ISROFGARCHILIKDAN SAQLANAYLIK
Barchamizga ma'lumki, Islom dini mo‘tadil din bo‘lib, barcha ishlarda mo‘tadil yo‘lni tutishga buyuradi. Ayni paytda isrofdek og‘ir gunohdan qaytaradi. Chunki har qanday ishda haddan oshishi isrof sanaladi va u islom dinining mo‘tadillikka asoslangan ta'limotiga zid keladi.
Isrof deb, shariat tilida biror ish-harakatni bajarishda, so‘z so‘zlashda, molni sarf qilishda, ko‘ngildagi xohish-istaklarni amalga oshirishda chegaradan chiqishga aytiladi. Alloh taolo Qur'oni Karimda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaydi. Jumladan ya'ni: “U isrof qiluvchilarni sevmagay” (A'rof surasi, 31-oyat) deyiladi. Biz ko‘pincha taomning ortib qolishi yoki ortiqcha sarf-xarajat qilishnigina tushunamiz. Bu ham to‘g‘ri. Ammo nafaqat ortib qolishi, balki qolmasin deb, to‘q qorin ustiga yeyish ham isrof sanaladi.
Yeb-ichishdagi isrof – qorin to‘q bo‘la turib, ustiga yana taom yeyish, degan tavsif ham bor, ammo u juda zararlidir. Ibn Jurayjdan rivoyat qilinishicha, ushbu oyat ibn Qays ibn Shammos haqida nozil bo‘lgan bo‘lib, u bog‘dagi xurmosini terib oladi va bugun oldimga kelgan kishilarning hammasiga mevadan ehson qilaman, dedi. Kelgan odamlarning hammasiga mevadan beraverdi. Kechga bormay o‘ziga meva qolmadi. Shunda Alloh taolo: “Isrof qilmangiz! Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi”, - degan oyatni nozil qildi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham hadislarining birida shunday deganlar: “Yenglar, ichinglar, kiyininglar va sadaqa qilinglar, maqtanchoqlik qilmagan holda”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Biz o‘zbek xalqi mehmondo‘st, xayru saxovatli, qo‘li ochiq xalqmiz. Shuning uchun xilma-xil marosimu tadbirlarimizning soni ko‘p. Aqiqa to‘yi, nikoh, hovli to‘yi, motamga oid marosimlarning ham bir necha turlari mavjud. Albatta bunday marosimlarning paydo bo‘lishi va amalga oshirilishidan ko‘zlangan maqsad avvalo, qavmu qarindosh, qo‘ni-qo‘shni va yoru qadrdonlar bilan diydorlashish, yetim-esirning ko‘nglini olish, muhtoju faqirlarga taom ulashish orqali Alloh taoloning savobiga noil bo‘lishdir. Ammo zinhor ushbu tadbirlarda isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlikka o‘tmaslik kerak bo‘ladi. Aks holda ehson qilib savob olish o‘rniga og‘ir gunohga qolinadi. Ulamolar isrofga yo‘l qo‘yadigan kishilarning holatlarini tahlil qilish orqali isrofga sabab bo‘ladigan omillarni isrofgarchilikning zararli oqibat va asoratlari, isrofgarchilikdan qutulish yo‘llarini aniqlaganlar:
1.Avvalo jamiyat o‘chog‘i bo‘lmish oilada farzandlarni sabrli va qanoatli qilib tarbiyalash o‘rniga, ular tomonidan bo‘ladigan barcha tadbirlarni me'yoridan oshirib ta'minlab borish.
2.Maishatparast, dunyo-parast kishilar bilan ulfat va suhbatdosh bo‘lish, ularning holatlaridan ta'sirlanish.
3.Nafsning xohish-istaklariga so‘zsiz itoat etish:
- har ishda Alloh taolo buyurgan isrofgarchilikdan o‘zni saqlash;
- Dunyodagi faqir va miskinlar uysiz-joysiz, och-nahor yurgan xalqlarning holatini ko‘z oldiga keltirish;
- oila va farzandlarni sabr va qanoat kabi go‘zal fazilatlar sohibi qilib tarbiyalash.
Alloh taolo hayotimiz va rizqimizni farovon aylab, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yishdan va uning balolaridan o‘z panohida asrasin.
Muallif: Rahmatulloh QURBONOV – Oqdaryo tuman “Bilol” jome masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 25/09/2019 16:58; Ko‘rilganligi: 1932
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 04:06