Karantinga rioya qiling!!!
Butun dunyo koronavirus sabab tahlikali holatga tushdi. Yurtimizda xastalikka chalinish holati ilk bor aniqlangan kundan boshlab karantin cheklovlari joriy etildi.
Ammo, ko‘rinmas xavfni sezmay, qoidalarga amal qilmayotgan yurtdoshlarimiz hamon uchrab turgani kishini o‘yga toldiradi. Vaholanki, dinimiz ham muqarrar balo yuzaga kelganda o‘zimizni asrashga chaqiradi. Ya'ni, musulmon kishi o‘zi va o‘zgalar hayotini muhofaza qilish uchun mas'uldir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Ikki ne'mat bor, insonlar ularning qadriga hech yetmaydi. Xotirjamlik va salomatlik”.
Internet sahifalari, ijtimoiy tarmoqlarda “Xudoning aytgani bo‘ladi, niqob taqsang, gigiyena vositalaridan foydalansang ham taqdirda kasallik yuqtirish bo‘lsa, bari befoyda”, mazmunidagi gaplarga duch kelyapmiz. Bu xato fikr. Xatoligi shundaki, Yaratgan bizga ato etgan hayot va salomatlik bir ne'matdir. Uni ko‘ra-bila turib xavfga qo‘yish omonatga xiyonat bo‘ladi.
To‘g‘ri, mo‘min sifatida Alloh bitgan taqdirga imon keltiramiz. Yaxshilik ham, yomonlik ham, Allohdan ekaniga ishonamiz. Lekin o‘zimizni asrashimiz ham taqdirning bir bo‘lagi ekanini unutmaylik.
Hazrati Umar roziyallohu anhu Shom yurti tomon ӣӯlga chiqadilar va ӣӯlda u yerda vabo tarqalganini eshitadilar. Shunda u kishi sahobalar bilan birgalikda Shom yurtiga bormasdan ortga qaytadilar. Qaytayotgan vaqtlarida Allohning taqdiridan qochyapsizmi deb sӯralganlarida, ha taqdirdan taqdirga qochyapman deganlar. Ya'ni, mana shu qochishim ham aslida Allohning taqdiri, demoqdalar.
Yana bir hadisi sharifda payg‘ambar alayhissom “Tomi tushib ketadigan uyning ichida o‘tirib, Alloh meni saqlagin, degan kishining duosi qabul bo‘lmaydi”, deganlar.
Demoqchimizki, yaratganning bizga yozgan taqdiriga rozi bo‘lgan holda, ehtiyot chorasini ham ko‘rishimiz kerak.
Yana bir jihat. E'tibor qilsak, infeksiyadan saqlanishning asosiy sharti sanitariya-gigiyena qoidalari ekani oydinlashmoqda. Islom dinining eng muhim talabi poklik ekanini unutmaylik.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning yana bir hadislari bor: “Alloh pokdir va poklikni yaxshi ko‘radi”.
Shunday ekan, nima uchun bu tartibga amal qilmasligimiz kerak?
Fursatdan foydalanib, xalqimizga murojaat qilmoqchimiz. Zarur bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy amal qiling, tibbiy niqob, shaxsiy himoya vositalaridan muntazam foydalaning. Bugun ayniqsa, yoshi ulug‘, nuroniylar o‘z-o‘zini ihotalash tartibiga o‘tishi eng to‘g‘ri yo‘ldir. Unutmaylikki, islomda birovga ham, o‘ziga ham zarar berish yo‘q.
Nurbek XIDIROV Jomboy tumani "Ko‘k to‘nli bobo" jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 17/07/2020 15:44; Ko‘rilganligi: 1402
Chop etilgan vaqti: 19/05/2025 13:58