O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

IXTILOF, TORTISHISH VA TAFRIQA DINIMIZDA MAN QILINGANDIR

 
 

Alloh taola Qur'oni karimning Anfol surasining 46 oyatida shunday marhamat qiladi:

Allohga va Uning Rasuliga itoat qiling. O‘zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadir.

Musulmonlarning Allohga va Uning Rasuliga itoatlari qancha ko‘p bo‘lsa, muvaffaqiyatlari ham shunchalik ko‘p bo‘laveradi. Shuning uchun ham, Kur'oni Karimda bu amr qayta-qayta takrorlanadi.

Ushbu oyatda zikr qilinayotgan g‘alaba omillaridan biri o‘zaro tortishish va nizo qilmaslikdir. Shuning uchun ham Alloh taola qur'oni karimda

«O‘zaro nizo qilmang» demoqda.

O‘zaro nizoning va tortishishning oqibati nima bo‘lishi oyatning o‘zida aytilgan:

«…u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadir» deyilgan.

Islom tarixida musulmonlarning hamma mag‘lubiyatlari ichki nizolar va o‘zaro tortishishlar oqibatida sodir bo‘lgan. Islom dushmanlari bilan birinchi to‘qnashuvdan tortib, to bugungi kunimizgacha musulmonlarni hech qanday kuch yenga olmagan. Musulmonlar o‘z dushmanlaridan qancha yengilgan bo‘lsalar, faqatgina dinlaridan uzoqlashib, o‘zaro nizo va tortishishlar qilganda yengilganlar.

Alloh taola qur'oni karimning Oli Imron surasining 103 oyatida shunday marhamat qiladi:

Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va  firqalarga bo‘linib ketmang deyilgan.

Janobi Rasululloh (s.a.v.) sahobai kiromlar bilan o‘tirgan hollarida yerga uzun to‘g‘ri chiziq tortib, bu Allohning yo‘lidir, deb aytdilar. Keyin uning o‘ng tarafiga 36 ta va chap tarafiga yana 36 ta chiziqlar tortib, «Bular shunday yo‘llarki, har birining boshida bittadan shu yo‘lga chaqiradigan shayton bordir», dedilar-da, so‘ng quyidagi oyati karimani o‘qidilar:

«Albatta, mana shu (Mening) To‘g‘ri yo‘limdir. Unga ergashingiz! (Boshqa turli) yo‘llarga ergashmangiz! Aks holda, ular sizlarni Uning yo‘lidan ayirib qo‘yadi. (An'om, 153).

Ayni ma'noni Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning: «Yahudiylar 71 firqaga, nasroniylar 72 firqaga bo‘linib ketgan edilar. Mening ummatim 73 firqaga bo‘lingay. Ulardan bittasigina najot topib omon qolur, qolganlari esa do‘zax ahlidir», — deb aytgan mashhur hadisi shariflaridan ham tushuniladi. (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari).

Sahobalar: «Jannatga boradigan bitta firqa qaysi?», — deb so‘radilar. Rasululloh (s.a.v.): «Men bilan sahobalarim tutgan yo‘ldagisi», — deb javob  berdilar. Mana shu oyati karima va hadisi shariflardan ma'lum bo‘ladiki o‘zaro tortishish va tafriqa bo‘linish islom ta'limotiga mutlaqo zid amaldir.

Alloh taolo barchalarimizni turli fitna-fasod va tafriqalardan saqlasin. Yurtimizni va dinimizni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan pok saqlab, O‘zining hifzu himoyasiga olsin!

Temirov Hasan manbalar asosida


Kiritilgan vaqti: 17/05/2022 10:00;   Ko‘rilganligi: 437
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/ixtilof-tortishish-va-tafriqa-dinimizda-man-qilingandir
Chop etilgan vaqti: 23/04/2024 11:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing