KO‘CHAT EKISH FAZILATI
Ushbu maqolamizda dehqonchilik, xususan ko‘chat ekish fazilati va uning insonga keltiradigan foydalari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Anas ibn Molik roziyaallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar bir muslim banda ko‘chat o‘tkazsa yoki ekin eksa, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi yesa, buning uchun unga sadaqa (qilganlik savobi) bo‘ladi”
(Muslim rivoyati).
Bu hadis ko‘chat ekish, dehqonchilik qilish fazilati va ahamiyati nechog‘lik ulug‘ ekaniga dalolat qiladi va ko‘chat ekuvchilarning Alloh dargohida erishadigan ajr-savoblardan xabar beradi. Ushbu amal insonga nafaqat tirikligida, balki vafotidan so‘ng ham manfaat yetkazib turadi, qiyomat kunigacha sadaqai joriya sifatida banda foydasiga xizmat qiladi.
Alloma Movardiy (r.a) aytadilarki: “Insonning tirikchiligi uch narsaga bog‘langan bo‘ladi: dehqonchilik, tijorat va hunarmandchilik. Mening nazdimda dehqonchilik eng pokizasi va eng afzalidir”, deganlar.
Chunki, dehqonchilikda Alloh taologa tavakkal qilish ko‘proq bo‘ladi va yer yuzidagi insonlar va boshqa jonzotlar rizqiga sabab bo‘lish bo‘ladi. Shu sababdan eng afzal kasb hisoblanadi. Bundan tashqari yer yuzida ko‘karib turgan daraxtlar borki, Alloh taologa sajda qiladi, o‘z xoli, tili bilan tasbeh aytadi. Qur'oni karimda Alloh taolo bu haqida bunday marhamat qiladi:
وَالنَّجْمُ وَالشَّجَرُ يَسْجُدَانِ
“O‘t o‘lan ham, daraxtlar ham sajda qilurlar” (Ar Rahmon surasi, 6-oyat).
Kim ko‘chat, daraxt eksa, yer yuzida Alloh taologa sajda qiladigan daraxt sonini ko‘payishiga sabab bo‘lgan bo‘ladi. Dinimizda daraxt ekishning fazilatlaridan biri shuki, dunyoda solih amallar qilgan mo‘min bandaga jannatda uning uchun mukofot tarzida daraxt ekilishidir.
Jobir (r.a) dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki “Subhanallohil a'zim va bihamdihi” desa, jannatda u uchun xurmo (bir rivoyatda daraxt) ekiladi”.
Daraxt ekish juda ulug‘ ishki, nafaqat dunyoda balki jannatda ham ekiladi va bu bandaning solih amaliga jannatda mukofot tarzida beriladi.
Demak, kishi ekkan daraxti boshqalar tomonidan iste'mol qilinsa ham, garchi o‘sha daraxt vaqt o‘tib o‘zga odamning mulkiga aylansa ham, uning haqqiga savob yozilib turilar ekan.
Kishining bunday ajr-savoblarga musharraf bo‘lishiga sabab shuki, u hayot farovonligi, mo‘minlar manfaat olishlari, qolaversa tabiatning yanada ko‘rkam bo‘lishi uchun o‘z hissasini qo‘shdi. U faqat o‘zini o‘ylamadi, balki yon-atrofdagi insonlarning ham manfaatini o‘ylab ish tutdi, yaxshilikning ko‘payishiga yordam berdi. Dinimiz Islomda bunday ishlar qadrlanadi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘z ummatlariga dehqonchilik, xususan ko‘chat ekishga targ‘ib qila turib shunday deganlar: “Agar qiyomat bo‘lib qolsa va birontangizning qo‘lida xurmo daraxti bo‘lsa, bas, uni ekib olsin” (Buxoriy va Ahmad rivoyati).
Demak, ko‘chat ekish savobli amallar sirasiga kirar, u kishi dunyodan o‘tib, amal sahifasi yopilgandan so‘ng ham haqqiga muttasil ravishda savob borib turishiga sabab bo‘lar ekan. Shunday ekan, bizlar ham bu ezgu ishdan chetda qolmaylik, obodonchilik va farovonlik yo‘lida qo‘limizdan kelgan choralarni ko‘raylik!
Muallif: Zayniddin domla ESHONQULOV, Samarqand viloyati bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 18/04/2020 12:37; Ko‘rilganligi: 3885
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 18:43