Kasal va nogironlar holidan xabar olish ham sunnatdir
Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollollohu alayhi va sallam biz ummatlarga har jabhada o‘rnak, ustoz va murabbiydirlar. Ul Zotni qilgan ishlarida ajib bir hikmat bor. Bu hikmat ortida ummat uchun yaxshilik turadi. Anashu yaxshilik insonga bu dunyoda foyda bo‘lishi yoki oxiratda buyuk darajaga ko‘tarishi mumkin.
Hazrati Payg‘ambarimizning kamtarona sifatlari, qilgan ishlaridan biri kasal, bemor va nogironlarni borib ko‘rishlari edi. Bu haqda Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Janob Rasululloh solllollohu alayhi va sallam bemor holini so‘rash uchun ularning yotgan yerlariga borar edilar. Dildorliklar qilar edilar” deb marhamat qilingan.
Imom Termiziy, kasal ko‘rishning naqadar savobli amal ekani haqida Ali roziyallohu anhudan quyidagi rivoyatni keltiradilar: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmon, musulmon birodari kasal bo‘lganida ertalab borib ko‘rsa, hatto kech kirgunga qadar unga yetmish ming farishta salovat aytib turadi. Agar (qaysi bir musulmon) musulmon birodari kasal bo‘lganida kechasi borib ko‘rsa, hatto tong otgunicha unga yetmish ming farishta salovat aytib turadi va u uchun jannatda bir bo‘ston bo‘ladi”, dedilar.
Ajru savoblari mo‘l bu ulug‘ amalni Sarvari olam bizlarga ta'lim berganlari bois, ota-bobolarimiz kasal va xastalarni borib ko‘rish, yolg‘iz istiqomat qiladiganlarning holidan xabar olish, mehrga muhtojlarning ko‘ngillarini ko‘tarishdek amallarni o‘zlarining muhim vazifalari deb bilganlar.
Bu ajoyib xislatlar va fazilatli xulqlarni farzandlariga singdirib yuborganlar. Chunki Islom kasal kishini ko‘rishga buyuribgina qolmasdan, balki kasal ziyoratini musulmonning do‘sti zimmasidagi haqi qilib belgilab qo‘ygan. Muruvvatparvar xalqimiz avvalo Rasulullohni sunnatini mahkam tutgan ota-bobosining yo‘lini davom ettirib qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘ydagi betob va bemorlar, kasal va xastalar, nogironlar holidan xabar olishni o‘z burchlari deb bu ishni davom ettirmoqdalar.
Hukumatimiz ham bunday ishlarni qo‘llab quvatlab kelmoqda. Buning dalili sifatida aytishimiz mumkinki, “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14-oktyabrdagi 47/3-sonli qaroriga asosan har yili “3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni” sifatida respublikamizda keng nishonlanishi hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan kuchli va manzilli ijtimoiy himoya siyosatining yaqqol isbotidir.
Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab aholini ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand nogironlarga hayotda keng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish masalasiga alohida ahamiyat berib kelinadi.
Bunday ezgu ishda bardavom bo‘lganlarning ajrini Alloh taoloning o‘zi ziyoda qilib beradi. Zero Rasulullohning qilgan ishlarida ummat uchun faqat ajr va yaxshilik bordir.
Samariddin domla Mirzayev
Samarqand shahar “Shohi-Zinda” jome masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 10/02/2022 08:22; Ko‘rilganligi: 1121
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 21:42