O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Jihodchilik harakati haqida

 
 

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlarimiz bo‘lsin.

Ma'lumingizkim, muqaddas Islom dini o‘z mazmun mohiyatiga ko‘ra tinchlik dini hisoblanadi. U butun insoniyatni tinchlikda, xotirjamlikda, ofiyat va barqarorlikda yashashga targ‘ib qilib, yer yuzida fitna fasod, adovat kabi illatlarga barham berishga chaqiradi. Tinchlikparvarlik islom dinining asosini tashkil qiladi. Ming afsus bilan qayd etish lozimki, bugungi kunda dinni niqob qilib, uning nomidan ish olib borishga intilayotgan ekstremistik va terrorchi oqimlarning buzg‘unchi faoliyati muqaddas islom dini va tinchliksevar musulmonlar haqida noto‘g‘ri tasavvurlarning shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. ''Jihod'' g‘oyasi ostida bir qancha musulmon mamlakatlarida olib borgan terrorchilik amaliyotlari natijasida minglab tinch aholi, jumladan, go‘daklar, qariyalar, ayollar qurbon bo‘ldi. Liviya, Suriya, Iroq kabi mamlakatlarda o‘nlab yirik shaharlar butunlay vayronaga aylandi. Millionlab insonlar uy joylaridan ayrilib, o‘zga yurtlarda qochqin sifatida sarson sargardon bo‘lmoqda.

Bunday hatti harakatlar aksariyat aholisi musulmonlardan iborat bo‘lgan mamlakatlar qatori bizning yurtimizda ham har bir aqli raso insonni, mo‘min musulmonni doim hushyor bo‘lishga, ogoh bo‘lishga chorlaydi. Din nomidan qilinayotgan fasod va buzg‘unchiliklar nima maqsadda qilinayotgani, uning orqasida qanday kuchlar turgani, bunday yovuzliklarning asosiy mazmun mohiyati nimadan iborat ekanligini anglab yetmoq bugunning eng dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.

Ekstemist terrorchilarning talqinidagi ''jihod'' tushunchasi muqaddas dinimiz haqida go‘yoki, bu din yovuzlikka, jangu jadal, urush, qon to‘kish, boshqa dindagilarga qarshi kurash olib borishga asoslangani haqida noxolis qarashlarning shakllanishiga turtki bo‘lmoqda. Aslida, ''jihod'' Qur'oni karimda ''muqaddas urush'' deb atalmagan. Shu o‘rinda jihod so‘zining arab tilidagi lug‘aviy va diniy istilohiy ma'nolari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ''jihod'' so‘zi arabcha ''jahada'' fe'lidan olingan bo‘lib, ''g‘ayrat qilmoq'', ''harakat qilmoq'', ''intilmoq'', ''zo‘r bermoq'', ''bor kuchini sarflamoq'', ''kurashmoq'', ''mehnat qilmoq'' kabi ma'nolarni anglatadi. Diniy istilohga ko‘ra, jihodning nafs, shayton va yov bilan kurashishdek turlarining mavjudligi, ularning mazmun mohiyati haqida yetarlicha tushuntirishlar berilgan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘n uch yil Makkai mukarramada o‘n yil Madinai munavvarada payg‘ambarlik faoliyatlarini olib borganlar. Makka davrida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va sahobiylar Alloh taoloning: ''(Ey Muhammad), Rabbingizning yo‘liga (diniga) hikmat va chiroyli nasihat bilan da'vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!...''–(Nahl surasi,125-oyat) degan ko‘rsatmasi asosida faoliyat olib borganlar.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga ko‘chib o‘tdilar. Madinai munavvarada musulmonlar jamiyati tarkib topdi. Makka mushriklari tomonidan madinadagi musulmonlar jamiyatini rivojlanmasligi uchun bir necha marotaba Madinaga qo‘shin tortib boriladi. Shunday holatda musulmonlar jamiyatini tashqi dushmandan mudofaa qilish maqsadidagina harbiy mazmundagi jihodga ruxsat berilgan. Jumladan, ''Haj'' surasining 39-oyatida: ''(Mushriklar tomonidan) hujumga uchrayotgan (musulmon)larga, mazlum bo‘lganlari sababli (jang qilishga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga yordam berishga qodirdir'', deyiladi. Bu oyatdan ko‘rinadiki, jangu jadal ma'nosidagi jihodga mudofaa, muqarrar dushman hamlasini daf etish maqsadida ruxsat berilmoqda.

Taassufki, hozirgi kunda ekstremistik va terrorchi oqimlarning mutaassiblik bilan yo‘g‘irilgan g‘arazli maqsadlari yo‘lidagi bosqinchilik urushini ''jihod'' deb e'lon qilib, bu yo‘lda o‘zlarini portlatib begunoh insonlarning o‘limiga sababchi bo‘layotganlarni ''shahid'' deb atayotganlari dinimiz ta'limotiga mutlaqo ziddir.

Buzg‘unchi terrorchilar o‘zlariga ergashmagan, ularning aldov g‘oyalariga qarshi chiqqan musulmonlarni ''takfir''da ayblaydilar, hamda, shu bilan ularning qonlari, jonlari, mollarini o‘zlariga ''halol'' sanab, to‘daboshilarining ''fatvo''lari bilan musulmon jamiyatlarda tinch aholiga nisbatan talonchilik, qaroqchilik, zulmu zo‘ravonlik amaliyotlarini olib boradilar. Ular o‘zlarining bu bosqinchilik qilmishlarini ''jihod'' deb ataydilar.

Vaholanki, Alloh taolo Qur'oni karimda g‘arazli maqsadda dunyo matohiga egalik qilish maqsadida musulmon kishini asossiz kofirga chiqarishdan qaytaradi. Jumladan, Alloh taolo ''Niso'' surasining 94-oyatida: ''Ey imon keltirganlar! Alloh yo‘lida safarga chiqqaningizda, aniq ish tutingiz! Sizlarga salom bergan (yoki taslim bo‘lgan) kishiga bu dunyo matohini (o‘ljani) ko‘zlab: ''Mo‘min emassan'',-demangiz!...'' deb ogohlantiradi.

Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: ''Hech bir kishi boshqa kishini fosiq, kofir deb ayblamasin. Agar u kishi bunday bo‘lmasa, aytgan gapi o‘ziga qaytib keladi''. Shunday ekan, ayrim soxta ''jihod'' g‘oyalariga aldanib,bugungi kunda dunyoning notinch nuqtalariga borib olib, muqaddas dinimiz ta'limotiga zid ravishda zulmu zo‘ravonlik qilib yurganlar vaqti borida esini yig‘ib olishlari kerak bo‘ladi. Dinimiz ta'limotida birovga jabr, zulm qilishlik qanchalik og‘ir gunoh ekanligi oyati karima va hadisi shariflar asosida bayon qilinib, ogohlantiriladi. Aynan terrorchi buzg‘unchilar o‘zlarining yer yuzida olib borayotgan fisqu fasodlarini Alloh taoloning kalomi Qur'oni karim oyatlarini buzib, noto‘g‘ri talqin qilish orqali xaspo‘shlashga, shu orqali diniy ilmi yetarli bo‘lmagan kishilarni chalg‘itib, to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirishga harakat qiladilar. ''Hud'' surasining 18-oyatida Alloh taolo: ''Allohga nisbatan yolg‘on to‘qigan kimsadan ham zolimroq odam bormi? Ana o‘shalar Robbilariga ro‘baro‘ qilinurlar va guvohlar: ''Anavilar Robbilari sha'niga yolg‘on gapirganlardir. Ogoh bo‘lingkim, Allohning la'nati zolimlargadir'', derlar'', deb dunyo matohini ko‘zlab Alloh taologa yolg‘on to‘qib, yer yuzida buzg‘unchilik, fasod ishlarni qilgan kimsalarni zolimlar deb atab, ular uchun qiyomat kunida alamli azob borligidan ogohlantiradi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: ''Muflis kimligini bilasizlarmi?''-deb so‘radilar. Sahobiylar: ''Muflis - biror dirhami, dinori, matohi yo‘q kishidir'',-deb javob berdilar. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: ''Mening ummatimdan bo‘lgan muflis qiyomat kuni namozi, zakoti, ro‘zasi bilan keladi, shu bilan birga birovni so‘kkan, birovni zinoda ayblagan, birovni molini nohaq o‘zlashtirgan, birovni nohaq qonini to‘kkan, birovni urgan bo‘ladi. Uning hasanot-yaxshiliklaridan mazlumlarga olib beriladi. Agar hasanot-yaxshiliklari qolmasa mazlumlarning gunohlari unga yuklanadi. So‘ngra do‘zaxga uloqtiriladi'', deya bu dunyoda zulmu zo‘ravonlik qilib yurganlarning qiyomat kunidagi ahvollarini bayon qilib berdilar.

Shuni doim yodda tutmoq kerakkim, Islom dini jangu jadal dini emas, balki tinchlik dinidir. Islom so‘zining tub mazmun mohiyati tinchlik, salomatlik, xotirjamlik, ofiyat, sulh kabi ma'nolarni anglatadi. Mo‘min musulmon kishi  Vatani ozodligi yo‘lida kurashsa, oilasi, mol-mulki, din-diyonati, or-nomusi himoyasi yo‘lida kurashsa haqiqiy ma'noda jihod sanaladi. Yurt ravnaqi, xalq farovonligi, tinchlikni asrash, ota-ona xizmati, oila nafaqasi, farzandlar tarbiyasi, shuningdek, yoshlar ongini turli xil buzg‘unchi yot g‘oyalardan, mafkuraviy xurujlardan asrab avaylashga qaratilgan hatti-harakatlar ham jihod sanaladi.

Alloh taolo jondan aziz Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo aylab, turli balolardan O‘z panohida asrasin!

 Mansurjon Abduxoliqov - Payariq tumani bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 07/06/2020 13:46;   Ko‘rilganligi: 1136
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/jihodchilik-harakati-haqida
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 21:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing