O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Kibrlanma...

 
 

Bismillahir rohmanir rohim


Kibrning qisqacha ta'rifi: Kibr-kishi o‘z nafsini ulug‘lashi va o‘z qadrini boshqalar qadridan ustun ko‘rish. Yoki boshqacha aytganda o‘zidan boshqani haqir sanash va ularni nazar pisand qilmaslik.

Kibr qalb kasalliklaridandir. Agar u kuchayib ketsa kishining fe'l atvori va gap so‘zlarida namoyon bo‘ladi. Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: "Qalbida zarra misqolicha kibri bor kimsa jannatga kirmaydi", dedilar. Shunda sahobalardan birlari: "Yo Rasulalloh, agar kishi liboslarining va poyafzalining chiroyli bo‘lishini hohlasa bu ham kibrga kiradimi?" deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta Alloh taolo go‘zaldir, go‘zallikni yaxshi ko‘radi. Kibr-haqni inkor qilish va insonlarni haqir sanashdir", deb javob berdilar."Haqni inkor qilish" deganlarining ma'nosi haqni rad qilish, haqni daf qilishga harakat qilish va haqni qabul qilmasikdir. "Insonlarni haqir sanash" deganlarining ma'nosi insonlarga haqorat nazari bilan qarash va ularni nazar pisand qilmaslikdir.

Kibrning muolajasi uchun avvalo, musulmon kishi tavhid ilmidan xabardor bo‘lishi kerak. "Ulug‘lik" ," Azamat" , "Kibriyolik" sifatlari Alloh taologa xos sifatlar ekanligini musulmon kishi yaxshi bilishi kerak bo‘lgan ilmlardan hisoblanadi. Hadisi qudsiyda Alloh taolo: "Azizlik ya'ni izzatlilik Mening izorim, kibriyolik Mening ridoimdir. Ularning qaysi biri uchun kim men bilan tortishsa, men uni azobga giriftor qilaman", deyiladi. Shuningdek, musulmon kishi o‘zidagi kibr illatini ketkazish uchun o‘zini kimligini bilishi kerak. Ya'ni o‘z nafsi haqida ham ma'rifat hosil qilishi kerak.

Alloh taolo "Abasa" surasining 17-22 oyatlarida shunday marhamat qiladi: "Halok bo‘lgur inson, bunchalar kofir bo‘lmasa?!(Alloh) uni qaysi narsadan yaratdi o‘zi?!(Bir haqir) nutfadan yaratib, keyin uni (tug‘ilish vaqtini) belgilab qo‘ydi. So‘ngra unga (tug‘ilishida) yo‘lni oson qildi. So‘ngra unga o‘lim yuborib, qabrga kiritur. So‘ngra O‘zi xohlagan paytda, uni qayta tiriltirur". Ushbu oyatlarda Alloh taolo insonni uch holatini ochiq oydin bayon qildi: Birinchisi, insonni yo‘qdan paydo qildi."(Bir haqir) nutfadan yaratib, keyin uni (tug‘ilish vaqtini) belgilab qo‘ydi" oyati karimasi shunga dalolat qiladi. Ya'ni inson o‘zi yo‘q edi. Allohning rahmati bilan bir haqir nutfadan xushbichim suratda paydo bo‘ldi. Ikkinchisi, Alloh taolo insonni onaning rahmida bir haqir nutfadan paydo qilib, keyingi bosqichda bu yorug‘ dunyoga kelishini ham oson qildi. "So‘ngra unga (tug‘ilishida) yo‘lni oson qildi" oyati karimasi shunga dalolat qiladi. Ya'ni onasi uni eson omon tug‘ib qo‘liga oldi. Uchinchisi, inson bu dunyoda yashadi. Allohning imtihonidan o‘tdi. Ato etilgan umrni yashab, endi omonatini topshirish vaqti ham yetdi. Alloh taoloning ushbu "So‘ngra unga o‘lim yuborib, qabrga kiritur" oyati karimasi shunga dalolat qiladi. Demak, inson hayoti davomida mana shu uch bosqichli holatni Alloh taolo u uchun lutfi karami, tavfiqi va hidoyati ila ato etgan kuchu quvvat bilan bosib o‘tadi.

Shunday ekan, musulmon kishi o‘zidagi kibr illatini yengishi va undan xalos bo‘lishi uchun avvalo Alloh taoloning tavhid ilmidan boxabar bo‘lishi, shuningdek, o‘z nafsi haqida ham ma'rifat hosil qilgan bo‘lishi kerak. Buning uchun u barcha insonlarga tavozeli bo‘lmoqligi kerak. Kimki Alloh roziligi uchun tavozeli bo‘lsa, Alloh taolo ham u bandasini darajasini yuksaltiradi.
Alloh taolo barchalarimizni axloqi hamida bilan ziynatlanib, kibru havo kabi illatlardan uzoq bo‘lishimizni O‘zi nasib etsin. Amin.


Manbalar asosida Payariq tumani bosh imom xatibi Mansurjon Abduxoliqov


Kiritilgan vaqti: 05/09/2023 10:12;   Ko‘rilganligi: 224
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/kibrlanma
Chop etilgan vaqti: 19/05/2024 04:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing