O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

JANNAT ABADIY HAROM QILINGANLAR

 
 

Inson borki uning boshiga turli xil musibat va muammolar tushishi tabiiy hol. Bu musibatlarni yengib o‘tish haqiqiy musulmon insonning ishidir. Biror sinov kelsa, osmonu falakni boshiga ko‘tarib ayyuhannos solib, dod-faryod qilish, o‘z joniga qasd qilishni barcha tashvishlardan qutilishning yagona yo‘li deb bilish – imonning zaifligidandir. Vaholanki, bu uslub yechim emas, balki eng buyuk azob-uqubatning boshlanishidir.

Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhuning rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Sizlardan oldin o‘tgan qavm orasida bir yaralangan kimsa bor edi. U og‘riqqa chiday olmasdan, qo‘liga pichoq olib, yaralangan qo‘lini kesdi. Natijada u qon yo‘qotish tufayli vafot etdi. Shunda Alloh taolo: “Bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib, mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim”, – dedi ” (imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Alloh taologa shukrki, biz, musulmonlar, yashash uchun hamma sharoitlar to‘liq muhayyo qilingan, to‘kin, tinch va farovon jamiyatda yashamoqdamiz. Birov-birovning haq-huquqini kamsita olmaydi. Bunday adolatli jamiyatda yashash ayni saodatdir. Binobarin, bizning Vatanimizda o‘zini-o‘zi o‘ldirishga hech qanday sabab yo‘q. Har qanday ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni sabru qanoat va husni tadbir bilan hal qilsa bo‘ladi. Ammo besabrlik ila noshukrlik qilinsa, oqibati xayrli bo‘lmaydi!

Alloh taolo «Baqara» surasida quyidagilarni aytadi: «Va Allohning yo‘lida nafaqa qiling. O‘zingizni o‘z qo‘lingiz ila halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta. Alloh ehson qiluvchilarni xush ko‘radir», (195-oyat).

Bu oyati karimada Alloh taolo musulmonlarni o‘zingizni o‘zingiz halokatga duchor qilmaslikka chaqirmoqda. Imom Olusiy, ushbu oyatdan o‘limga sabab bo‘ladigan narsaga bormaslik chiqadi, deganlar. 

Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga o‘zini mishqoslar bilan o‘ldirgan odamni olib kelindi. Bas, U zot unga janoza o‘qimadilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.

«Mishqos» – keng tig‘li, pichoqqa o‘xshash narsa. 

O‘zini o‘zi o‘ldirish Islomda qattiq qoralanadi. Bu ish mo‘min-musulmon odamga mutlaqo to‘qri kelmaydigan ish. 

O‘zini o‘zi o‘ldirish Allohning qazoi qadariga norozi bo‘lish, Alloh bergan hayot ne'matiga nonko‘rlik qilish, osiylik va irodasizlikdir. O‘zini-o‘zi o‘ldirish musulmonlarga xos bo‘lmagan qo‘rqoqlik va nomardlikdir. 

Insonga yetadigan ba'zi dard, qiyinchilik va musibatlar bandaga sinov yoki uning gunohlariga kafforot ekanini suyukli Payg‘ambarimiz alayhissalom aytib o‘tganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam dedilar: Musulmon kishiga yetadigan har bir dard, qiyinchilik, musibat, qayg‘u-alam, ozor yoki g‘am va hatto unga kirgan tikan sababli ham Alloh taolo uning xatolarini kafforot qiladi”.  Hayotning qadriga yetmagan, unga berilgan ne'matning shukronasini qilmagan, yashashni istamagan, atrofdagilardan norozi kishilarning xatti-harakatlari natijasi  o‘z jonigan qasd qilish bilan nihoya topadi.

B.Sharipov Samarqand tuman bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 11/08/2023 15:01;   Ko‘rilganligi: 190
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/jannat-abadiy-harom-qilinganlar
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 06:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing