O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ISLOM MUTAASSIBLIKKA QARSHI.

 
 

Islom dini inson hayotining har bir jabhasini o‘zida mujassam etgan, har zamonga mos ezgulikka asoslangan bag‘rikeng, mo‘tadil dindir. Islom faqat diniy ahkomlardan iborat bo‘lgan din emas, balki u jamiyat ma'naviyati va ma'rifatini shakllantiruvchi hamda kamolga yetkazuvchi  hamda uning ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-ma'naviy talablarini qondiruvchi dindir. Ammo, islomiy arkonlarning ijrosi barobarida inson diniy ilmsizlik sababli ko‘plab muammolarga duch bo‘lishi tabiy holdir. Mana shu muammolardan biri mutaassiblik va dinda chuqur ketishdir.

Shariatimiz diniy mutaassiblikka va dinga chuqur berilishga doimo qarshi bo‘lgan. Muqaddas dinimizning asl manbalari bo‘lgan  Qur'oni karim oyatlari va hadisi sharifda dindagi bu bid'atlar qattiq qoralangan. Chunki, bu ikki illat turli zamonlarda turli nomlar ostida dinimizga tasvirlab berib bo‘lmas darajada zarar yetkazib, bu hol hozirda ham har xil jarangdor nomlar va shiorlar ostida davom etmoqda. 

Xo‘sh, diniy mutaassiblik, dinda chuqur ketish  nima? Dinimizning mazkur ikki illatga munosabati qanday?

Mutaassiblik – uning lug‘aviy ma'nosi biron e'tiqodga yoki dunyoqarashga o‘ta berilganlik, o‘z fikrida qat'iy turib olib, boshqalarning fikrini inobatga olmaslik hamda inkor qilish va hamisha o‘zini haq deb bilishlikdir. Hozirgi vaqtda bu “fanatizm” ham deyiladi. Mutassib (fanat) kishi  ko‘r-ko‘rona hox to‘g‘ri, hox noto‘g‘ri bo‘lsin o‘ziga ma'qul bo‘lgan bir fikrda mahkam turib, o‘zini fikrini haq, boshqalarning fikrini nohaq deb e'tiqod qilgan holda o‘z fikrini amalda ko‘rsatishga harakat qiladi.

Dinda g‘ulu ketish – “dinda chuqur ketish, diniy arkonlar va ibodatlarni bajarishda haddidan oshish, to‘g‘ri yo‘l deb noto‘g‘ri yo‘lga burilish” ma'nolarini anglatadi.

Oisha onamiz (r.a.)dan rivoyat qilingan quyidagi hadis buning dalilidir: “Bani Asad qabilasiga mansub bir ayol huzurimda o‘tirgan edi. Shu payt Rasululloh (s.a.v.) uyga kirib kelib: “Bu ayol kim”,-deb so‘radilar.  “Bu – o‘sha, kechasi uxlamay namoz o‘qib chiqadigan ayol”,-dedim. So‘ng, mazkur ayolning qanaqa namoz o‘qishi haqida so‘zlashdik.  Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Bunday qilmanglar, solih amallarni qurbingiz yetganicha ado etinglar, qancha ibodat qilsangiz ham Alloh taologa maol kelmaydi-yu, biroq o‘zingizga malol kelib qolmasin!”” –dedilar[1]. Hadisdan ma'lum bo‘ladiki, har bir insonga dinda chuqur ketib, yoxud mutassibona birorta farz qilinmagan  amalni o‘ziga vojib qilib olib, so‘ng bajarolmaydigan holatga tushib qolgandan ko‘ra dinda o‘rtachalik, ya'ni vasatiylik yo‘lini tanlab solih amallarda mudom bo‘lishi avloroq va yaxshiroq ekan. Payg‘ambarimiz s.a.v. mazkur hadislarida dinda chuqur ketishning oqibati yaxshi bo‘lmasligini ma'lum qilib, ibodatga oid amallardan toqat yetadiganini olishga buyurdilar.

Jumladan, ibodatlarning shartlarini bajarishda ham g‘ulu bo‘lib, ular dinimizda qattiq qoralanadi. Masalan, tahorat va g‘uslda Payg‘ambarimiz s.a.v.ning sunnatlarida ko‘rsatilgan me'yordan ortiq suv ishlatishni ulamolarimizning ayrimlari “isrof” desa, ba'zilari “g‘ulu”ning bir ko‘rinishi deb ham aytganlar. Shuningdek, g‘ulu amali insonning yeb-ichishi, kiyinishi va hatto kafanlanishida ham mavjuddir, zero, Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “(Mayyitni) kafanlashda haddingizdan oshmanglar”, deb buyurganlar.[2] 

Aslida Alloh taolo tomonidan nozil qilingan navqiron va muqaddas dinimiz – Islomning asosini tashkil qilgan amallar bandalarning toqatidan kelib chiqqan holda farz qilingan, ya'ni mo‘tadillik va bag‘rikenglikka asoslangan dindir.

“Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi. (Har kimning) qilgan (yaxshi) amali o‘zi uchundir va (yomon) amali ham o‘zining buynigadir. ....”[3]

Mazkur oyatda Alloh taolo insonlarni ibodatdan qurbi yetmaydigan narsaga buyurmaganligini xabar qilmoqda. Hatto shariat hukmlarining umumiy qoidalarini bajarishga toqati – qurbi yetmaydigan kishilar uchun ba'zi amallarning bajarilishida dinimizda istisnolar ham mavjudki, dinda chuqur ketgan, mutaassib kishilar shariatda berilgan bunday yengilliklarni tan olmaydilar va alaloqibat kechirilmaydigan gunohi kabiralardan biri –kibrga, ya'ni o‘z ibodatlari bilan mag‘rurlanish hissiga mubtalo bo‘ladilar. Barchamizni bu illatdan Alloh taolo  saqlagan bo‘lsin!

Alloh taolo Muhammad s.a.v.ning ummatini har bir ishda mo‘tadil bo‘lgan, adolatli ummat ekanligini ta'riflab shunday degan: “Shuningdek (ya'ni, haq yo‘lga hidoyat qilganimiz kabi), sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh bo‘lishingiz va payg‘ambar sizlarning ustingizda guvoh bo‘lishi uchun o‘rta (mo‘tadil, adolatli) bir millat qildik.”[4] Alloh taolo Muhammad s.a.v.ning ummatini o‘z kalomi sharifida alohida, xossatan ulug‘lab, ularni haqq yo‘l sari hidoyat qildik hamda amallarida mo‘tadil ummat qildik, deb ta'rifladi. Chunki, dinda chuqur ketish va ahkomlarda mutassibona amalda bo‘lish to‘g‘ri yo‘ldan adashish va halokatning asosiy omilidir. Ular sababli turli bid'at, xurofotlar paydo bo‘ladi, hatto shayton bu amallarni chiroyli ko‘rsatib qo‘yganligi oqibatida shirk amali sodir bo‘ladi. Bu holatni salaf avliyolar, piru ustozlarga sig‘inish, ularning so‘zini o‘zining voqe'likdagi holatiga to‘g‘ri kelsa-kelmasa ham hayotiga tatbiq qilishda kuzatish mumkin. Biz bu so‘zlarimiz bilan piru murshid azizlarimizga ta'na toshi otishdan yiroqmiz. Ul zotlarning Islom dini rivoji uchun, xalqimizning milliy o‘zligini shakllantirish uchun xizmatlari beqiyosdir. Ul zotlarga Payg‘ambarimizning  tirik siyratlari, deb ta'rif bersak xato bo‘lmas. Chunki, ular Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning xulqu siyratlarini o‘z hayotlariga tatbiq qilib, bu siyratni ummatga ham amaliy namoyon qilgan bu ummatning gultojlaridir. U zotlar sabab bu din ahkomlari, shariat odoblari qon-qonimizga singib, bizning milliy o‘zligimizga aylanganligini alohida ta'kidlash lozim. Ammo o‘zini tariqat sohibi, yoxud dinning asl jonkuyarlari sifatida nomoyon qilib, shariat ilmidan bexabar holda peshvolik talab qilayotgan, Alloh va payg‘ambarining buyrug‘i bir chetda qolib dinda bo‘lmagan toqatdan tashqari amallarni  targ‘ib qilayotgan kimsalarning “tariqat” nomi bilan ish yuritayotgani ko‘z yumib bo‘lmas holatdir. Asl maqsadi din rivoji va jamiyat musaffoligidan boshqa narsa bo‘lgan bunday “pir”larning yo‘li kesik, oqibati xorlikdan boshqa narsa emas.

      Juladan, Islom dinini o‘z qobig‘iga moslashga, yoxud unga “fundamentalizm”, “terrorizm” kabi nojoiz iboralarni yopishtirishga harakat qilayotganlar Islom dining asl mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilayotgan kishilardir. Xo‘sh,  muqaddas dinimizning asl mohiyati qanday? Nimalardan iborat? Buni  to‘g‘ri anglab yetish uchun yana Qur'on karim va hadisi sharifga murojaat qilamiz.

Alloh taolo o‘zining kalomi sharifida ro‘za ibodatining miqdori haqida ma'lum qilganidan keyin:

 “...Alloh sizlarga yengillikni istaydi, sizlarga og‘ir bo‘lishini istamaydi...”,[5]-deydi. Mazkur oyati karimani boshqa ibodatlarning bajarilish me'yoriga qiyosan olsak Islom dinining ahkomlari bandalar toqatidan kelib chiqqan holda farz qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Qur'oni karimning bir necha joyida mazkur ma'nodagi oyatlarni uchratish mumkin. Shariat va sunnatda zikri keltirilmagan amallarni hayotga joriy qilib, dinni boshqalarga qiyin ko‘rsatish janob Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning muborak so‘zlariga xilof bo‘lib,  to‘g‘ridan to‘g‘ri Alloh taoloning yuqorida zikr qilingan oyati karimasiga qarshi chiqishdir. Shundan keyin ham kimki to‘g‘ri yo‘l aniq bo‘lib, so‘ng o‘z havoyi xohishiga ergashsa, Alloh taolo uni yanada zalolatga boshlab adashtiradi, oxiratda esa u uchun Alloh taoloning alamli azobi bordir: 

“Kim haq yo‘lni aniq bilganidan keyin payg‘ambarga xilof ish qilsa va mo‘minlarning yo‘llaridan boshqa yo‘lga ergashib ketsa, biz uni ketganicha qo‘yib beramiz. So‘ngra jahannamga dohil qilamiz. Naqadar yomon joydir u!”[6]

Har qanday nom ostidagi zulm va zo‘ravonlik, jumladan kishining ibodat sababli o‘z jismiga zulm qilishi ham, e'tiqod va ibodatda mutaassibona yo‘lni tanlab dinda chuqur ketish ham, jinoyatlarning har qanday holati va ko‘rinishlari ham, garchi u Islom dini nomidan sodir bo‘layotgan bo‘lsada Islom aqidasi va ta'limotiga mutlaqo qarama-qarshidir. Musulmon kishi boshqa odamlarni shariatda buyurilmagan ishlarni buyurmaslikka hamda yomon ishlarni qilishdan qaytarishga mas'uldir hamda o‘zi ham jinoyat sanalgan amallarni sodir etishi mumkin emas. Har bir iymon-e'tiqodli insonnning burchi yer yuzida farovonlik va osoyishtalikni qaror toptirib, buzg‘unchilik va fasod ishlarga qarshi kurashmog‘i lozim.

Zero, Payg‘ambarimiz s.a.v.: “(Din arkonlarini) yengil qilib ko‘rsatinglar, og‘ir qilib ko‘rsatmanglar. (Dindagi) yaxshi, xushxabar narsalarni aytinglar, dindan nafratlantirib qo‘ymanglar”,-[7] deb marhamat qilganlar va bu dinni barcha bilan barobar baham ko‘rish lozimligini uqtiradilar. Payg‘ambarimiz s.a.v. dinda qanday yo‘l tutish lozimligi haqida shunday ko‘rsatma beradilar: “Din yengildir, hech kim uni qiyinlashtirib yubormasin, mabodo qiyinlashtirib yuborsa, din uni yengib qo‘yadi...”[8], ya'ni, farz qilingan ibodatlardan tashqari ibodatlarni va solih amallarni haddan ziyod o‘z zimmasiga yuklab olishi natijasida ularni bajara olmay hammasini tark etishga sabab bo‘ladi.

Bu so‘zlar bilan Islomga kiradigan kishining talabi bilan hisoblashgan holda unga dinni tushuntiring demoqchi emasmiz. Aksincha, uning toqatidan kelib chiqib, shariat ahkomlarini bayon qiling, toki u inson dinimizdan nafratlanib qolmasin, deymiz. Bu din navqiron, bag‘rikeng dindir. Uning dargohida shoh ham gado ham, faqiru dunyodor ham, gunohsizu gunohkor ham, olimu johil ham najot izlab, o‘z ehtiyojini  topish ilinjida ibodatga yuzlanishini unutmaslik lozim.

Payg‘ambarimiz s.a.v. dinda, e'tiqodda qay darajada bo‘lish zarurligini  ko‘rsatib: “Ishlarning yaxshisi – uning o‘rtachasidir”,-dedilar[9]. Sarvari  olam payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. shunday deb turganlarida boshqa yo‘lga ne hojat? Zero Payg‘ambarimiz s.a.v.: “Sizlarning yaxshilaringiz dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tark qilmaganlaringiz hamda insonlarga yuk bo‘lmaganlaringizdir”,[10] -degan muborak hadislari bilan musulmon kishini qanday umrguzaronlik qilishini ham belgilab berganlar.

Biz mutaassiblik va dinda chuqur ketish haqida so‘zimizni muxtasar qildik. Shunday bo‘lsada, o‘quvchi uchun bu borada kifoya qilgulik ma'lumotlarni berdik, deb umid qilamiz. Yuqorida keltirilgan oyat va hadislarni to‘g‘ri qabul qilib, har bir musulmon birodarimiz dindagi e'tiqodini xolislik bilan tanlasa, buning oqibati chiroyli bo‘ladi va albatta bu  jamiyatda ham o‘z samarasini namoyon qiladi. 

Imom Buzrujmehr o‘z asarini yozib tugallagandan keyin oxiriga: “Kishining bu masalalarni yod olib olim bo‘lishi ajablanarli emas, balki bu asarni yod olib olim bo‘lolmagan kishining holati ajablanarlidir”, -deb yozgan ekanlar.

 Yuqorida keltirilgan oyat va hadislardan o‘ziga ma'lum bilimni hosil qilgan kishining amaliga biz ham ajablanmaymiz, ammo ajab, bu oyat va hadislarni o‘qib o‘ziga yetarli xulosa ololmagan kishigadir. Alloh taolo barchamizni hidoyatga musharraf etib, to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin!

Nodir Qobilov, Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,

Payariq tuman “Sog‘ish ota” jome masjidi imom xatibi

[1] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahihi Buxoriy. “O‘zbekiston miliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. T.: 2008. 1-juz'. -B. 184. Imom Muslimda bu sahobiyaning ismi Havlo binti Nuvayt, deb keltirilgan.

 

[2] Mavahibu-l-jalil fiy sharhi muxtasari-sh-shayxi-l-Xalil. “Doru olami-l-kutub”  5-juz. Madina.: 2003. –B 460. 

[3] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri, ”Baqara ” surasining 286-oyat mazmuni.

[4] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri, ”Baqara ” surasining 143-oyat mazmuni.

[5] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri, “Baqara” surasi,185-oyat mazmunidan.

 

[6] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri,Niso surasi. 115-oyat.

[7] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahihi Buxoriy. “O‘zbekiston miliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. T.: 2008. 1-juz'. -B. 23, 2-juz, -B 392.

[8] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahihi Buxoriy. “O‘zbekiston miliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. T.: 2008. 1-kitob.  –B 16.

[9]  Muborak ibn Muhammad al-Jazariy. “Jomi'u-l-usul fiy ahadiysi-r-rasul”. “Doru-l-bayon” nashriyoti. 1972. 10-juz, -B 130. Mazkur hadisni Imom Bayhaqiy ham mursal holda “Shu'bu-l-iymon” asarida rivoyat qilgan.

[10]  Ali ibn Hisomiddin al-Hindiy. “Kanzu-l-a'mol”. “Muassasatu-r-risola” nashriyoti, Bayrut 1989. 3-juz, -B 428..


Kiritilgan vaqti: 24/09/2019 12:25;   Ko‘rilganligi: 2489
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/actual/islom-mutaassiblikka-qarshi
Chop etilgan vaqti: 16/05/2024 05:35
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing