O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Kishining vafodorligi uning o‘z vatani uchun qayg‘urishidan.

 
 

Tarixdan ma'lumki, birorta millat boshqa bir millatni tahqirlamoqchi, yoki oyoqosti qilmoqchi bo‘lsa, avvalo, uning vatanini bosib olib vayron qilgan yoki uni vatanidan quvib chiqargan. O‘z vatanini dushmanlar qo‘lida qolganini ko‘rgan millat uchun bundan ortiq xo‘rlik va tahqir bo‘lmasa kerak. Zero, Vatan, millat, din tushunchalari inson uchun har narsadan aziz va muqaddasdir. Shuning uchun ham dinimiz ta'limotida ona-Vatan himoyasi, millat farovonligi va din ravnaqi yo‘lida fidoiy bo‘lgan kishilarga buyuk maqomlar berilishi ta'kidlangan.

Islomda Vatan tushunchasi keng qamrovli bo‘lib, avvalo, u istiqomat maskani, ya'ni uy-joy ma'nosida ishlatiladi. Islom dini ta'limotida inson o‘zi yashab turgan vatanini, dinini, oila ahlini himoya qilishi eng ulug‘ amallardan ekanligi ta'kidlangan. Vatan himoyasi uchun harbiylar safida turish ham dinimizda ulkan savobli amal sanaladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam:

“Bir kecha kunduz “ribot” , (ya'ni dushmandan qo‘riqlab chiqish) bir oy tutilgan nafl ro‘za va o‘qilgan tungi namozdan yaxshidir” , deb marhamat qilganlar ( Imom Muslim rivoyati).

Hakim zotlardan biri: “Har bir kimsaga ma'lumki, hayot olamida insonning eng sevgan, qadrli, qimmatli to‘rt narsasi bordir. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘lurlar. Ular: ozodlik va erkinlik, mehnat bilan topilgan molga o‘zi egalik qilmog‘i, tug‘ilib o‘sgan ona-Vatani hamda o‘zi e'tiqod qilib kelayotgan muqaddas dini” , degan.

Kishining vafodorligi uning o‘z vatani uchun qayg‘urishidan, birodarlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketgazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi.

Insonning o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati va fidoiyligi uni vatanini himoya qilishiga, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo‘lishiga hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkoniyat darajasida hissa qo‘shishga undashi lozim.

O‘zbekiston atalmish go‘zal zamin xalqi bir maqsad yo‘lida birikib, Yurtboshimiz atrofida jipslashish natijasida yorqin kelajak, yuksak taraqqiyot sari yo‘l tutyapti, Vatan go‘yo o‘z fuqorolariga ham ahillikda hikmat ko‘pligidan saboq berayotgandek.

 

 Nodir Mallayev – Samarqand shahar “Xo‘ja Yusuf” masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 26/10/2021 04:55;   Ko‘rilganligi: 473
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/kishining-vafodorligi-uning-oz-vatani-uchun-qaygurishidan
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 17:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing