O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Kim Allohdan savob umidida masjid qursa

 
 

Islomda birinchi qurilgan bino ham masjid hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga ko‘chib o‘tayotgan paytlarida Madina yo‘lida Qubo deb nomlangan joyga yetib, o‘sha yerda bir necha kun turganlar. U yerda birinchi bo‘lib “Qubo” masjidiga asos solganlar va ilk marotaba o‘sha masjidda jamoat namozini o‘qiganlar.

Masjid – Allohning bayti. Ularning minoralaridan muazzinlarning ovozlari yangraydi, tavhid kalimalari takrorlanadi. Masjidlar ustiga farishtalar tushishadi, rahmatlar yog‘iladi, masjid ahlini sakinat o‘rab oladi, masjid ahlining ustiga barakalar yog‘iladi. Masjidlarda musulmonlar bir-birlari bilan tanishadilar, ulfat bo‘ladilar, bir-birlariga yordam berib, hamjihat bo‘ladilar, bir-birlarini ziyorat qilib, bir-birlariga rahm-shafqat ko‘rsatadilar. Buning natijasida oralarida bog‘lanish, do‘stlik, mehribonlik kuchayadi. Masjidga kirgan har bir musulmon butun vujudi, borlig‘i, qalbi va fikrini Alloh taologa ibodat qilishga qaratib, Robbal alaminga haqiqiy banda ekanini izhor qiladi. Qur'oni karimda bu haqda shunday deyilgan:

وَأَنَّ الْمَسَاجِدَ لِلَّهِ فَلَا تَدْعُوا مَعَ اللَّهِ أَحَدًا

ya'ni: “Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, (masjidlarda) Alloh bilan qo‘shib yana biror kimsaga duo (ibodat) qilmangiz! (Jin surasi, 18-oyat).

Alloh taolo masjidlarni obod qiluvchilarning iymoni borligiga guvohlik berib shunday dedi:

 إِنَّمَا يَعْمُرُ مَسَاجِدَ اللَّهِ مَنْ آَمَنَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ وَأَقَامَ الصَّلَاةَ وَآَتَى الزَّكَاةَ وَلَمْ يَخْشَ إِلَّا اللَّهَ فَعَسَى أُولَئِكَ أَنْ يَكُونُوا مِنَ الْمُهْتَدِينَ

Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar namozni to‘kis ado etganlar zakotni berganlar va Allohdan boshqadan qo‘rqmaganlargina obod qilarlar Ajab emaski ana o‘shalar hidoyat topguvchilardan bo‘lsalar

Masjidni obod qilish deganda, uni moddiy va ma'naviy obod qilish tushuniladi. Namozxonlar uchun barcha sharoitlari yaratilgan tarzda masjidni barpo etish, uni ozoda va pokiza saqlash, nuragan yoki yaroqsiz holga kelgan bo‘lsa uni ta'mirlash yoki yangidan qurish kabilar moddiy obod qilish deyiladi. Alhamdulillah, yurtimizda masjidlarni obod etish borasida asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘plab yangi masjidlar qurilmoqda. Eskilari ta'mirlanib, yaroqsizlari qaytadan barpo etilmoqda. Ayniqsa, oxirgi yillarda bu sohadagi ishlar yanada rivojlanib, barcha masjidlar eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda. Hozir har qanday shahar va qishloqdagi eng ko‘rkam va hashamatli, har taraflama sharoitlari yaxshi namunali binolari – masjidlardir, desak xato bo‘lmaydi. Bunday yutuq va muvofaqiyatlarga erishish oson bo‘lgani yo‘q. Bu ishlar necha yillar davomida qanchadan-qancha zahmatlar, qiyinchiliklar evaziga, tinimsiz harakatlar qilinib homiylarga, oddiy xalqga murojaat qilish orqali hashar yo‘li bilan bo‘lsa-da, imom xatiblar va masjidga xolis xizmat qilishga astoydil bel bog‘lagan saxovatpesha insonlar yordami qolaversa, rahbariyatning qo‘llab-quvvatlashi samarasi o‘laroq amalga oshirildi.

Darhaqiqat, bitta masjid qurish yoki uni obod etishning savobi dinimizda eng katta savobli ish sanaladi. Bu haqda ko‘plab hadislarda bayon etilgan. Jumladan,

عَنْ عُثْمَانَ بْنَ عَفَّانَ رضي الله عنه قَالَ سَمِعتُ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ

 "من بَنَى مَسْجِدًا يَبْتَغِي بِهِ وَجْهَ اللَّهِ بَنَى اللَّهُ لَهُ مِثْلَهُ فِي الْجَنَّةِ"

ya'ni: Usmon ibn Affondan rivoyat qilinadi, u kishi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kim Allohdan savob umidida bitta masjid qursa Alloh taolo unga jannatda shunga o‘xshagan bino quradi”, deganlarini eshitganman”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Hazrati Usmon roziyalloh anhu masjid an-Nabaviyni kengaytirib qayta qurishni boshlamoqchi bo‘lganlarida ba'zi sahobiylar e'tiroz bildirib: “Rasulullohning davrida bo‘lmagan bu ishlar, agar mumkin bo‘lganida Rasulullohning o‘zlari kengaytirib hashamatli qilib qayta qurgan bo‘lar edilar” deganlar. Hazrati Usmon roziyallohu anhu esa ularga mazkur xadisi sharif ila javob berganlar. Shundan keyin masjidlarni kengaytirib qayta qurish, ta'mirlash va hashamatli qilishga umumiy ruxsat berilgan.

Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsinki oxirgi paytlarda hurmatli yurtboshimiz tashabbuslari bilan yurtimizda ko‘plab masjidlarning sharoitlarini yaxshilash maqsadida qayta qurishga ruxsat berilyapti. Undan tashqari, yangi masjidlar ham qad ko‘taryapti. Kelajakda esa insha Alloh yana ko‘plab masjidlar bino qilinishi rejalashtirilyapti.

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ، قَالَ، قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ

مَنْ أَسْرَجَ فِي مَسْجِدٍ مِنْ مَسَاجِدِ اللَّهِ سِرَاجًا لَمْ تَزَلِ الْمَلائِكَةُ وَحَمَلَةُ الْعَرْشِ يَسْتَغْفِرُونَ لَهُ مَا دَامَ فِي ذَلِكَ الْمَسْجِدِ ضَوْءٌ مِنْ ذَلِكَ السِّرَاجِ 

رَوَاهُ الإِمَامُ ابْنُ أَبيِ شَيبَةَ

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim Allohning masjidlaridan biriga chiroq o‘rnatsa, modomiki o‘sha chiroqning yorug‘ligi shu masjidni yoritib turar ekan uning haqiga Arshni ko‘tarib turuvchi va barcha farishtalar istig‘for aytib turadilar” (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda masjid uchun zarur bo‘lgan yoritish vositasi to‘g‘risida gap boryapti. Masjidlarni chiroqlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham uni yoritganlarga mazkur bashorat va'dasi berilyapti.

Shuni ham bilishimiz kerakki, faqat bir masjidni, ya'ni o‘zingiz yashab turgan mahallangizdagi masjidni o‘ylamang! Balki jonajon yurtimizdagi barcha masjidlar siz bilan bizniki, barchamizniki. Zotan, ularning har birida yakkayu yolg‘iz bo‘lgan Robbal alaminga ibodat qilinadi. Demak, ularning qay biriga bo‘lsa ham ehson qilib yordam bersangiz, albatta, masjidlarning egasi bo‘lmish Alloh sizni hech qachon quruq qo‘ymaydi. Mo‘min odam Allohning uylarini obod qilishga, unga infoq qilib, moddiy obodligini ziyoda qilishga, unda namoz o‘qib, ma'naviy obodligini ziyoda qilishga urinar va qalbi doim masjidlarga bog‘liq bo‘lar ekan, ikki dunyoning baxtu saodatiga, xayru barakasiga erishadi.

Alloh taolo bizlarni va qiyomatgacha keladigan zurriyotlarimizni ibodatida qoim va masjidlarni obod qiladigan bandalaridan qilsin.

Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustofo sollallohu alayhi va sallamga salovat va salomlar bo‘lsin.

 

Saidusmonxon Zikiryayev


Kiritilgan vaqti: 24/08/2022 15:10;   Ko‘rilganligi: 1033
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/kim-allohdan-savob-umidida-masjid-qursa
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 10:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing