Keyingi paytlarda Islom mafkurasi va tarixiga zid g‘oyalari bilan qayta namoyon bo‘layotgan soxta salafiylar
Keyingi paytlarda Islom mafkurasi va tarixiga zid g‘oyalari bilan qayta namoyon bo‘layotgan “soxta salafiylik” oqimi o‘zlarining aqidaviy va huquqiy masalalarini ko‘pincha suriyalik Ibn Taymiya (1263-1328) ta'limoti bilan asoslamoqchi bo‘lishadi. Ibn Taymiya asarlarida, islomga turli bid'atlar kirib qolgani aytilib, musulmonlar va ular yashayotgan jamiyatlarni, Qur'on va sunnat ta'limotiga asoslangan yo‘lga solish zarur, degan g‘oyalar ilgari suriladi.
Mazkur oqim tarafdorlari o‘zlarining buzuq ta'limotlari ila qabrlarni ziyorat qilgan odam musulmonchilikdan chiqadi degan e'tiqodda hatto bir paytlar Madinai munavvaradagi sahobalarning qabrlarini ham oyoqosti qilishgan. Qolaversa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning maqbaralarini ham vayron qilishga urinib ko‘rishgan. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi uni ziyorat qilaveringlar. Zero, u sizlarga oxiratni eslatadi”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati). Ushbu hadisga ko‘ra, qabrlarni ziyorat qilish mandub (mustahab amal)dir. Zeroki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari Baqe' qabristoniga borib mayyitlar haqqiga duo qilardilar.
Shuningdek, soxta salafiylar tasavvufni tan olishmaydi, tavassulni kufr deydi, mazhablarni inkor qiladi, o‘zlariga ergashmaganlarni ham kofirga chiqarishadi. Soxta salafiylar jamiyatni ikkiga: “musulmon” va “dinsizlar”ga ajratadi. Bu bilan boshqa dindagilarni dushman sanab, dinlararo adovat uyg‘otishga urinadi. Ular nafaqat boshqa din vakillariga, balki shariat hukmlarini ular o‘ylagandek to‘liq bajarmayotgan musulmonlarga nisbatan ham zo‘ravonlik siyosati olib boradi.
“Salaf” kalimasi, aslida hadisi sharif e'tiboriga ko‘ra, dalolat jihatidan, islomiy asrlarning afzali, iqtido va ergashishga eng loyiq bo‘lgan davrga nisbatan ishlatiladi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Insonlarning xayrlisi mening asrim ahlidir, keyin ularga yaqin bo‘lganlaridir, so‘ngra ularga yaqin bo‘lganlaridir[1]. So‘ngra shunday qavmlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o‘zib ketadi (ya'ni, masalalarda ham o‘ta beparvo va mas'uliyatsiz bo‘lib, guvohlikni yengil sanab qasam ichaveradi)” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
“Salaf” so‘zi lug‘atda – “avval yashab o‘tganlar”, “ajdodlar”, “o‘tmishdoshlar” degan ma'nolarni anglatadi. Shar'iy istilohda “salaf” so‘zi muayyan bir davr bilan bog‘liq ma'noni anglatadi. Ya'ni, Nabiy alayhissalom zamonlarida va undan keyingi ikki asrda yashagan musulmonlar “salafi solih”, ya'ni, “solih ajdodlar” deyiladi. Soxta salafiylikning kuchayib, keng yoyilishi suriyalik Ibn Taymiya (1263–1328) faoliyati bilan bog‘liq. U umri davomida o‘zining agressiv qarashlari sababli to‘rt marta (1307, 1309, 1322 va 1326-yillarda) ozodlikdan mahrum qilingan va 1328 yili qamoqxonada vafot etgan. Mazkur shaxs harakatning nazariy asoslarini belgilab berganini barcha mutaxassislar e'tirof etadi.
Ibn Taymiya go‘yoki, asrlar davomida Islomga turli bid'atlar kirib qol¬ganini iddao qilib, jamiyat va musulmonlarning kundalik turmush tarzi uning talqinidagi Qur'on va sunnatga asoslangan holda qat'iy tartibga solinishi zarurligi haqidagi g‘oyani ilgari surdi.
Soxta salafiylar milodiy yil hisobini ishlatish, boshqa din vakillarining bayram, madaniy tadbirlarida ishtirok etish va tabriklash, kostyum, palto, shim va ko‘ylaklar kiyishni, galstuk taqishni ham imonsizlik deb hi¬sob¬lashadi. Bugungi kunda ushbu buzg‘unchi oqim-lar xal-qaro terrorchi tashkilotlar bilan uzviy aloqada ekani va ularning faoliyati tomonidan moliyalashtirilayotgani hech kimga sir emas. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Qozog‘iston, Qirg‘izis¬ton va Tojikistonda bir qator terrorchiliklarning amalga oshirilgani har bir fuqaroda hushyorlikni, ogohlikni oshirishni talab etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Islomdagi har bir yangilik agar u dindagi muqarrar qonun-qoidalarga xilof bo‘lmasa, “bid'ati zalolat” hisoblanmaydi. Soxta salafiylik Islom dini ta'limotlariga zid bo‘lib, musulmonlarning dunyoviy sohalarda taraqqiyotga bo‘lgan intilishiga to‘sqinlik qiluvchi yo‘nalishdir. Ular mo‘min-musulmonlar o‘rtasida urush, nizo va kelishmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Vaholanki, dinimiz o‘z nomi bilan faqat ezgulikni targ‘ib qiladi.
Jahongir Abrorov manbalar asosida
Kiritilgan vaqti: 05/11/2021 06:29; Ko‘rilganligi: 1144
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/keyingi-paytlarda-islom-mafkurasi-va-tarixiga-zid-goyalari-bilan-qayta-namoyon-bolayotgan-soxta-salafiylar
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:32
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:32