Islom va konstitusiya
Asosiy Qonunimizda uch ming yillik milliy davlatchilik hamda dunyo qonunchilik tajribasi, xalqaro inson huquqlari mezonlari mujassamlashgan. Qonunimizda davlat xalqning irodasini ifoda etishi, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat muassasalari va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldida mas'ulligi belgilab qo‘yilgan.
Bu qoida Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning quyidagi hadisi shariflariga hamohangdir: «Har biringiz mutasaddisiz, har biringiz qo‘l ostingizdagilar uchun mas'ulsiz. Har bir rahbar insonlar ustidan mutasaddidir va ular uchun mas'uldir. Er o‘z ahli ayoli va qo‘l ostidagilar ustidan mutasaddidir va ular uchun mas'uldir. Xotin erining uyida mutasaddidir va qo‘l ostidagilar uchun mas'uldir. Qul xojasining moliga mutasaddidir va uning uchun mas'uldir. Har biringiz qo‘l ostingizdagilar uchun mas'ulsiz» (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo Islom dinini, O‘zining shariatini ikki dunyoda insoniyatning baxt-saodatini ta'minlash uchun joriy qilgan. Islom dinining barcha ta'limotlari, qonun-qoidalari beshta asosiy maqsadni ko‘zda tutadi:
1) insonning hayotini;
2) aqlini;
3) dinini;
4) naslini;
5) mol-mulkini muhofaza qilish.
Ishonch bilan aytamizki, O‘zbyokiston Respublikasi Konstitusiyasi ushbu maqsadlarning barchasiga muvofiq, uyg‘un va hamohangdir. O‘zbekistonning Asosiy Qonuni ushbu muhim vazifalarni hayotga tatbiq etishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotir.
Unda inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qiymati, diniy e'tiqodi va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Konstitusiyamizda jinsi, millati, dini, irqi, yoshi, e'tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, barcha fuqarolar teng huquqli deb e'lon qilingan bo‘lib, unda inson huquqlari va e'tiqod erkinligini kamsitish qat'iy qoralangan.
Vatanimizda yashovchi barcha fuqarolar ushbu Qomusda belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklardan keng va to‘liq foydalanmoqdalar.
Bosh Qomusimiz nafaqat xalqchil tamoyillarga, balki ming yillar davomida rivojlanib kelgan milliy ma'naviyatimiz asoslariga ham tayanadi. Zero, har bir millat o‘zining ruhiy e'tiqodiy ildizlaridan uzilsa, inqirozga uchrashi tabiiy.
Huquq, erkinlik, avvalo, insonga Alloh taolo tomonidan berilgan eng oliy tuhfa. Inson hayotini mazmunli va chiroyli o‘tkazishi uchun qonun qoidalarga bo‘ysunishi kerak. Yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro Konstitusiyamizda belgilangan barcha qoidalar doirasida harakat qilmog‘i lozim.
Rahmatulloh domla SAYFIDDINOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 07/12/2021 15:36; Ko‘rilganligi: 840
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:19