Islomda bag‘rikenglik
Islom o‘zining ilk davridayoq bag‘rikenglik dini sifatida namoyon bo‘ldi. Jahon dinlarining ichida faqat Islomda e'tiqod erkinligi ochiq-oydin e'lon qilingan: Baqara surasining 256-oyatida: «Dinda zo‘rlash yo‘q»-deyilgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v) bu borada islom ummatigagina emas, butun insoniyatga ibrat-namuna bo‘ldilar. U zot Madinaga hijrat qilganlarida davlat ishlaridagi birinchi ishlari o‘sha yerlik yahudiylar bilan ularning aqidalarini hurmat qilishga asoslangan ahdnoma tuzish bo‘ldi. Janob Rasululloh ahli kitobdan bo‘lgan qo‘shnilari bilan yaxshi munosabatda bo‘lar, hadya berib, ulardan ham qabul qilardilar. Madinaga Habashiston nasroniylarining vakillari kelganida, ularni masjidga tushirib ziyofat berdilar va xizmatlarini qildilar. Hattoki Najron nasroniylari kelganida, ularga masjidning bir tomonida ibodat qilishga ijozat berdilar. Rasululloh o‘zlari namuna bo‘lgan holda butun ummatni insonlar o‘rtasidagi munosabatda halimlikka, bag‘rikenglikka chaqirdi.
Islomning bag‘rikengligini hatto boshqa din vakillari ham e'tirof etadi. Jumladan, dastlab rohib bo‘lgan angliyalik tarixchi Karen Armstrong “Muqaddas urush” kitobida shunday yozadi: “Muhammad alayhissalom faqatgina Makka mushriklari bilan emas, bir paytning o‘zida mahalliy yahudiy qabilalari va ular bilan til biriktirib hujumni rejalashtirgan Shom nasroniylari bilan ham urushishga majbur bo‘lgan edi. Ammo bu uning qalbida dushmanlariga nafrat tug‘dirmadi, uni ahli kitobni (yahudiy va nasroniylarni) la'natlashga olib kelmadi. Musulmonlar hayotlarini himoya qilishga majbur bo‘lishdi. Shunday vaziyatda ham, insonparvarlikni unutishmasdi. Ular diniy xizmatchilarni, rohiblarni bezovta qilishmasdi, urushda qatnashmayotgan, ojiz kishilar, ayollar, yosh bolalar, keksalarga tegmas, ularga zarar yetkazmas edi. Ular tinch aholini o‘ldirishmagan, bino va uy-joylardan hech birini vayron qilmagan”.
Islomda bag‘rikenglik masalasi juda muhim o‘rin tutadi. Islom kishilarni birdamlikka, yaxshilikka, ahillikka chaqiradi. Alloh taolo Qur'oni karimning «Hujurot» surasida: “Ey insonlar, men sizlarni har xil elatlar, xalqlar qildim, bir-birlaring bilan tanishinglar, ma'rifat hosil qilinglar deb”, deya marhamat qiladi. Darhaqiqat, Islomda zo‘ravonlik, o‘zgaga zulm yetkazish yo‘q. Hattoki insonlarni dinga zo‘rlik bilan chaqirish ham mumkin emas. Haqiqiy musulmon, o‘zini Islomda deb bilgan kishilarning shiori tinchlik bo‘lishi kerak. Musulmon odam, hadisga muvofiq, o‘zgalarga tili bilan ham, qo‘li bilan ham ozor yetkazmasligi kerak. Aksincha, mo‘min odam atrofdagilarga faqat manfaat yetkazishi zarur. Payg‘ambar alayhissalom: “Din bu - husni xulqdir”, deganlar. Ya'ni din bu odobdir, axloqdir, insoniylikning go‘zal tajassumidir.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, Bag‘ri kenglik va osonlik Islom shariatining eng ulkan maqsadidir. Bu ma'noni ta'kidlovchi hujjat va dalillar ko‘p. Bag‘rikenglik inson tabiatiga bog‘liq narsadir. Alloh insonni xuddi shu tabiat ila yaratgan. Insonning sof tabiati shiddat va qiyinchilikni yoqtirmaydi. U doimo osonlik va yumshoqlikka moyil bo‘ladi. Alloh taolo: «Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganing-da, atrofingdan tarqab ketar edilar», degan (Oli Imron. 159-oyat).
Islomning bag‘rikenglik va osonlik sifati o‘zi yetib borgan yerlarda keng tarqalishi va boqiy qolishiga sabab bo‘ldi. Islom dinini talablarini to‘liq anglagan ajdodlarimiz tarixini o‘rganadigan bo‘lsak, yurtimizda xech qaysi davrda nasroniylarning cherkovi, yahudiylarning sinagogi yoki boshqa ibodatxonalar vayron etilmagan, islom o‘lkalarida har bir din vakiliga erkinlik ta'minlangan, birorta shaxs tomonidan o‘z aqidasini boshqalarga majburan singdirilishiga yo‘l qo‘yilmagan. E'tirof etish kerakki, bag‘rikenglik borasida o‘zbek zamini azaldan namuna bo‘lib kelgan.
A.Alimov Payariq tumani “Olimshayx” jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 16/06/2020 15:39; Ko‘rilganligi: 2587
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 13:38