O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Kofirlar borasida nozil bo‘lgan oyatni musulmonlarga nisbatan qo‘llash

 
 

Zamonimizda turli fikr va tushuncha sohiblari tomonidan dinni noto‘g‘ri anglash va ba'zi masalalarda g‘uluga ketish natijasida oyat va hadislarni musulmonlarga nisbatan noo‘rin qo‘llanilishi kuzatilmoqda. Shulardan biri tavassul masalasidir. Tavassulni to‘g‘ri anglamasdan, asl mohiyatiga yetmasdan turib, bu amalni qilgan kishilarga Zumar surasining 3-oyatini qasddan qo‘llayotgan kishilar uchramoqda. Ularga yaqin o‘tmishda o‘tgan Ahli sunna va jamoaning yetuk ulamolaridan biri Muhammad Zakiy Ibrohim rohimahullohning quyidagi so‘zlarini keltirishni lozim deb topdik:

Alloh taolo aytadi: «U zotdan o‘zga «do‘stlar»ni («xudo») qilib olgan kimsalar: «Biz (o‘sha «xudo»larimizga) faqat ular bizni Allohga yaqin qilishlari uchungina ibodat qilurmiz», (derlar)» (Zumar surasi 3-oyat).

«Ibodat qilurmiz» va «bizni Allohga yaqin qilishlari uchun», degan so‘ziga diqqat qiling va fikr yuriting!

Alloh taolo birinchi iborada ularning butlarga ibodat qilishlarini isbot qildi. «Ibodat qilurmiz» degan so‘z bilan «Ular bilan vasila qilurmiz yoki ularni shafoatchi qilurmiz», degan so‘zlar o‘rtasida farq bor. Tavassul yoki shafoatchi qilmoq lug‘atda ham, istilohda ham ibodatdan ayro narsalardir.

Ikkinchi iborada esa, ularning butlarga ibodat qilish sababi ularni Allohga yaqin qilishlari uchun ekanini isbot qildi. Ularning «...bizni Allohga yaqin qilishlari uchun» degan so‘zlarida Allohni qo‘yib, o‘zlariga iloh qilib olgan maxluqotlarning (ya'ni, but-sanamlarning) bir ishni qilish yoki qilmaslik (tark qilish) borasida qudratlari bor, deb e'tiqod qilganliklarining bayoni bor.

Tavassulda esa, undoq emas! U yolg‘iz holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Alloh taolodan so‘rashlik va duosining qabul bo‘lishi umidida tavassul va shafoatchini o‘rtaga qo‘yishlikdir. (Ya'ni, Alloh taoloni qo‘yib, but-sanamlarni iloh, deya ibodat qilish bilan Alloh taoloning O‘zidan so‘rash va duosining ijobat bo‘lishi umidida tavassul qilish o‘rtasida katta farq bordir).

So‘ngra, ushbu oyat mushriklar haqida nozil qilingan bo‘lib, uning hukmini Allohni yagona deb e'tiqod qiladiganlarga nisbatan qo‘llash hukmni haqsizlarcha o‘z o‘rnidan boshqa yerga qo‘yish demakdir. Darhaqiqat, imom Buxoriy bunday qilish Xavorijlarning Allohning dinida yangi paydo qilgan (bid'at) amallari ekaniga xujjat keltirganlar. Xavorijlar Alloh taoloning kofirlar borasida nozil bo‘lgan oyatiga qasddan tajovuz qilib, musulmonlarning qonlari, obro‘lari va mollarini halol sanash uchun hech bir dalilsiz ta'assubona ularga nisbatan tatbiq qilganlar.

«Al-Ifham val ifhom av qozoyal vasiyla val qubur» kitobidan 23-B, Muhammad Zakiy Ibrohim rohimahulloh

Xayrulla domla Sattarov viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 09/02/2022 08:19;   Ko‘rilganligi: 1019
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/kofirlar-borasida-nozil-bolgan-oyatni-musulmonlarga-nisbatan-qollash
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 21:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing