Isrofdan saqlanish mo‘minlikka xos
Muqaddas dinimiz barcha narsada me'yorga amal qilishga, Alloh ato etgan ne'matlarga shukur qilib, isrofdan saqlanishga chaqiradi.
Isrof biror ishda haddan oshish, so‘zda, mol sarfida, hatto ehson qilishda mo‘tadillik chegarasidan chiqishdir. Isrofgar kishi shaytonning birodari deya la'natlanadi.
Alloh taolo Qur'oni karimning “Isro” surasi, 26-27-oyatlarida marhamat qiladi: “Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukur edi”.
Isrof deganda faqat ortiqcha sarf-harajatni, ovqat ortib qolgach, uvol bo‘lishini tushunamiz. Ammo, nafaqat ortib qolishi, balki qolmasin deb, to‘q qorin ustiga yeyish ham isrof sanaladi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu shunday deganlar: “Taom va ichimlik bilan qorinni shishirishdan saqlaning. Zero, bunday qilish jasadni buzadi, kasallik keltiradi va namozga yalqovlantiradi. Taom va ichimlikda mo‘tadil bo‘ling. Zero, shunday qilish jasadga foyda beradi, isrofdan yiroq qiladi va ibodatga kuch beradi”.
Xalqimiz mehmondo‘st, shuning uchun marosimu tadbirlarimiz ham ko‘p. Aqiqa, sunnat, nikoh, hovli to‘ylari, motamga oid tadbirlarimiz o‘ndan oshadi. Albatta, bunday marosimlardan maqsad qavmu qarindosh, qo‘ni-qo‘shni, yoru qadrdonlar bilan diydorlashish, yetim-esirning ko‘nglini olish, muhtoju faqirlarga taom ulashish orqali Alloh taoloning savobiga sazovor bo‘lishdir. Ammo, ushbu tadbirlarda isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlikka o‘tish savobni gunohga aylantirishini ham unutmaslik kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida: “Yenglar, ichinglar, kiyininglar va sadaqa qilinglar, isrof va maqtanchoqlik qilmagan holda” deganlar.
Bu illatga berilib, Alloh taoloning muhabbatidan mosuvo bo‘lish, Uning g‘azabi va qahriga mubtalo bo‘lishdan saqlanaylik.
Umidxon Jo‘rayev,
“Ibrohim ota” jome masjidi imom-xatibi.
Kiritilgan vaqti: 07/08/2023 15:12; Ko‘rilganligi: 624
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:54