O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Isrof jaholatdandir

 
 

Xalqimiz mablag‘ topsa, yaxshi niyat bilan to‘yga jamg‘aradi. Lekin bu odat odamlarning jaholati bois illatga aylanib bormoqda. Bugungi kunda to‘y, ma'raka va marosimlarda me'yor, milliy urf-odat va dinimiz belgilab bergan chegaradan chiqib, riyoga, isrofga yo‘l qo‘yilmoqda. Ochiq-sochiq liboslar, turnaqator to‘y kortejlari ijarasi, kelin-kuyovlar ma'naviyatimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan vals, turli “kashfiyot”larga ruju qo‘yishi, ma'rakalarga haddan ziyod mehmon taklif etilishi… Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.

Bu illatlar jamiyatni tag-tubidan yemiradi, taraqqiyotga to‘siq bo‘ladi. Agar shu dabdaba, hashamat, ichkilikbozlik kabilarga sarflanayotgan milliardlab mablag‘larni ta'limga yoki ishlab chiqarishga yo‘naltirsak bormi? Qanday nati jalarga erishgan bo‘lardik?! Ajri ulug‘ ishga sarf qilingan molning to qiyomat gacha sohibiga savob keltirib turishi haqida hadislar vorid bo‘lgan.

A'rof surasining 31-oyatida: “…Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas”, deya marhamat qilingan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Seni ikki xislat – faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni icha ver”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Bandaning vazifasi Alloh bergan ne'matlarning shukrini qilish, ularni isrof qilmay ishlatishdir. Ehtiyojdan ortiq yeb-ichishni ba'zi ulamolar harom degan bo‘lsa, ayrimlari makruh sanagan. Bu ne'matlardan qay tarzda foydalanganimiz, ularni qayerga sarflaganimiz, shukrini qanday qilganimiz haqida so‘ra lamiz.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar: “Musulmonning musulmon zimmasida oltita haq bor: bir-biringizga yo‘liqsangiz, salom bering; sizni (mehmonga) chaqirsa, boring; maslahat so‘rasa, to‘g‘ri maslahat bering; aksa urib Allohga hamd aytsa, unga javob qaytaring (“Yarhamukalloh” deng); betob bo‘lib qolsa, uni borib ko‘ring va vafot etsa, (janozasiga) boring”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Islom shariati musulmonlarga hargiz qiyinchilikni ravo ko‘rmaydi. Mahallako‘y oldida xijolat bo‘laman deb, qarz olib yo borini sarflab, “xudoyi” qilish shariatimizda nomaqbul ish sanaladi. Chunki Qur'oni karimda: “Alloh taolo sizlar uchun bu dinda hargiz qiyinchilik yaratmadi” (Haj surasi, 78-oyat), deb aytilgan.

Musibatxonalarda “payshanbalik”, “yakshanbalik” nomi bilan qilinayotgan, dafndan keyin ma'lum kun yoki oyni sanab, ayniqsa, ikki hayit kunlarida o‘tkazilayotgan xudoyi marosimlarining diniy asosi yo‘q.

Xayrulloh SATTOROV

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 05/09/2023 09:20;   Ko‘rilganligi: 138
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/isrof-jaholatdandir
Chop etilgan vaqti: 19/05/2024 06:44
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing