O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Jahl bilan boshlangan ish uyat bilan yakun topadi

 
 

Ma'lumki, Alloh taolo inson zotini aziz va mukarram qilib, yaratdi. Insonlarga aql deb atalmish ulkan bir ne'matni ato qildi. Gohida inson aqlini ishlatmasdan, jahl otiga minib ko‘ngilsiz oqibatlarga sabab bo‘lib qoladi. Inson g‘azablanmaydigan bo‘lsa, jahlini jilovlab oladigan bo‘lsa dunyo va oxiratda saodatli bo‘lib, oxiratda jannat deb atalgan ne'matni qulga kiritadi.

Bu borada Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam barchamizga o‘rnak edilar.

Abu Hurayra roziyallahu anhudan rivoyat: Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vassallamga: Menga nasihat qiling dedi.,dedi.

-G‘azab qilma!-dedilar  Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam.

Haligi odam iltimosini bir necha bor takrorladi.

-G‘azab qilma!-dedilar Rasululoh sallallohu alayhi vasallam,,. (Buxoriy rivoyatlari)

Musulmon farzandi guzal axloqlar bilan sifatlangan, hilmu hayo ila ziynatlangan buladi. Tavoze' libosini kiygan bu inson o‘zgalarga rahmdillik bilan muomala qiladi. U birovlar og‘irini o‘z yelkasiga olib, ozor-aziyatlarga sabr qiladi, jazolashga qodir bo‘la turib, dilozorni afv etadi. Hamisha g‘azabini bosa oladi... Xullas, ulug‘ sifatlar va go‘zal axloqlarni o‘zida mujassam etadi.

Musulmon kishi jahlni ustun qilib, achchig‘i chiqqan vaqtda, o‘zini g‘azab hukmiga topshirib qo‘ymaydi. Toki yovuzlik kuchlari insonni har kuyga solmasin. G‘azab hukmron bo‘lgan paytda banda harom va gunoh ishlarga qo‘l urib qo‘yishi mumkin. Oqibati esa kishini uyatli holatga olib kelishi muqarrar. G‘azablangan vaqtimizda Alloh taoloning quyidagi oyatini eslaylik:

“Parvardigoringiz tomonidan bo‘lg‘usi ma'firatga hamda taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan kengligi osmonlar va yer barobarida bo‘lgan jannatga shoshilingiz. (U taqvodor zotlar) yaxshi-yomon kunlarda infoq-ehson qiladigan, g‘azablarini ichlariga yutadigan, odamlarni avf etadigan kishilardir. Alloh bunday yaxshilik qiluvchilarni sevadi,, (Oli Imron surasi, 133-134-oyatlar).

Mazkur oyati karimaga binoan g‘azabimizni jilovlashni o‘rgansak, Alloh taoloning g‘azabidan omon qolamiz va taqvodor  zotlar safida jannat ahliga aylanamiz, inshaalloh.

Zafar Yahyoev Urgut tuman “Mirzo Ulug‘bek” jomi masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 22/10/2023 20:51;   Ko‘rilganligi: 154
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/jahl-bilan-boshlangan-ish-uyat-bilan-yakun-topadi
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 03:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing