ISLOM - TINCHLIK, BAG‘RIKENGLIK VA MA'RIFAT DINI (5-maqola)
Islom tinchlik, xotirjamlik va mohiyatan yengillik dinidir. Uning e'tiqod qiluvchilarga faqat yengillikni ravo ko‘rishi mo‘tabar manbalarda yetarlicha bayon etilgan. Ma'lumki, shariat ahkomlarini joriy etish Alloh yoki U izin bergan payg‘ambarlarga xos. Boshqa hech kim, biror-bir sababga ko‘ra bu ishni amalga oshirishi, bandalar ustiga shar'iy amrni joriy qilishi mumkin emas. Payg‘ambar Muhammad (alayhissalom) ham o‘z ummatlariga doim yengillik, osonlik, o‘rtahollikni istab kelganlar.
Islomning yengil din ekani, uni qiyinlashtirish, unga o‘zgacha talqin va qarashlar olib kirish qoralanishi Qur'on oyatlari va hadislarda atroflicha yoritilgan. Jumladan, Qur'oni karimda bunday deyiladi: «Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi» (Bakqra, 185). «Alloh sizlarga (shariat ahkomlarini) engillatishni xohlaydi. Axir, inson zaif yaratilgan-da!» (Niso, 28). Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: «Albatta, din yengildir. Kimda-kim uni (o‘zicha) og‘irlashtirsa, din uni albatta mag‘lub qiladi». Shuningdek, Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda ham bunday deyiladi: «Osonlashtiring, qiyinlashtirmang! Qiziqtiring, bezdirmang!»
Lekin ekstremistik va terrorchi tashkilotlar o‘zlarining g‘arazli maqsadlaridan kelib chiqib, islom ta'limotining ayrim g‘oya va tamoyillari mazmun-mohiyatini bir yoqlama, noto‘g‘ri talqin qilib, odamlarni hidoyat yo‘lidan adashtirishga urinmoqda. «Biz islohotchilarmiz» deya iddao qilayotgan bunday oqimlar o‘zlarining qarashlari va amaliyotiga qo‘shilmaganlarni «adashganlar»ga chiqarmoqda. Natijada musulmon bo‘lmagan mamlakatlar aholisi o‘rtasida islomning «yovuzlik saltanati» va tahdid manbai sifatida qabul qilinishiga, «islomofobiya» («islomdan qo‘rqish», «islomdan dahshatga tushish»)ning turli ko‘rinishlari paydo bo‘lishiga ham zamin yaratmoqda. Bunday yondashuv va talqinlar jamiyatdagi ijtimoiy birlikka tahdid solib, ichki porokandalikni keltirib chiqarmoqda. Islom ulomolarining ko‘rsatmalarini inkor qilinishdan tap tortmaydigan, diniy birlik, aqidaviy yakdillikka real tahdid tug‘diruvchi, o‘zaro nizolarga ko‘milib ketgan guruhlar uchun g‘oyaviy zamin yaratmoqda.
O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov tayyorladi
Kiritilgan vaqti: 10/07/2020 09:03; Ko‘rilganligi: 3730
Chop etilgan vaqti: 19/05/2025 12:43