KISHINING MAZHABNI LOZIM TUTISHLIGI
Mazhab so‘zi lug‘atda: “مكان الذهاب وهو الطريق” ‒ “Mazhab - boradigan makon ya'ni u yo‘ldir”, deb bayon qilinadi.
Istilohda: Mujtahidlardan birining oyat va hadislardan shar'iy hukmlarni chiqarib, ishlab chiqqan yo‘liga “mazhab” deyiladi.
Islomda dastlabki fiqhiy hukmlar, turli masalalarning yechimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan bayon etilgan. Agar, Qur'onda shar'iy hukmlar nozil bo‘lsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari yoki amallari yoki taqrirlari orqali ushbu hukmlarni insonlarga tushuntirar, batafsil bayon qilar, uning shartlarini belgilab berar, undagi to‘g‘ri yo‘lni tavsiflab berar edilar.
So‘ng ijtimoiy hayot tarzining rivojlanishi, islom hududlarining kengayishi va yuzaga kelgan turli xil masalalarni aniqlashtirish zarurati tufayli fiqhiy mazhablar paydo bo‘la boshladi.
Fiqhiy mazhablar muayyan fiqhiy qoidalar va prinsiplar asosida Qur'on va sunnatda kelgan dalillardan shar'iy hukmlarni chiqarib olishga asoslangan. Mazhablar orasida chiqarilgan hukmlar borasida biroz farq bo‘lishi mumkin. Ammo, ular juz'iy masalalarda bo‘lib, o‘sha hukmlar orasidagi ixtilof musulmonlar o‘rtasiga tafriqa solmaydi.
Musulmonlar orasida keng tarqalgan va aksariyat katta kitoblarda rasmiy deb tan olingan mazhablarning eng mashhurlari Ahli sunna val jamoadan bo‘lgan to‘rt imomning mazhablaridir.
Ular tarixiy kelib chiqishiga ko‘ra quyidagilardir:
- Imom Abu Hanifa No‘mon ibn Sobitning “Hanafiy” mazhabi. U Iroqda shakllangan.
- Imom Molik ibn Anasning “Molikiy” mazhabi. U Madinai munavvarada shakllangan.
- Imom Muhammad ibn Idris Shofi'iyning “Shofi'iy” mazhabi. U Iroqda shakllangan.
- Imom Ahmad ibn Hanbalning “Hanbaliy” mazhabi. U ham Iroqda ta'sis etilgan.
Endi har bir musulmonga ana o‘sha mazhablarning biriga ergashish lozimdir.
Alloh taolo Qur'oni karimda “Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang”[1], deb marhamat qiladi.
Ushbu oyatdan, bilmaydigan kishilar bilmagan narsalarini doimo olimlardan so‘rashi va ularga ergashishi lozimligi ma'lum bo‘ladi.
Darhaqiqat, barcha usul ulamolari omi odam mujtahid olimga taqlid qilishi kerakligiga birinchi dalil sifatida mana shu oyatni keltiradilar[2].
Bu haqiqat bizlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qilgan iqtidomizda ham o‘z ifodasini topadi. Zero, biz u zotga oddiygina bir shaxs sifatidagi Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlari uchun emas, balki Alloh subhanahu va taoloning (buyruq va qaytariqlarini bandalarga) yetkazuvchisi bo‘lganlari sababli iqtido qilamiz, xolos[3].
Xuddi shunday sahobalar davrida ham islom ummati olim sahobaga ergashgan. O‘zlariga mavhum bo‘lgan birorta masalaga javobni faqih sahoba orqali topishgan va o‘zi uchun o‘sha sahobaga ergashishni lozim tutgan. Shu tariqa turli hududlarga yuborilgan faqih sahobalar o‘sha hududlarning musulmonlari uchun ergashiladigan yo‘lchi yulduz vazifasini o‘tashgan.
Sahobalar davrida Abu Muso Ash'ariy, Abdulloh ibn Mas'ud, Muoz ibn Jabal, Abdulloh ibn Abbos, Zayd ibn Sobit, Anas ibn Molik roziyallohu anhumlar, undan keyingi davrda Imom Hasan Basriy, Muhammad ibn Siyrin, Muhammad ibn Muslim Zuhriy, Ikrima, Ato ibn Abu Raboh, Tovus va Said ibn Jubayrlar turli hududlardagi musulmonlar ergashadigan kishilar bo‘ldilar.
Bora-bora odamlar yuqorida aytib o‘tilgan to‘rt fiqhiy mazhab imomlariga ergashishni o‘zlariga lozim tutdilar. Chunki, o‘sha to‘rt imom o‘z davrining eng yetuk olimlaridan edi. Ularga ergashuvchilarning soni ko‘pchilikni tashkil etar edi.
Bu ergashishni yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘sha imomlar butun islom ummatining, go‘yoki shogirdlar ergashadigan ustozlariga aylanishdilar.
Ushbu to‘rt mazhab muammo va masalalarni keng tarzda qamrab olishi bilan birga, o‘sha mazhab imomlarining shogirdlari ham ustozlari asos solgan mazhablarini rivojlantirib bordilar. Shu tariqa, Hanafiy, Shofi'iy, Molikiy va Hanbaliy mazhablari Islom millati uchun asl bo‘lib qoldi.
Musulmon kishi ma'lum bir mazhabga ergashmay turib o‘zicha islomga amal qila olmaydi. Qur'on yoki hadisdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri biror bir hukm chiqara olmaydi. Buning uchun mujtahid darajasidagi olim bo‘lsa, boshqa gap. Ammo hozirgi kunda yetuk olim bo‘lishiga qaramay ular ham biror bir mazhabni tutishi lozim. Davr nuqtai nazaridan ham ushbu to‘rt imom Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yaqin davrda yashagan.
Shu tufayli, mazhab imomlari biror bir masala yoki muommoga duch kelishsa, eng ishonchli manbalar va dalil-hujjatlarga tayangan holda ularga yechim topish imkoniyatiga ega bo‘lishgan. Ular Payg‘ambarimizga ikki yoki uch kishi orqali yetib borishgan, xolos.
Keyinchalik islom ummati orasida turli ixtilof va kelishmovchiliklar chiqib, turli oqim va firqalarning islom sharia'ti asoslariga salbiy ta'sirlari sababli, o‘sha to‘rt fiqhiy mazhabdan birini tutish lozim bo‘lib qoldi. Chunki, Ahli sunna val jamoani tashkil qilgan o‘sha to‘rt mazhabning yo‘li ayni salafi solihlarning yo‘li edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam islomni odamlarga qanday yetkazgan bo‘lsa, u xuddi shu tarzda ana o‘sha to‘rt mazhabga ergashuvchilar orasida saqlanib qoldi.
Darhaqiqat, ushbu to‘rt mazhab ham islomni xuddi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davridagiday sof holda saqlab qolish maqsadidagi faoliyat natijasida shakllangan.
Shayx Ramazon Butiy aytadilar: “Mazhabsizlik dindan chiqib ketishga olib boruvchi ko‘prikdir”.
Imom Ahmad aytadilar: “Kim dinda taqlid (ergashish) yo‘q desa, Alloh va Uning Rasuli oldida fosiqdir. Bu bilan u sunna va salafi solihlar qarashlarini rad qiladi”.
Mujtahid Abdulloh ibn Vahb aytadi: “Men 360 ta ulamoni uchratdim. Agar Imom Molik va Imom Lays bo‘lmaganida ularning ilmlarida adashib ketardim”. Bu bilan ibn Vahb, hadislarni tushunish va ularni tanlashda Imom Molik tushuncha bermasa edi adashib ketar ekanman, deb aytmoqchi bo‘lgan.
Yana u shunday deydi: “Agar fiqh imomi bo‘lmasa hadis ilmlari kishini adashtirar edi. Imom Tahoviy, ibn Surayj, Quduriy, Saraxsiy, Juvayniy, G‘azzoliy, Navaviy va ko‘plab mujtahid ulamolar to‘rt mazhabdan biriga ergashgan. Vaholanki, ularning ilmlari dengiz bo‘lib, bugungi kunda barcha musulmonlar ularning ilmlaridan foydalanib kelmoqdalar”.
Shu sababli, har bir musulmon kishi islomga to‘g‘ri amal qilishi uchun o‘sha mazhablarning biriga ergashishi lozimdir.
Shuni aytib o‘tish kerakki, o‘lkamizning aksariyat aholisi qadimdan to hozirgi kunga qadar o‘sha to‘rt mazhabning Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit asos solgan Hanafiy mazhabiga ergashib keladi. Yurtimizdagi deyarli barcha kitob va manbalar ham ushbu mazhab doirasida yozilgandir.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1] Nahl surasi, 43-oyat.
[2] Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy. Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli Bid'atdir. Alouddin Xofiy tarjimasi. ‒ T: “HILOL-NASHR”, 2013. ‒ B. 95.
[3] O‘sha asar. ‒ B.110-111.
Kiritilgan vaqti: 14/11/2020 11:24; Ko‘rilganligi: 2036
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:36