O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ISROF-ENG OG‘IR GUNOHLARNING BIRIDIR

 
 

Alloh taolo insonlarni turli millat va elat shaklida yaratdi. Ularni Yer yuzini makon tutib, undagi ne'matlardan istifoda qilgan holda hayot kechirishga buyurdi. Yana bandalariga behisob ne'matlarni ato etib qo‘ydiki bularni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi.

Alloh taolo Qur'oni Karimda: “...Agar Allohning ne'matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Robbiga) juda noshukurdir” (Ibrohim-34).

Insonlarga shuncha ne'matlarni ato etib qo‘ygan Alloh taolo ularni bu ne'matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, aslo isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Jumladan, Alloh taolo Qur'oni Karimda: “Yenglar, ichinglar, isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay” (A'rof, 31- oyat), - deb amr qilmoqda. Shuningdek, yana: “Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutloqo yo‘l qo‘ymang!” (Isro-26).

Demak, silai rahm, xayr-ehson va turli sadaqalarni berishda ham me'yordan tashqari xarajat qilish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish Alloh tomonidan ham man etilgan. Xususan, to‘y va boshqa marakalardagi isrofgarchiliklar ortiqcha dabdabaga,  riyokorlikka, manmanlikka, kimo‘zarga, o‘zaro hasadga,  imkoni yo‘qlarning ko‘ngli o‘ksishiga olib keladi.

Payg‘ambarimiz Muxammad alayhissalom o‘z hadislarida marhamat qiladilarki: “Kim hayotda tejamkor bo‘lsa, zinhor qashshoqlikka tushmaydi.” Yana bir hadisda: “Isrofgar jannatga kirmaydi”-deb isrofdan qattiq qaytarganlar.

Hamma ishda me'yor va mo‘tadillik bo‘lgani yaxshi. Menga boylik berib qo‘yildi deb, uni har tomonga sochaverish, ayniqsa Alloh harom qilgan ishlarga sarflash gunoh eshiklarini ochib qo‘yadi. Buning o‘rniga yordamga muhtoj kishilarga ko‘mak berish, talabalarning o‘qish shartnoma pullarini to‘lashga ko‘maklashish, qarzini to‘la olmayotgan kishilarga yordamlashish ham o‘ziga, ham jamiyatga manfaat keltirgan katta savobli ish bo‘ladi.  Isrofgarchilikning barcha ko‘rinishlariga barham berish har bir fuqoroning vazifasidir.

 Muhiddin AHROROV - Urgut tumani “To‘rtko‘l” jome masjidi imom xatibi  


Kiritilgan vaqti: 29/05/2020 14:46;   Ko‘rilganligi: 1099
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/isrof-eng-ogir-gunohlarning-biridir
Chop etilgan vaqti: 17/05/2024 13:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing