O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ISLOMDA DINIDA OTA-ONAGA YAXSHILIK QILISH

 
 

Muborak dinimiz bo‘lmish Islom dini Odam bolasini, insoniyatni faqatgina yaxshilik qilish, shirinsuxan bo‘lish, birovni og‘irini yenil qilish, yetimni boshini silash, kanbag‘alga yordam berish, silai rahm qilmoq, qo‘shniga ozor bermaslik kabi juda ko‘plab-ko‘plab yaxshi ishlarni qilishga buyuradi.

Bu buyruq va vazifalarni Qur'oni karim va Habibimiz Muhammad sollollohu alayhi va sallamning hadisi shariflari bayon qilib beradi. Qur'oni karim va hadisi sharifda shunday bir insonga yaxshilik qilishga targ‘ib qilinganki, bu yaxshilik evaziga jannat va'da qilingan. Bu esa ota-onaga yaxshilik qilishdir. Dunyoda ota-onaning hurmatini Islomchalik yuqori qo‘ygan ta'limot va tuzum yo‘qdir. Bu haqda Qur'oni karimda ko‘plab oyatlar kelgan. Jumladan,  Alloh taolo “Ankabut” surasining 8-oyatida marhamat qilib aytadiki: “Va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik.” Ushbu oyatdan ko‘rinib turibdiki, ota-onasi mo‘min bo‘lsalar ham, kofir bo‘lsalar ham, kim bo‘lishlaridan qat'i nazar ularga yaxshilik qilish musulmon farzandning burchi ekan. Shuningdek, “Ahqof” surasining 15-oyatida: “Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi unga qiylanib homilador bo‘ldi va uni qiylanib tug‘di. Va uning homilasi va ko‘krakdan ajratishi o‘ttiz oydir.” Ushbu oyati karimada ota-onaga yaxshilik qilishga targ‘ib o‘laroq, homiladorlik onaga katta mashaqqat davri bo‘lishi, dunyoga keltirish vaqtida juda qattiq qiynalishi va chaqoloqlik vaqtida ko‘krak tutib parvarish qilishi ham bayon qilinmoqda. Bu oyati karimani Imom Buxoriydan rivoyat qilingan hadisi sharif go‘yo sharhlab beradi. Hadisda shunday marhamat qilinadi: “Bir kishi Payg‘ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, odamlar ichida yaxshilik qilishimga kim haqliroq?” deb so‘rabdi. Ul zot: “Onang”, debdilar. U kishi: “So‘ngra kim?” debdi. Ul zot: “Onang”, debdilar. U kishi: “Yana kim?” debdi. Payg‘ambar alayhissalom: “Onang”, debdilar va nihoyat to‘rtinchi marta so‘raganida, “Otang”, debdilar”. Bu hadisning negizida ulkan hikmat yotadi. Birinchi yaxshilikni onaga qilishning hikmati shuki, ona homilador bo‘lganida mashaqqatli kunlari boshlanadi, ko‘ngli ayniydi, zaiflashadi, homila katta bo‘lgani sari mashaqqat ham ortib boradi, to‘qqiz oy qiynalsada homilani qornida asrab-avaylab yuradi. Bu qiyinchiliklarni faqatgina onalik mehri yengillashtirishi mumkin. Ikkinchi bor onanga yaxshilik qil deyishlaring hikmati, ona farzandini to‘g‘ishda qancha to‘lg‘oqlar va og‘riqlarga duch keladi, hatto o‘lim bilan ham olishib farzandini dunyoga keltiradi. Farzand ana shunday qiynoqlarga dosh berib tuqqan onasiga qancha yaxshilik qilsa ham oz. Uchinchi bor ham onanga yaxshilik qil deyishlaring hikmati shu ekanki, tug‘ilgan bola hali tishi yo‘q, ovqat chaynab yeyaolmaydi, qo‘lidan hali hech narsa kelmaydi. Anashunday holda ona ko‘krak tutib to bola tishi chiqib o‘zi ovqat yeydigan bo‘lgunicha emizib katta qiladi. Bizni anashunday qiyinchilik bilan dunyoga keltirib, ko‘krak tutib, kechalari uxlamay parvona bo‘lib ulg‘aytirgan onamizga, o‘zi yemay yedirgan, o‘zi o‘qimay o‘qitgan, o‘zi kiymay kiydirgan, faqat farzandi uchun yelib yugurgan otamizga qancha yaxshilik qilsak ham oz.

Bir kuni Jahima Sulamiy roziyallohu anhu Nabiy sollollohu alayhi va sallamdan urushga borish uchun izn so‘raydi. Shunda Nabiy alayhissalom undan “Onang bormi?” deb so‘raydilar. U: “Ha”, deydi. Shunda u zot: “Onangni lozim tut. Albatta, jannat uning oyog‘i ostidadir”, deydilar.

Demak, kishi onasiga yaxshilik qilish, uning xizmatini qilish borasida xuddi uning oyoqlari ostidagi taproq kabi bo‘lishi, unga qiladigan yaxshiligini boshqa bandalarga qiladigan yaxshiligidan ustun qo‘yishi lozim. Ayniqsa ota-onalar keksayib qolgan bo‘lsalar ularga mehribon, shirinsuxan  bo‘lib xizmatlarida bo‘lish farzand uchun muhim vazifadir. Bu vazifani esa mehribon Robbimiz bandalariga yuklagandir. Bu haqda “Isro” surasining 23-oyatida shunday deyiladi: “Robbing faqat uning o‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga “Uff” dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt!”.

Bu oyatda Allohga ibodat qilishdan keyingi o‘rinda ota-onaga yaxshilik qilish turishi haqida aytilmoqda. Bu ikki hukmning bir oyatda, bir jumlada bayon qilinishining o‘ziyoq Islomda ota-onaning haqqi qanchalik ulug‘ ekanini ko‘rsatadi.

 

Hasanov Abdug‘ani - Samarqand shahar "Shohi Zinda" jome masjidi imom noibi


Kiritilgan vaqti: 11/11/2021 06:45;   Ko‘rilganligi: 1921
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/islomda-dinida-ota-onaga-yaxshilik-qilish
Chop etilgan vaqti: 17/05/2024 08:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing