O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ko‘r ketar ekan bilmay istiqbolda choh, Uni ogoh etmasang sendadir ulug‘ gunoh

 
 

Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, yurtimizda tinchlik va osoyishtalik ne'mati barqaror bo‘lib, hayotimiz farovon, turmushimiz osuda davom etmoqda. Istalgan paytda respublikamizning turli hududlariga bemalol sayr qila olamiz. Bu tinchlikning sharofati, albatta.  Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:“Ikki ne'mat borki, ko‘pchilik odamlar uning qadriga yetmaydilar. U sihat-salomatlik va xotirjamlikdir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Darhaqiqat, inson ogoh bo‘lsagina o‘zining kelajagiga aql bilan teran nazar tashlaydi, kelishi yoki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fitna-fasod, xavf-xatarning oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo‘ladi. Aksincha, g‘ofil, beparvo va loqayd bo‘lgan kimsa esa atrofida nimalar bo‘layotganiga e'tibor bermay, oxir-oqibat turli balo-musibatlarga duchor bo‘ladi. Alloh taolo aql-farosati va ongini ishlatmaydigan, o‘zining kim ekanligini anglab yetmagan, bugungi kunning huzur-halovati bilan yashab, ertasi haqida, Vatan tinchligi, millat osoyishtaligi haqida qayg‘urmaydigan kimsalar haqida bunday marhamat qiladi: «Jahannam uchun jinlar va insonlarning ko‘pchiligini yaratganmiz. Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda ko‘zlar bor, (lekin) ular bilan “ko‘rmaydilar”. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan “eshitmaydilar”. Ana o‘shalar hayvonlar kabidirlar. Balki ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o‘shalar g‘ofillardir» (A'rof surasi, 189-oyat).

Tafsir kitoblarida ushbu oyatdagi “anglamaydilar”, “ko‘rmaydilar”, “eshitmaydilar” fe'llari majoziy ma'noda aytilgan bo‘lib, bizni ana shu g‘ofil kimsalardan bo‘lib qolishdan o‘zi asrasin.

Demak, dinimizning tinchlikka bo‘lgan e'tibori nechog‘li katta hamda bag‘rikenglik uning negizidir. Inson o‘zidagi ne'matning qadrini u haqda mulohaza yuritish, shu ne'matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa yanada ko‘proq Allohga shukr qilishga undaydi. Ne'matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga bog‘liqdir.

Ba'zi ne'matlarning shukri “alhamdulillah” deyish bilan ado bo‘lsa, boshqa ne'matlar ham borki, ularning shukrini amaliy tarzdagina ado etish mumkin. Tinchlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne'matdir. Bu ne'matning shukrini ado etish barchaning zimmasiga farzdir. Keksalar tinchlikning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari, o‘rta yoshlilar o‘zlarining halol mehnatlari, yoshlar esa uni asrash va qadriga yetish borasida astoydil bel bog‘lashlari bilan bu ne'matning shukrini ado etgan bo‘ladilar.

Xulosa sifatida Bahouddin Naqshband hazratlarining:

Ko‘r ketar ekan bilmay istiqbolda choh,

Uni ogoh etmasang sendadir ulug‘ gunoh,

baytini keltirdik. Sog‘lom aql egasiga shuning o‘zi kifoya.

Abrorov Jahongirxon
Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmat xodimi


Kiritilgan vaqti: 26/10/2023 10:42;   Ko‘rilganligi: 117
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/kor-ketar-ekan-bilmay-istiqbolda-choh-uni-ogoh-etmasang-sendadir-ulug-gunoh
Chop etilgan vaqti: 04/05/2024 00:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing