O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

“Kitob as-savod al-a'zam” katta jamo

 
 

“Kitob as-savod al-a'zam” katta jamoa – ahli sunna val jamoa e'tiqodiga oid kitob bo‘lib, mashhur olim Hakim Samarqandiy tomonidan yozilgan.

Asar arab tilida yozilgan bo‘lib, unda ahli sunna val jamoa e'tiqodiga doir oltmishdan ziyod aqidaviy masalalar bayon etilgan.

Ushbu masalalar ahli sunnaning belgisi ekani, ularga ishonmaganlar esa ahli sunnadan emasligi ta'kidlangan.

Katta jamoa – ahli sunnaning belgisi quyidagilardan iborat:

(الخامسة والأربعون) أن لا يشبه الله بشيء ويقول ليس كمثله شيء

Qirq beshinchi: Alloh taoloning o‘xshashi yo‘q deb e'tiqod qilish.

Mo‘min kishi Alloh taolo hech narsaga o‘xshamasligini bilishi lozim. Chunki Alloh taolo bu haqda: “Uning mislidek biror narsa yo‘qdir. U Eshituvchi va Ko‘ruvchidir” (“Sho‘ro” surasi, 11-oyat), – deb marhamat qilgan.

Bilingki, barcha narsalar yaratilgandir. Vaholanki, yaratilgan narsalar vujudga kelishi uchun Yaratuvchi bo‘lishi lozim. Yaratuvchi Zot yaratilgan narsalarga o‘xshamaydi. Bu hunarmand o‘zi yasagan narsaga o‘xshamasligi kabidir. Insonning nafsi uning amaliga o‘xshamas ekan, Yaratuvchi Zot O‘zi yaratgan narsalarga o‘xshamasligi aniqdir. Kim Alloh taoloni biror narsaga o‘xshatsa yoki unga biror a'zoni nisbat bersa, karromiy va mushabbiha deb nomlanadi.

Agar kimdir sizdan Allohni sifatlab berishni so‘rasa, unga: “(Ey, Muhammad!) Ayting: “U Alloh yagonadir. Alloh Samad (ehtiyojsiz, hojatbaror)dir. U tug‘magan va tug‘ilmagan ham. Shuningdek, Uning hech bir tengi yo‘qdir” (“Ixlos” surasi, 1-4 oyatlar), – deb javob bering.

“U Avval, Oxir, Zohir va Botindir. U barcha narsani biluvchidir” (“Hadid” surasi, 3-oyat).

“Uning mislidek biror narsa yo‘qdir. U eshituvchi va Ko‘ruvchidir” (“Sho‘ro” surasi, 11-oyat).

Yana unga: “Allohdan o‘zga biror iloh yo‘q, U yagona, yakka va toq ilohdir. Uning biror-bir jufti va farzandi yo‘q. Biz Unga bo‘ysunuvchilarmiz”, – deb javob bering.
Yuqoridagi dalillar oqil inson uchun kifoya qiladi.


Kiritilgan vaqti: 26/11/2021 06:44;   Ko‘rilganligi: 1013
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/kitob-as-savod-al-azam-katta-jamo
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing