O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Islom terrorga qarshi

 
 

“Terror” so‘zi lug‘atda “qo‘rqitish, vahima solish” ma'nolarini anglatadi. Ko‘pchilik terrorni “O‘z maqsadiga erishish yo‘lida boshqalarning joni, moli va obro‘siga kuch va qurol ishlatish yo‘li bilan zarar yetkazish” deb atamoqdalar. Ba'zilar: “Terrorchi mavjud qonuniy tartib va butun madaniyatli dunyo bilan hamma aloqalarini uzgan kishidir…Uning uchun faqat bitta fan – yo‘q qilish, qirib tashlash fani bor xolos” demoqda.

“Terror” haqida yuqorida keltirilgan ta'riflar bilan tanishgan har qanday kishi Islom dini ta'limotlari bilan oz bo‘lsada xabardor bo‘lsa, dinning terrorga qarshi ekanligini bilib olishi mushkul emas. “Terror”ga berilgan birinchi ta'rifni esga olaylik - “qo‘rqitish, vahima solish”. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining ko‘p hadislarida musulmon kishini xoh hazil bo‘lsin, xoh jiddiy bo‘lsin o‘z birodarini qo‘rqitishdan qaytargan.

Imom Abu Dovud Abdurrahmon ibn Abu Laylodan rivoyat qiladi. U kishi dedilar: Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bizga gapirib berishdi. Ular Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga yo‘lga chiqqandilar. Ulardan bir kishi uxlab qoldi. Ularning ba'zisi borib uning arqonini olib qo‘ygandi, u qo‘rqib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon  uchun musulmonni qo‘rqitish halol emas”, dedilar.

“Boshqalarning joni, moli va obro‘siga kuch va qurol ishlatish yo‘li bilan zarar yetkazish” bilan mashg‘ul bo‘lishga muqaddas dinimizda quyidagicha munosabat bildiriladi.

Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir...” deyilgan Qur'oni karimning “Moida” surasi, 32-oyatida.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishiga mo‘min kishining uch narsasi harom: moli, qoni va obro‘si”, deb marhamat qilganlar. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir ahdlashgan jonni o‘ldirsa, jannatning hidini ham hidlay olmaydi. Albatta, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turur”, dedilar”. Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan.

Ushbu hadisdan kofir bo‘lsa ham, insonning joni Islom nazdida qanchalik qadr-qiymatga ega ekani ko‘rinib turibdi.

Hozirgi kunlarda din va boshqa maqsadlarni o‘ziga niqob qilgan terrorchi guruhlarning olib borayotgan ishlari “terror” so‘zi haqida berilgan ta'riflarga mos kelmoqda.    

Aslida islom dini terrorning manbasi emas, bu islomni noto‘g‘ri tushunish oqibatidir. Hozirgi davrda Islom dunyosining barcha olim va ulamolari hamkorlikda Islom ta'limotini sof holda asrab-avaylash, uning ahkomlarini buzib ko‘rsatishga harakat qilayotgan yovuz kuchlarga qarshi ma'rifiy uslublar bilan kurashishni yanada faollashtirishni zaruriy ishlardan deb hisoblaydilar. Biz ham bu fikrga qo‘shilib, yurtimizdagi tinch, osuda hayotni saqlash har birimiz uchun ham qarz, ham farz deb bilishimiz zarur. 


Kiritilgan vaqti: 18/07/2019 10:59;   Ko‘rilganligi: 1246
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/islom-terrorga-qarshi
Chop etilgan vaqti: 15/05/2024 07:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing