yaxshi ma'noga yo‘yishning imkoni bo‘lsa, uni kofir deyilmaydi. Shuningdek, u gapirgan so‘zni kufr so‘z ekanligida olimlar o‘rtasida ixtilof bo‘lsa, agarcha u ixtilof zaif rivoyatda kelib, rivoyatda u so‘zni kufr ekanligi shak qilingan bo‘lsa-da, u musulmon kofirga chiqarilmaydi.
Zero, musulmonni nima narsa imonga olib kirgan bo‘lsa, ana o‘shandan tonishgina imondan chiqarib yuboradi. Chunki kishidagi mavjud islom shak bilan yo‘q bo‘lmaydi. Islom shak bilan yo‘q bo‘ladigan narsa emas. Agar bir kishi bir so‘zni aytib qo‘ysa yo qilib qo‘ysa va bir qancha ta'villarga ko‘ra u kofir bo‘lishi kerak bo‘lgan vaqtda bittagina ta'vilga ko‘ra u kofir bo‘lmasligi chiqsa, bu masala nozik bo‘lgani va musulmon haqida yaxshi gumon qilish lozimligi e'tiboridan ana shu bir ko‘rinishga ko‘ra, u kofir emas deyiladi. Olimlar shunga fatvo berishgan. Bundan tashqari kufr jinoyatning eng yuqorisi bo‘lib, u jazoning ham eng yuqorisini taqozo qiladi. Endi shak va ehtimol bilan esa bir odamga eng katta jazo qo‘llanmaydi ( Raddul muxtor xoshiyasi. III jild. 385 bet).
Musulmonni kofirga chiqarishdan kelib chiqadigan xatar sababidan Qur'oni karim va Sunna o‘zga birovni kufrga chiqarishdan qaytargan. Jumladan Niso surasi 94-oyatida Alloh taolo bunday deydi: “Ey imon keltirganlar! Alloh yo‘lida safarga chiqqaningizda aniq ish tuting! Sizlarga salom bergan (yoki taslim bo‘lgan) kishiga bu dunyo matohini (o‘ljani) ko‘zlab: “Mo‘min emassan”, demangiz! Allohning huzurida ko‘p o‘ljalar (bordir). Ilgari sizlar ham shunday (imoningizni sir tutar) edingizlar. So‘ngra Alloh sizga ne'mat ato etdi. Bas aniqlab ish tutingiz! Albatta Alloh (barcha) ishlaringizdan xabardordir”.
Bu oyatni nozil bo‘lishi haqida Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday deydi: Imom Ahmad Ibn Abbosdan rivoyat qiladilar: “Banu Salimdan bir kishi o‘zining qo‘ylarini boqayotganida Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarining bir guruhining oldidan o‘tib turib, ularga salom berdi. Ular: “bizga salom berma, balki bizdan panoh so‘ra”, dedilar. So‘ng uni o‘ldirdilar, keyin uni qo‘yi bilan Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) huzuriga olib keldilar. So‘ng ushbu oyatni “Ey imon keltirganlar…” dan oxirigacha nozil bo‘ldi.
Jumhur kalom va fiqh ulamolari ittifoqiga ko‘ra, biror bir ahli qibla bo‘lgan musulmonni kofirga chiqarmaslik lozimdir.
Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) hazratlari ham ahli qibla bo‘lganlarning birortasini kofirga hukm qilmagan ekanlar.
Imom Shofe'iy (rahmatullohi alayh) faqatgina bid'at ahlidan bo‘lgan xattobiylarni ochiq suratda haromni halol deganlari uchun kofirga hukm qilgan ekanlar.
Tahoviy aqidasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deyiladi (Al-Manhajus sahih fi fahmi aqidati ahli sunna val jamaa'. Hasan Ali Saqqof,703-bet).
Shuningdek, boshqa aqida va ularga yozilan sharhlarda katta gunoh qilgan kishilar garchi uni sodir etish paytida vafot etsa ham, qilgan ishini halol sanamasa, kofir bo‘lmasligi, agar o‘z uqubatlarini dunyoda olsa katta gunohi uchun kafforot bo‘lishi, mabodo vafot etsa, bu – Allohning xohishi: xohlasa azoblashi, xohlasa kechishi bayon etilgan.
Aqida ilimining yetuk bilimdoni Abul Hasan Ash'ariy aytadilar: “Men ahli qibladan birortasini kofirga chiqarmayman. Chunki ularning barchalari yolg‘iz ma'budga ibodat qiladilar”.
Hulasa qiladigan bo‘lsak ahli sunnaning e'tiqodiga ko‘ra ahli qibladan birortasini biror gunohi sababli kufrda ayblamaymiz. Aslida biror kishini kofir yoki dindan qaytganligi haqida hukm chiqarish qozi va mahkamaning ishidir.Olimlar va muftiylar bu masalani atroflicha o‘rganib keyin bir hulosaga keladilar va hukum qiladir. Oddiy musulmon bir birodarini kufrda ayblashga haqqi yo‘q. Biror kishini kufrda ayblashning hatari shunchalik kattaki, u sababli shu odamning qoni halol, uning mulkini tortib olish mumkin unini o‘ldirish mumkin degan hukumni chiqarmoqchi bo‘ladilar. Vaholangki agar bir kishi dindan qaytsa ham qozi unga to‘g‘ridan to‘g‘ri hukum chiqarmaydi balki uning aytgan gapini tekshirib ko‘radi, unga muhlat beradi va tavba qilishiga imkon beradi.
Shunday ekan bir kishini kufrda ayblash katta fitnaga sabab bo‘lar ekan biz bu ishdan uzoqda bo‘lishimiz lozim.
Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bundan qaytarganliklari ham bu ishni naqadar nozik ekanligini belgilab beradi. Biz yuqorida ko‘rganimizdek, U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa, bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa gapiruvchining o‘ziga qaytadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati) deganlar.
Abrorov Jahongirxon manbalar asosida
Kiritilgan vaqti: 13/12/2022 11:07; Ko‘rilganligi: 3719
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:48